Amerikalik grossmeyster eʼtirofi: Oʻzbekiston shaxmati juda tez oʻsmoqda

Amerikalik taniqli grossmeyster Fabiano Karuana shaxmat rivojida davlatlarning roli haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning taʼkidlashicha, bu sport turi nafaqat intellektual oʻsish, balki strategik fikrlashni shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Karuananing aytishicha, AQShda shaxmat asosan xususiy sektor hisobiga rivojlanmoqda. Davlat tomonidan bu sohada katta ishtirok kuzatilmaydi va koʻp jihatdan homiylar yordamiga tayaniladi.
"Shaxmat juda foydali. Ammo AQShda hukumat bu jarayonda deyarli ishtirok etmaydi va biz koʻproq xususiy homiylarga tayanamiz", — dedi Karuana.
Yevropa davlatlarida esa vaziyat boshqacha. U yerda hukumatlar shaxmatni qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etadi, bu esa natijalarga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Davlat darajasidagi eʼtibor va investitsiya — oʻsishning asosiy drayveri sifatida qayd etildi.
"Yevropada davlatlar bu sohada ancha faol. Bu esa rivojlanishga bevosita taʼsir qiladi", — dedi Karuana.
Soʻnggi 20 yil ichida eng katta taraqqiyotga erishgan mamlakatlar sifatida Karuana Oʻzbekiston va Hindistonni alohida tilga oldi. Ushbu davlatlarda shaxmatga boʻlgan munosabat, infratuzilma va qoʻllab-quvvatlash darajasi yuqori ekani qayd etildi.
"Soʻnggi 20 yilda eng katta oʻsishga erishgan davlatlar Oʻzbekiston va Hindiston boʻldi. Ularda shaxmatga davlat tomonidan katta eʼtibor va sarmoya qilinadi, natijalar esa koʻrinib turibdi", — dedi Karuana.
Ayniqsa, Oʻzbekiston misoli Karuanani hayratga solgan. Uning fikricha, hududi katta boʻlmaganiga qaramay, mamlakat jahon miqyosida kuchli grossmeysterlarni yetishtirishga muvaffaq boʻlmoqda.
"Oʻzbekiston katta davlat boʻlmasa ham, dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini yetishtira olmoqda", — dedi Karuana deya uning soʻzlarini keltiradi UzChess.
Qisqacha aytganda, shaxmatda “resurs + strategiya = natija”. Oʻzbekiston esa bu formulani juda toʻgʻri ishlatyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!