Liverpul kutilmaganda Arne Slot bilan xayrlashdi

Shanba kuni Liverpul jamoasi barcha uchun kutilmagan qarorni e’lon qildi: bosh murabbiy Arne Slot o‘z lavozimidan ozod etildi. Mavsum yakunlari biroz ko‘ngildagidek chiqmagan bo‘lsa-da, klub rahbariyati avvalroq niderlandiyalik mutaxassis kelgusi mavsumda ham jamoani boshqarishini ta’kidlagan edi. Biroq so‘nggi natijalar rahbariyatni fikridan qaytishga majbur qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Fabrizio Romano bergan ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda Liverpul bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod Andoni Iraola bo‘lib turibdi. Qizig‘i shundaki, Iraola ayni damda Bavariya va boshqa top-klublar qatori Bayer Leverkusenning ham qiziqishlar doirasiga tushgan edi. Uning AFC Bournemouth bilan shartnomasi yakuniga yetmoqda va u so‘nggi yillarda ko‘rsatgan natijalari bilan ko‘plab grandlar e’tiborini tortdi.
"Bu klub uchun juda qiyin qaror bo‘ldi," — deyiladi Enfild klubi bayonotida. "Arne Slotning Liverpul rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyos va muvaffaqiyatli bo‘ldi. U erishgan yutuqlar uchun minnatdorchiligimiz cheksiz." Eslatib o‘tamiz, Slot o‘zining debyut mavsumidayoq Jürgen Kloppdan keyingi og‘ir merosni qabul qilib, jamoani chempionlikka yetaklagan edi.
O‘tgan transfer oynasida klub Florian Virts, Alexander Isak va Jeremie Frimpong kabi yulduzlar uchun qariyb 500 million yevro sarflaganiga qaramay, jamoaviy o‘yin kutilgan darajada shakllanmadi. Liverpul Angliya Premer-ligasi mavsumini beshinchi o‘rinda yakunladi va Chempionlar ligasi chorak finalida Pari Sen-Jermen jamoasiga imkoniyatni boy berdi.
Shuningdek, jamoaning ichki kuboklardagi ishtiroki ham omadsiz kechdi. Angliya kubogi chorak finalida Manchester Siti jamoasidan qabul qilingan 4:0 hisobidagi mag‘lubiyat va Liga kubogidagi muvaffaqiyatsizliklar Slotning ketishini tezlashtirdi. Endilikda mersisaydliklar yangi davrni boshlash arafasida turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!