Neymar Santos o‘yinida xatolik tufayli almashtirilgach, g‘azab otiga mindi

Braziliyalik yulduz Neymar Jr yakshanba kuni Santos va Koritiba o‘rtasidagi bahsda yuz bergan tushunmovchilik sababli maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Santos 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgan uchrashuvning ikkinchi bo‘limida, Neymar jarohati sababli maydon tashqarisida tibbiy yordam olayotgan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Murabbiylar shtabi hakamga 31-raqamli futbolchi Eskobarni almashtirish haqida qog‘oz topshirgan bo‘lsa-da, to‘rtinchi hakam xatolik tufayli Neymarning 10-raqamini ko‘rsatib yubordi. Vaziyatdan bexabar bo‘lgan Neymar maydonga qaytmoqchi bo‘lganida, o‘rniga Robinho Jr tushirilganini ko‘rib, qattiq g‘azablandi.
Neymar hakamlar qaroriga keskin norozilik bildirib, almashtirish qog‘ozini tortib oldi va unda 31-raqam yozilganini kameralarga ko‘rsatib, to‘rtinchi hakamni aybladi. Ushbu voqea Santos uchun omadsiz kechgan kunning bir qismi bo‘ldi, chunki jamoa o‘z uyida Koritibaga qarshi o‘yinda yirik hisobda taslim bo‘ldi.
O‘yin davomida Santos futbolchisi Luan Peres jiddiy jarohat olib, maydonni tez yordam mashinasida tark etdi, shuningdek, Alvaro Barreal qizil kartochka olib, jamoasini bir kishi kam bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ldi. Natijada, Santos turnir jadvalida 16-o‘ringa tushib ketdi.
Endilikda Neymar Braziliya terma jamoasi murabbiyi Karlo Anchelotti uni bo‘lajak o‘yinlar uchun tarkibga kiritish-kiritmasligini kutmoqda. Futbolchining maydon chetidagi bu hissiyotli chiqishi uning terma jamoadagi kelajagiga ta’sir qilmasligiga umid qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!