Robert Lewandowski Barselonadagi xayrlashuv oqshomida ko‘z yoshlarini tiya olmadi

Robert Lewandowski yakshanba kuni Real Betisga qarshi kechgan bahsdan so‘ng Barselona muxlislari bilan juda ta’sirli tarzda xayrlashdi. Spotify Camp Nou stadionida o‘tgan uchrashuv polshalik hujumchi uchun kataloniyaliklar safidagi so‘nggi uy uchrashuvi bo‘ldi. Muxlislarning olqishlari va o‘z ismini hayqiriqlar bilan qo‘llab-quvvatlashlari futbolchini ko‘z yoshlariga sababchi bo‘ldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Bosh murabbiy Hansi Flick 83-daqiqada Lewandowskini zaxiraga oldi, bu esa tajribali hujumchiga stadionni alohida hurmat bilan tark etish imkonini berdi. Garchi u o‘yinda gol ura olmagan bo‘lsa-da, o‘yin tugaganidan keyin ham muxlislar stadionni tark etmay, o‘zlarining sevimli 9-raqamli futbolchisini olqishlashda davom etishdi.
O‘yindan so‘ng oilasi bilan maydonga chiqqan Robert Lewandowski muxlislarga murojaat qilib, Barselonadagi faoliyati davomida o‘zini uyidagidek his qilganini ta’kidladi. U klub bilan birga yetti sovrinni qo‘lga kiritganini va bu missiya yakuniga yetganini qayd etib, Barselona har doim uning qalbida qolishini aytdi.
Hansi Flick o‘z shogirdini haqiqiy professional va yoshlar uchun o‘rnak bo‘la oladigan futbolchi deb atadi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Lewandowski kabi saviyali hujumchini topish va uning o‘rnini to‘ldirish klub uchun juda qiyin vazifa bo‘ladi, chunki u o‘tgan o‘n yillikning eng yaxshi hujumchisi hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!