15:06 / 13.05.2017
6 503

Qahramon Aslanov: «Ming dollar»

Qahramon Aslanov: «Ming dollar»
Insonni e’tiqod boshqaradimi yoki manfaat? Menimcha, barcha insonlar uchun umumiy javob berishni na psixologiya, na sosiologiya uddalaydi. Odamlar har xil, kimdir e’tiqodni qattiq ushlaydi. Uning aynan qanday e’tiqodda bo‘lishi alohida masala, agar uning qanchalik kuchli shaxsiyat ekanini bilmoqchi bo‘lsak, o‘zi uchun tanlagan e’tiqodga qanchalik sodiq ekanini o‘lchab ko‘ramiz. Boshqa bir insonni manfaat boshqaradi. Buyam e’tiqod aslida. Inson o‘z manfaatini doimo himoya qilishi kerak, degan e’tiqod. Buyog‘i falsafa bo‘lib ketdi. Yana bir toifa borki, qalbida doimo e’tiqod va manfaat kurashi avj oladi. Har qadamida. Bundaylar ko‘p. Har qadamda.

Masalan yo‘lda ketyapsiz, sizdan oldinda ketayotgan bir yo‘lovchi cho‘ntagidan bir narsa tushib qoldi. Olib qaradingiz. Pul ekan. O‘n ming so‘m atrofida. Shoshib chaqirasiz. «Xoy, birodar, pulingiz tushib qoldi» deysiz. Olijanob va halol insonligingizga haligi yo‘lovchiga qo‘shilib o‘zingiz ham qoyil qola boshlaysiz. Albatta ma’lum muddat bu voqea ruhingizga orom beradi.

Voqeani biroz orqaga qaytaramiz. Olib qaradingiz. Pul ekan. Ming dollar atrofida. Shoshib chaqirasizMI? Yoki o‘sha ichingizda yuqorida eslangan azaliy kurash uchun vaqt berasizmi? Ro‘parangizda turgan moddiy muammolar o‘zini eslatishni boshlaydimi?

Men chet el safarlariga chiqmaganman. Asosan atrofimdagi insonlar haqida fikr yuritaman va «barcha insonlar mana shunaqa fikrlaydi» deb ketaveraman. Aslida sal boshqacha bo‘lishi mumkin. Masalan, bir tanishim Yaponiyaga safar qilganini gapirib bergandi. Tezyurar poezdda karmonini unutib qoldiradi. Oradan ikki kun o‘tib, umuman boshqa shaharda turib, qayerda qoldirganini eslaydi, stansiyaga murojaat qiladi. Karmon joyida turgan ekan. Biz bunday voqealarni ko‘zimizni katta ochib gapirib beramiz, og‘zimizni katta ochib tinglaymiz. Lekin balki o‘sha yaponlarning xayoliga ham kelmas, karmonni titib ko‘rish, nafs va vijdon kurashini boshlash. Demak ular uchun e’tiqod sinovi butunlay boshqa frontlarda, boshqa shaklda kechadi, shundaymi?

Yoki boshqa misol. Angliya chempionati yakunida bitta maqola yozgandim. Shunday bo‘lib qolishi mumkin ediki, «Stok Siti» evrokuboklarda qatnashishi uchun, milliy chempionatda «Manchester Siti» ga yutqazib berishi kerak bo‘lardi. Pul uchun emas, shunchaki, turnir formati shuni taqozo qilgandi. Albatta, men o‘shanda g‘irt o‘zbekcha fikrlaganman, «Stok»ning o‘rniga «Metallurg» yoki «Sho‘rtan»ni qo‘yib ko‘rganman. Yutqazib bersa kerak! O‘shanda Angliya futbol ommasi va mentalitetini mendan ko‘ra ancha yaxshi biladigan Alisher Nikimbaev e’tiroz bildirgandi. Angliyadagi o‘lchovlar butunlay boshqacha. U erda buni xayolning ko‘chasiga ham kiritishmaydi. Xuddi yaponlar sumkani ochib ko‘rmagandek, «yutqazib ham maqsadga erishsa bo‘ladi» degan fikrning oldiga umuman yaqinlashishmaydi. «Stok» g‘alaba uchun o‘ynaydi! Yakunda unaqa vaziyatga etib kelinmadi, kim haq ekanini bila olmadik. Ammo mana shu holatlarning o‘zi menda butunlay boshqa xulosalarning uyg‘onishiga sabab bo‘ldi.

Futbolimiz Yaponiya yoki Angliya kabi bo‘lishi uchun, futbolimizda qanday ishlar qilishi kerak degan masala umuman echimsiz qolib ketishidan qo‘rqib qoldim. Axir futbolning o‘zi insonlarning qalbini o‘zgartirib yuborishga qodirmi? O‘z olamingizdan futbolimiz olamiga o‘tishingiz, qandaydir o‘zgacha muhit og‘ushiga tashlamayapti-ku, sizni! Futbolimiz aslida chirkin emas, u hammamiz yashayotgan o‘sha chirkin olam ichida qolganini qachon tushunamiz? Futbolchilarning daromadlari sir tutilishi haqida bong uramiz. Xo‘sh, qaysi soha daromadlari sir tutilmaydi? Xakamlar oylikka kanoat qilishmayapti! Faqat hakamlarmi? Bu gap ancha sayoz bulmadimi? Men bilan sizchi? «Odamlar oylikka kanoat kilishmayapti» deb o‘zgartirsak, notugri bulmas?!

Turkiyada kelishilgan uchrashuvlar borasida katta janjal boshlandi. Katta katta klublarning rahbarlari qamoqqa tashlanmoqdalar. Chetdan qaraganda qo‘rqib ketasiz. Nahotki millionlarni jalb qilgan turk futboli shunchaki masxarabozlik bo‘lgan? Shu rakursda o‘z futbolimizga qaraymiz. Unchalikmasdir. Yo shunchalikmi? Kimga qanaqa. Masala bunda emas.

Men matematika bilan ancha vaqt shug‘ullanganman. Masala meni qo‘rqitmaydi. Uning echimsiz qolishi dahshatga soladi. Aytmoqchimanki, futbolimizdagi u yoki bu muammoning ayni vaqtda qanchalik xavfli ekanidan ko‘ra, o‘sha muammoning echimi bor yoki yo‘qligi meni ko‘proq tashvishga soladi. Tasavvur qilishingiz uchun bir misol keltiraman. Oyog‘ingiz sindi. Uch oygacha to‘shakda yotasiz. Muammo. Ammo buning echimi bor. Vaqt va muolaja. Endi boshqa vaziyat – bir barmog‘ingiz biroz tirnalib, yengil og‘riq beryapti. Bu holatda yurasiz, o‘tirasiz, futbol o‘ynay olmasiz, ammo, og‘riq bor. Ana endi mana shu og‘riq umringizning oxirigacha sizni ta’qib qilishini bilib qolsangiz, qay ahvolga tushasiz? Dahshat-ku bu! Miyangizning bir nuqtasigi tinimsiz tomib turadigan tomchi har qanday zarbandan og‘irroq, ishonavering.

PFL professional bo‘la olyaptimi? Buning echimi bor, hamma biladi. Demak qachondir echiladi bu masala. Stadionlarimizning ahvoli? Qanchadir miqdordagi pul hammasini joyiga tushiradi. Abramov saviyasizmi? Uniyam bog‘lab bermagan, bir kun qutulamiz. Shuyam muammomi?

Ha, nima haqida gaplashayotgandik? Kelishilgan uchrashuvlar. Xo‘p, agar kelishilgan o‘yinlarga barham bersak, futbolimizda siljish bo‘ladi. Rivojlanamiz. Bu – aksioma. Turklarda nega avj oldi bunday o‘yinlar? Chunki u erlarda juda katta pullar aylanadi futbol uchun. Bizdan bir necha barobar katta pullar. Bizda unaqa emas, demak bizda kelishilgan uchrashuvlarga barham bera olamiz, deylik. Futbolimiz rivojlanib, bizda ham katta pullar aylanishni boshlaydi, deb tasavvur qilaylik. Keyin nima bo‘ladi? Fozil futbol jamiyati quramizmi? Mana shu, birovning tushib qolgan pulining miqdoriga qarab e’tiqodini belgilaydigan odamlar orasidami? O‘n ming so‘mga halol bo‘la olayotgan odam, ming dollarga kelganda o‘ylanib qolmaydimi? Boshi berk ko‘chadaman. Sizchi?

Futbolimiz rivoji uchun hammamiz rivojlanishimiz kerakligini, Yaponiya terma jamoasidek terma jamoamiz bo‘lishini istasak, hammamiz yaponlardek bo‘lishimiz kerakligini ta’kidlasak, ko‘p e’tirozlarni eshitamiz. Qanaqasiga? Men muxlisman! Menga yaxshi futbol kerak! Men jurnalistman! Halol futbol bo‘lsin, futboldan tirikchilik qilishmasin! Umuman bizga aloqasi yo‘q erga borib talab qilayotgan revizorga o‘xshaymiz. Xo‘p, jurnalistman. Tomoq yirtib halollikni madh qilaman. Ammo ertaga, o‘zim biror klubga ishga kirib olsam, ovozim o‘chadi. Kelishilgan o‘yin haqida bong urish o‘rniga, o‘sha o‘yinga pul ikish uchun totalizator qidiraman. Chunki endi tomoq yirtib yo‘lovchini chaqirishimga hojat yo‘q, qo‘limda dollar turibdi. Men halollikni bizga nisbatan halol bo‘lishlarini istaganim uchungina sevaman Dahshat!

Qiyin-a? Foydasi yo‘qmi? Foydasi yo‘qligining sababi, biz foydasi yo‘q deb o‘ylaymiz. Men dunyoni o‘zgartira olaman. Siz dunyoni o‘zgartira olasiz. O‘z dunyoingizni. Tegmang o‘sha ming dollarga! Siz boshlang bering, og‘ayni…

Manba: Tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qahramon Aslanov: «Ming dollar»