Knutsen Interga qarshi halol o'yin bo'lishiga umid bildirdi

Norvegiyaning «Bude-Glimt» jamoasi bosh murabbiyi Kjetil Knutsen Chempionlar ligasi pley-offidagi «Inter»ga qarshi ilk uchrashuv oldidan fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mutaxassis o'yinda halollik ustuvor bo'lishi kerakligini ta'kidladi. Knutsen bu gaplari bilan «Inter» himoyachisi Alessandro Bastonining «Yuventus»ga qarshi so'nggi bahsda muhokamalarga sabab bo'lgan harakatlariga ham ishora qildi.
«Samimiy aytaman, toza va halol o'yin ko'ramiz, degan umiddaman. Hozirgi futbolda “iflos” usullar ham natija berishi mumkin, ammo futbol boshqacha ishlashi kerak. Biz bu uchrashuvga juda puxta tayyorlandik. “Inter” — katta tajribaga ega jamoa, bizga bor imkonini ko'rsatadi. Biz esa o'yinni nazorat qilishga va maydonda imkon qadar erkin harakat qilishga e'tibor qaratamiz», — deya Knutsen so'zlarini keltiradi CalcioMercato.
Uchrashuv 18 fevral kuni bo'lib o'tadi va start hushtagi 01:00 da (Toshkent vaqti bilan) yangraydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!