Anvar Sobirov to‘ylar haqida ochiq gapirdi: “Charchadim”

Anvar Sobirov to‘ylar haqida ochiq gapirdi: “Charchadim”
Qisqacha

Taniqli xonanda Anvar Sobirov "Xush kelibsiz" ko‘rsatuvida ishtirok etib, so‘nggi paytlarda to‘ylarga chiqishni sezilarli darajada kamaytirganini ma’lum qildi. San’atkorning ta’kidlashicha, bugungi kunda to‘y egalari sifatli qo‘shiqdan ko‘ra ko‘proq shou va raqsga tushishni talab qilayotgani uni ijodiy jihatdan charchatgan. Sobirov o‘z repertuari zamonaviy talablarga har doim ham mos kelmasligi va tinglovchilarning e’tiborsizligi unga ruhiy noqulaylik tug‘dirishini ochiq bayon etdi. Xonanda shunchaki odamlarni o‘ynatish uchun emas, balki chin dildan qo‘shiq aytishni afzal ko‘rishini qo‘shimcha qildi.

Xorazmlik taniqli xonanda Anvar Sobirov “Xush kelibsiz” ko‘rsatuvining navbatdagi mehmoni bo‘lib, to‘ylarga chiqish masalasida ochiq va samimiy fikr bildirdi. San’atkor so‘nggi paytlarda to‘ylarda kamroq qatnashayotganini ma’lum qildi.

“Men aslida to‘ylarga borishni deyarli yig‘ishtirganman. To‘liq emas, albatta, lekin ancha kamaytirganman,” — dedi xonanda.

Boshlovchi uning bu qarori sababini so‘rab, “Charchadingizmi? Odamlardanmi yoki munosabatlardanmi?” deya savol yo‘lladi.

Sobirov esa bu holatni boshqacha izohladi:

“Ha, charchadim. Lekin odamlar yoki munosabatlardan emas. To‘yga borasiz, ba’zida noqulay vaziyatlar yuzaga keladi. Bugungi kundagi qo‘shiqlarga bo‘lgan talabga mening repertuarim har doim ham mos kelavermaydi. Ba’zida boshqasiga almashtiring, degandek imo-ishoralar bo‘ladi.

Ochig‘ini aytsam, ko‘pchilik qo‘shiqni tinglamaydi — ularga ko‘proq shou kerak. Men esa shou ko‘rsatadigan xonanda emasman, men qo‘shiq aytaman. Qo‘shiqlaringizga odamlar raqsga tushmasa, kayfiyat ham tushib ketadi. Olingan haq ham tatimaydi. Shundan keyin uyda bir necha kun o‘zingizga kelolmay yotasiz.

Albatta, odamlarni o‘ynatishning yo‘llari bor. Lekin u yerda qo‘shiq aytilmaydi,” — deya fikrlarini yakunladi san’atkor.

Xonandaning bu samimiy e’tiroflari muxlislar orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Charos
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar