Rayhon Namangandagi Gullar festivalida qizil libosda barchani rom etdi

Bugun, 24 may kuni Namangan shahrida 65-Xalqaro Gullar festivali tantanali ruhda boshlandi. Har yili katta shukuh bilan o‘tkaziladigan ushbu an’anaviy bayram bu safar ham o‘zining keng ko‘lami, rang-barang bezaklari va betakror manzaralari bilan barchani lol qoldirmoqda. 12 iyulgacha davom etadigan festival davomida Namangan haqiqiy gullar makoniga aylanadi.
Bu yilgi tadbir shahar uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Namangan “jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar” yo‘nalishida Ginnes rekordini o‘rnatib, dunyo e’tiborini o‘ziga qaratdi. Maxsus sertifikat tantanali ravishda viloyat rahbariyatiga topshirildi.
Festival doirasida madaniy dasturlar ham yuqori saviyada tashkil etilgan. Mashhur xonandalar sahnaga chiqib, tomoshabinlarga unutilmas lahzalar tuhfa etmoqda. Kuy-qo‘shiqlar, yorqin chiqishlar va bayramona muhit mehmonlarga o‘zgacha kayfiyat ulashmoqda.
Ana shunday san’atkorlar qatorida Rayhon ham festival sahnasida chiqish qilib, muxlislarini xursand qildi. U o‘zining hammaga manzur bo‘lgan mashhur xit qo‘shiqlarini kuylab, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ayniqsa, xonandaning sahnadagi obrazi e’tibordan chetda qolmadi. Rayhon festival ruhiga mos tarzda gullar bilan bezatilgan qizil libosda chiqish qilib, o‘zining nafis didi va o‘ziga xos uslubi bilan barchaning nigohini o‘ziga qaratdi.