Teddi Sheringem Liverpulning Arne Slot boʻyicha qarorini qoʻllab-quvvatladi

Manchester Yunayted jamoasining sobiq hujumchisi Teddi Sheringem Liverpul rahbariyatining Arne Slot bilan xayrlashish haqidagi qarorini toʻgʻri deb hisoblaydi. Uning fikricha, jamoada yuzaga kelgan salbiy muhit klub kelajagiga jiddiy xavf tugʻdirayotgan edi. Sheringem agar niderlandiyalik mutaxassis oʻz lavozimida qolsa, vaziyat yanada yomonlashishi va navbatdagi mavsum ham boy berilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Liverpul uchun 2025-26-yilgi mavsum omadsiz yakunlandi va jamoa Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida beshinchi oʻrinni egalladi. Kutilgan natijalarga erisha olmagan klub rahbariyati yangi yoʻnalishni tanlashga qaror qildi. Sheringemning taʼkidlashicha, murabbiyga boʻlgan ishonch yoʻqolgan bir paytda uni jamoada olib qolish mantiqsiz va bu klub atrofida "zaharli muhit" shakllanishiga sabab boʻlgan.
"Liverpul kabi katta klub mavsumni bunday noaniqlik bilan boshlamasligi kerak. Agar dastlabki 12 ta turdan soʻng peshqadamdan 10 ochko ortda qolsangiz, nima qilasiz? Bu shunchaki vaqtni boy berish boʻlardi. Slot boshqaruvida vaziyat faqat yomonlashib borardi, shuning uchun oʻzgarish qilish shart edi", — deya qoʻshimcha qildi sobiq futbolchi.
Shuningdek, Sheringem Liverpulning transfer bozoridagi harakatlarini ham tanqid qildi. Xususan, jamoaning asosiy nishoni boʻlgan Xabi Alonso Chelsi klubiga oʻtib ketgani muxlislar uchun kutilmagan zarba boʻldi. Ekspertning fikricha, klub rahbariyati Slotning kelajagi borasida tezroq qaror qabul qilib, Alonso boʻsh boʻlgan vaqtda uni qoʻlga kiritishi lozim edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!