Borussiya Bundesligadagi 16 o'yinlik mag'lubiyatsiz seriyasini to'xtatdi

Germaniya Bundesligasining 24-turidan o'rin olgan bahsda Dortmundning «Borussiya» jamoasi kuchli qarshilik ko'rsatganiga qaramay, Myunxenning «Bavariya» klubiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Natijada «Borussiya»ning chempionatdagi mag'lubiyatsiz yurishi yakuniga yetdi. Uchrashuvgacha bu seriya Yevropaning beshta yetakchi ligasi orasida davom etayotgan eng uzun ko'rsatkich bo'lib, dortmundliklar Bundesligada 16 o'yin ketma-ket yutqazmagandi.
Qizig'i shundaki, ushbu seriya ham aynan «Bavariya»ga qarshi o'yindan keyin boshlangan: 7-turda myunxenliklar 2:1 hisobida g'alaba qozongan, shundan so'ng «Borussiya» kechagi oqshomgacha mag'lub bo'lmay kelgandi.
Keyingi turda «shmelar» safarda «Kyoln»ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 7-mart kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!