date

Ahror Ravshanbekov Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham gol urishni xohlamoqda...

U17 Osiyo Kubogida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘z yurishini ishonchli davom ettirmoqda. Vakillarimiz avval Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, keyin esa chorak finalda Janubiy Koreyaga qarshi haqiqiy xarakter namoyish etib, yarim finalga chiqdi.

Koreyaga qarshi bahs 2:2 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa o‘zbekistonlik yosh futbolchilar sovuqqonlik ko‘rsatib, muhim g‘alabani ilib ketdi. Endi Sergey Chigodayev shogirdlarini final yo‘llanmasi uchun Yaponiyaga qarshi yana bir katta sinov kutmoqda.

Ushbu musobaqada O‘zbekiston tarkibida “Andijon” futbolchisi Ahror Ravshanbekov alohida ajralib turibdi. U Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvda dubl qayd etdi va jamoasining yarim finalga chiqishida katta hissa qo‘shdi. Hozirgacha 4 ta gol urgan yosh hujumchi musobaqa to‘purarligi uchun ham jiddiy da’vogarga aylangan.

“Andijon” klubi matbuot xizmati Ahror Ravshanbekov bilan suhbatlashdi. Futbolchi Koreyaga qarshi o‘yin oldidan jamoa g‘alabaga ishonganini va endi bor e’tibor Yaponiyaga qarshi yarim finalga qaratilganini aytdi.

“O‘yinda g‘alaba qozonishimizga ishongandik. Albatta, yutganimizdan juda xursand bo‘ldik. Endi yarim finalda Yaponiya bilan o‘tadigan uchrashuvga nastroy qilyapmiz”, — dedi Ravshanbekov.

Koreyaga qarshi ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan Ahror bu o‘yinda aslida xet-trik qilishni maqsad qilganini ham yashirmadi. Uning aytishicha, mazkur chempionatdagi asosiy shaxsiy maqsadlaridan biri — to‘purar bo‘lish.

“Bu chempionatdagi maqsadim to‘purar bo‘lish. Aslida Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda xet-trik qilish maqsadim bor edi. Mayli, ikkita gol urish yozilgan ekan, ikkita to‘p kiritdim”, — dedi u.

Yosh futbolchining hozirgacha urgan gollari soni 4 taga yetdi. Ravshanbekov bu natijani faqat omad bilan bog‘lamasligini, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, shu yo‘lda mehnat qilayotganini ta’kidladi. U Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham dubl yoki xet-trik qilishga harakat qilishini aytdi.

“Oldimizda yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘yin kutib turibdi. Ushbu o‘yinda ham dubl yoki xet-trik qilishga harakat qilaman. Faqat omad bilan bog‘liq emas. Men o‘z oldimga maqsad qo‘yganman va shuning uchun qattiq mehnat va harakat qilyapman”, — dedi Ahror.

Yaponiyaga qarshi bahs haqida gapirar ekan, u jamoa ushbu uchrashuvga 100 foiz tayyor ekanini bildirdi. Ravshanbekov murabbiylar ko‘rsatmalari asosida harakat qilib, g‘alaba qozonish va finalga chiqish asosiy maqsad ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston U17 terma jamoasi allaqachon Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ammo futbolchilarning rejasi shu bilan cheklanmaydi. Ravshanbekovning aytishicha, jamoa Osiyo Kubogida finalga chiqib, chempionlikni qo‘lga kiritishni istamoqda.

“Albatta, Jahon chempionatiga chiqqanimizdan baxtiyormiz. Lekin bizning maqsadimiz shu bilan tugamagan. Osiyo Kubogida finalga chiqib, chempionlikni qo‘lga kiritish asosiy vazifamiz”, — dedi u.

Yosh futbolchi Koreyaga qarshi o‘yindan keyin ilk tabriklarni ota-onasi, amakilari, do‘stlari va yaqinlaridan olganini ham aytib o‘tdi. Shuningdek, u Andijon xalqi va barcha muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi futbolchilarga katta kuch berayotganini ta’kidladi.

Ravshanbekovning fikricha, Jahon chempionati yo‘llanmasidan keyin jamoadagi ishonch yanada oshgan. Ayniqsa, Koreyaga qarshi dramatik g‘alaba futbolchilarga katta ruhiy turtki bergan.

“Jamoamizning o‘ziga ishonchi ancha oshdi. Koreyaga qarshi o‘yindan keyin ham o‘zimizga bo‘lgan ishonch yanada kuchaygan. Xudo xohlasa, Yaponiyani yutsak va maqsadimizga erishsak, Osiyoda eng zo‘ri bo‘lamiz”, — dedi Ahror.

U chorak final va yarim final kabi o‘yinlar deyarli finalga teng ahamiyatga ega ekanini ham qayd etdi. Janubiy Koreya kuchli raqib bo‘lgani kabi, Yaponiya ham juda yaxshi formada kelayotganini ta’kidladi.

Qisqasi, O‘zbekiston U17 terma jamoasi katta ishonch bilan yarim finalga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ahror Ravshanbekov esa o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan: to‘purar bo‘lish, Yaponiya darvozasiga ham gol urish va jamoasi bilan Osiyo chempioniga aylanish. Yoshlarimizda ishonch bor, xarakter bor, endi faqat maydonda yana bir bor isbotlash qoldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Ahror Ravshanbekov Yaponiyaga qarshi o‘yinda ham gol urishni xohlamoqda...