date

“Dinamo” mag‘lubiyatidan keyin Vadim Abramov ochiqcha fikr bildirdi

“Dinamo” mag‘lubiyatidan keyin Vadim Abramov ochiqcha fikr bildirdi

“Dinamo” jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov “Qizilqum” bilan kechgan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berdi. 26-tur doirasidagi bellashuv Navoiyda 2:0 hisobida “Qizilqum” foydasiga yakunlanganidan keyin murabbiy o‘yin haqida, jamoa ruhiyati va hakamlik borasida ochiq fikr bildirdi.

Abramovning so‘zlariga ko‘ra, jamoa raqibning o‘yin uslubini yaxshi bilgan, ammo hozirda ishlab chiqilgan reja maydonda amal qilmagan.

— “Biz “Qizilqum”ning asosiy e’tiborni himoyaga qaratib, qarshi hujumlarda o‘ynashini yaxshi bilardik. Ular ilk bo‘lib hisobni ochganidan so‘ng ancha xotirjam harakat qilishdi. Biz esa tezroq hisobni tenglashtirish uchun oldinga chiqdik, lekin ikkinchi golni qarshi hujumda o‘tkazib yubordik. Shu paytdan keyin maydonda futbol emas, vaqt o‘tkazish boshlandi. Ular tempni pasaytirish orqali natijani saqlab qolishni uddalashdi”, — dedi murabbiy.

Mutaxassis jamoa chempionlik poygasidan chiqib ketgani haqidagi savolga ham munosabat bildirdi:

— “Hali hech narsa aniq emas. Oldin hammasi o‘z qo‘limizda edi, endi esa boshqalarning natijasini kutishga to‘g‘ri keladi. Futbol shunday narsa — kutilmagan burilishlar bo‘ladi”, — dedi Abramov.

Uning ta’kidlashicha, “Dinamo” jamoasi to‘p ustidan ustunlik qilgan bo‘lsa-da, real hujumlar yaratishda muammolar bo‘lgan:

— “Ba’zi vaziyatlarda noto‘g‘ri qaror qabul qildik, ba’zan esa raqib zarba yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Bunday paytda qanotdan o‘ynash va uzatmalarni faolroq qilish kerak edi. Ammo bugun bu ham samara bermadi”, — dedi murabbiy.

Jurnalistlar darvozabon xatosi haqida so‘raganda, Abramov uni himoya qildi:

— “Darvozabonimiz hali yosh, u ba’zan chiroyli o‘ynashga intilmoqda. Lekin futbolda doim estetika emas, natija muhim. Miya bilan o‘ynash kerak. Uning xatosi tajribasizlik natijasi. Men uchun darvozabonning go‘zal sakrashi emas, balki to‘pni ushlashi muhim”, — dedi u.

Suhbat davomida murabbiy hakamlik haqida ham fikr bildirdi:

— “Zaxira hakami bilan bir necha bor gaplashdim, u hammasi yaxshi bo‘ladi dedi. Lekin natija boshqacha bo‘ldi. Bosh hakam esa qo‘shimcha daqiqalarni VAR belgilaydi dedi. Agar VAR hal qilsa, u nima uchun maydonda yuguryapti? VARning vazifasi umuman boshqa, VAR qo‘shimcha daqiqalarga aralashmaydi”, — dedi Abramov.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan muxlislardan biri jamoa ruhiyati haqida tanqidiy fikr bildirdi:

— “Bugun “Dinamo”da g‘alabaga bo‘lgan xohish sezilmadi. Hech kim jang qilgandek ko‘rinmadi”, — dedi u.

Abramov esa bunday mulohazalarni inkor etmadi:

— “Muxlislarni tushunaman. Ular yo‘l bosib kelishgan, jamoa uchun qayg‘urishgan. Biz ular oldida xijolatdamiz. Futbolchilarning kayfiyati va xohishi haqida gapirganda, buni o‘zlaridan so‘rash kerak. Ular kurashmadi, deb aytolmayman, ammo bugun bizdan hech narsa chiqmadi”, — dedi “Dinamo” bosh murabbiyi.

Ta’kidlash joizki, bu mag‘lubiyatdan so‘ng “Dinamo” chempionlik uchun asosiy raqobatdagi imkoniyatlarini ancha yo‘qotdi. Ammo Abramov so‘zlariga ko‘ra, jamoa oxirigacha kurashish niyatida.

“Hali barchasi yakunlanmagan. Biz so‘nggi daqiqagacha maydonda o‘z so‘zimizni aytamiz. Har bir o‘yin bizning sinovimiz”, — deb yakunladi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Dinamo” mag‘lubiyatidan keyin Vadim Abramov ochiqcha fikr bildirdi