Abdumalik Xalokov Naoya Inoue bilan jangga tayyorligini aytdi

Professional boksning yarim yengil vazn toifasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Abdumalik Xalokov kelgusi rejalari haqida gapirdi. Olimpiada chempioni katta maqsadlar sari intilayotganini yashirmadi va jahon boksidagi eng kuchli nomlardan biri Naoya Inoue bilan ehtimoliy jang haqida fikr bildirdi.
Xalokovning aytishicha, agar Inoue faoliyatini yakunlab yubormasa va Murodjon Ahmadaliyev u bilan revansh o‘tkazmasa, u holda uning o‘zi yapon yulduziga qarshi ringga chiqishga tayyor. Hamyurtimiz bu jangda muxlislar kim tezroq ekanini ko‘rishini ta’kidladi.
“Agar Inoue faoliyatini tugatib yubormasa va Murodjon Ahmadaliyev u bilan boshqa jang o‘tkazmasa, o‘zim revansh olaman. Bu jangda kim tez ekanini o‘shanda ko‘rib olishadi muxlislar. O‘ylashimcha, men undan ko‘ra tezroq va g‘alabaga 'och'man”, — dedi Abdumalik Xalokov.
Eslatib o‘tamiz, Abdumalik kecha Toshkentda tashkil etilgan professional boks oqshomida hindistonlik Vishal Kumarga qarshi ringga ko‘tarildi. 6 raundga mo‘ljallangan bahs uzoq davom etmadi — Xalokov raqibini ikkinchi raundda nokautga uchratib, navbatdagi ishonchli g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Bu natija uning professional ringdagi uchinchi jangidagi uchinchi g‘alabasi bo‘ldi. Xalokov havaskor boksdagi yuqori darajasini prof boksda ham ko‘rsatishda davom etmoqda. Uning tezligi, aniq zarbalari va raqibni o‘qish qobiliyati katta janglar uchun jiddiy poydevor bo‘la oladi.
Qisqasi, Abdumalik Xalokov oddiy g‘alabalar bilan cheklanib qolmoqchi emas. U Inoue kabi jahon boksi yulduzlariga qarshi ringga chiqishni maqsad qilmoqda. 3 ta jang, 3 ta g‘alaba va katta ambitsiya — Xalokov prof ringda shunchaki ishtirokchi emas, ovchi rejimda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!