
“Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso “Barselona”ga qarshi bo‘lajak “El-Klasiko” oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoa holati haqida fikr bildirdi, deb xabar berdi AS.com.
Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, u jamoaning asosiy tarkibini allaqachon belgilab bo‘lgan va futbolchilarning aksariyati butunlay tiklanishgan.
“Mening xayolimda asosiy tarkib tayyor. “Yuventus”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmagan futbolchilarning deyarli barchasi sog‘ayishdi. Hozir har bir o‘yinchi maydonga birinchi daqiqalardanoq chiqishga tayyor. Biz raqibni hurmat qilamiz, ammo o‘z o‘yinimizga ishonamiz”, — dedi Alonso jurnalistlar bilan suhbatda.
Murabbiy jamoa safidagi yangiliklarga ham to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, Din Xyoysen, Trent Aleksander-Arnold, Dani Karvaxal va Dani Sebalos jarohatlaridan to‘liq sog‘ayishgan va jamoa ixtiyoriga qaytishgan. Bu “Real” uchun muhim yangilik bo‘lib, klub muxlislari ularni asosiy tarkibda ko‘rishni kutmoqda.
“Biz uchun har bir o‘yin muhim, ammo “El-Klasiko” alohida ahamiyatga ega. Bu nafaqat ochko uchun, balki g‘urur va an’ana uchun ham bo‘ladi. Jamoa motivatsiyasi yuqori, men esa o‘yinchilarimga ishonaman”, — deya qo‘shimcha qildi Alonso.
Ma’lumot uchun, “Real Madrid” va “Barselona” o‘rtasidagi “El-Klasiko” 26-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 20:15 da boshlanadi. La Ligada bu vaqtda “Real” peshqadam sifatida 24 ochko bilan yetakchilik qilmoqda, “Barselona” esa ikki ochkoga orqada bormoqda.
Futbol ishqibozlari bu to‘qnashuvni yilning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri sifatida kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!