"Manchester Yunayted" Rafael Leao uchun 52 mln funt tikmoqda

"Manchester Yunayted" klubi "Milan" hujumchisi Rafael Leaoni sotib olish bo'yicha harakatlarini faollashtirdi. Ingliz klubi skautlari Italiya chempionatining navbatdagi turida portugaliyalik futbolchining o'yinini bevosita stadiondan kuzatib borishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Milan" va "Yuventus" o'rtasidagi uchrashuvda 81 daqiqa harakat qilgan 26 yoshli hujumchi maydonni muxlislar hushtakbozligi ostida tark etdi. Italiya matbuotining yozishicha, milanliklar rahbariyati moliyaviy holatni yaxshilash uchun yulduz futbolchini sotishga tayyor.

Hozirda Leaoning transfer qiymati 52 million funt sterlingga baholanmoqda. Bu summa Yevropaning ko'plab grand klublari uchun qulay imkoniyat sifatida ko'rilmoqda, chunki futbolchi ham qanotda, ham markaziy hujumda samarali o'yin ko'rsata oladi.
Transfer eksperti Fabrisio Romano bir necha Premyer-liga klublari futbolchining holati bo'yicha so'rov yuborganini tasdiqladi. Hozircha rasmiy muzokaralar boshlanmagan bo'lsa-da, yozgi transfer oynasi uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

"Manchester Yunayted"dan tashqari, Leaoga "Barselona", "Liverpul" va Saudiya Arabistoni klublari ham qiziqish bildirmoqda. Maykl Kerrik boshqaruvidagi jamoa Chempionlar ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritsa, ushbu transferni amalga oshirish imkoniyati yanada ortadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!