16:01 / 29.08.2017
4 262

Masalliq bo‘lmasa qozonni ochib-yopgandan ne naf?

Masalliq bo‘lmasa qozonni ochib-yopgandan ne naf?
Ayolimning bir g‘alati odati bor. Uydan chiqayotganimda ust-boshimni katta sinchkovlik bilan nazoratdan o‘tkazmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Agar egnimga qandaydir ip-pib ilashib qolganini ko‘rsa bormi, jon talvasasida yulib otadi. Nima deydi deng, agar o‘shanday holatda ko‘chaga chiqib ketsam, boshi ochiq jononlarning ishvasi beixtiyor meni o‘ziga jalb etarmish. Aksiga olib, kiyimdagi daydi ip “boshliq”ning o‘tkir nigohidan chetda qolib ketgan kuni, bironta go‘zal kaminaga qayrilib ham qaramaydi. Shundanmi, irim-jirimni jinim suymaydi…

Ayollar-ku, o‘z nomi bilan — ayol, qiyshiq qovurg‘adan yaralgan. Oldi-qochdi gaplarga ishonuvchan bo‘ladi. Keyingi yillarda diydasi qattiq erkaklar, deylik futbol murabbiylarining ham shaytoniy vasvasalarga mukkasidan ketayotganiga nima deysiz!? (Soqoliga oq oralagan kap-katta erkak oldidan qora chuvalchang o‘tib ketsa ham, yetti qadam orqaga yurib tursa g‘alati-da).

Masalan, go‘ring nurga to‘lgur Luis Aragones, “sap-sariq” irimchi bo‘lgan. Ya’ni, murabbiy o‘lmasidan burun, sariq rangdan o‘lgudek qo‘rqqan, uni xavf-xatar belgisi deb ishongan ekan. Aytishlaricha, Raulning terma jamoadan sazoyi bo‘lishiga ham, qaysidir o‘yinoldi mashg‘ulotiga sariq futbolkada kelgani sabab bo‘lgan emish. Boyaqish, ustozining “sariqafobiya”ga chalinganini sezmaganda. Ammo, Aragones bilan bog‘liq eng “dahshatli” voqea keyinroq, Germaniyada sodir bo‘lgan. O‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish uchun Dortmundga qo‘ngan ispan delegatsiyasini mahalliy malaklar bejirim gullar bilan kutib olishgan. Tabiiyki, chechaklarning rangi sariq edi. Shundan bo‘lsa kerak, nemis parivashlari Aragonesdan iltifot o‘rniga, o‘ng qo‘lining o‘rta barmog‘ini ko‘rishgan…

Fransiyada ham yana bitta oqsoch irimkash bo‘lardi, topdingiz — Domenek! Bu odam “Darakchi”ning oxiridan bitta oldingi sahifasini ko‘p o‘qiganmi, ishqilib, “Munajjimlar bashorati”ga haqiqiy ma’noda kasal edi. Umuman, munajjim-murabbiy Fransiya terma jamoasidagi butun faoliyatini osmondagi yulduzlar joylashuvini chuqur o‘rganish va ulardan kelayotgan “ilohiy” signallarni futbol maydoniga tatbiq qilish bilan o‘tkazdi.

Domenek — uchrashuvlarga taktik tayyorgarlik ko‘rish hamda futbolchilar bilan ishlashning maxsus ilmiy dasturlariga, yumshoq qilib aytganda, tupurib qo‘ygandi. Ya’ni, u, tarkibni, qo‘l ostidagi shogirdlarining jismoniy imkoniyatlari emas, balki… burjiga qarab tanlardi. Masalan, murabbiy o‘z jamoasiga ko‘proq Sher — Asad yulduzi ostida tug‘ilganlarni jalb etsa, aksincha “adashib” Chayon burjida dunyoga kelib qolganlarni, iloji boricha o‘zidan uzoq tutardi.

Binobarin, irimchi-murabbiylardan so‘z ochilgan ekan, yuqoridagi ikki mutaxassisning “noyob” xislatlarini o‘zida jam qilgan o‘zimizning odam — Babayan to‘g‘risida eslamasak, “yam-yashil” adolatsizlik qilgan bo‘lamiz.

Aragones sariqdan xavfsirash dardiga yo‘liqqan bo‘lsa, Semvel Vyacheslavovichning oq rangga toqati yo‘q. Temuriylarning moviy tug‘iga irim qiladimi, nima balo, uydami, safardami, “oq terakmi – ko‘k terak” o‘yinlaridami, ahamiyati yo‘q, hamma ko‘kka “burkanishi” kerak, tamom-vassalom. Shu ketishda terma jamoamizning taxallusi “Oq bo‘rilar”dan — “Ko‘k sherlar” (terma jamoamiz asosini “Paxtakor”chilar tashkil etganidan keyin “Bo‘rilar”ga balo bormi?) ga o‘zgarib ketadiyov…

Ziyrak o‘quvchi oxirgi jumladan darrov payqadi-ki, irim borasida Babayanning qarashlari baribir fransuz munajjimining o‘lchovlariga yaqin. Ya’ni, agar Domenek arslon burjida tug‘ilganlarga o‘zgacha mehr ko‘rsatgan bo‘lsa, terma jamoamiz ustozi “sherlar” “qavmi”ni qattiq qadrlaydi. “Yot qabila” o‘yinchilarining mahorati, texnik va taktik imkoniyatlari esa — ikkinchi masala! “Mashhur” LSA — “Lobanov-Sergeyev-Andreyev” uchligi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan deysizmi?

Ha, aytgancha, Babayanning boshqalarga o‘xshamaydigan irim-jirimlari ham yo‘q emas. Kuni kecha qo‘shni Qirg‘iziston bilan o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yini olaylik, masalan. Muxlislar endigina mazza qilib og‘iz yirtishga tayyorlanib turganda, uchrashuv — terma jamoani “yomon” ko‘zlardan asrash uchun yopiq eshiklar ostida bo‘lib o‘tdi. Vey, “seni ko‘zing tekkan mol o‘layapti-ku”, deydigan odam yo‘g‘-yey. Undan keyin, aka, agar masalliqni tagi bo‘lmasa, qozonni ochib-yopgandan ne naf?

Endi gap bunday. Irimkashlik bilan hali hech kimning biri – ikki bo‘lgani yo‘q. To‘g‘ri, Aragones Ispaniyani Yevropa chempioni qildi. Ammo bunda irim-jirimning aloqasi yo‘q ekanligini — “Korridos”ni keyingi ikkita katta turnirda g‘oliblikka boshlab borgan Del Boske isbotlab qo‘ydi. Undan keyin, mana oradan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tayaptiki, Loran Blan to‘zg‘ib ketgan “yulduzlar” joyini topolmay halak. Babayanning omad keltiruvchi ko‘k rangi ham — Eron va Koreyaga kelganda “qizarib” qoldi…

…Necha yoshligim esimda yo‘q, bir kuni qo‘shni bolalar bilan uyimiz oldidagi machitga chiqdik. Kimdir qo‘lini orqasiga tirab o‘tirgan edi, unga tanbeh berdim: “Bunday o‘tirma, yomon bo‘ladi”. “Nima qiladi?”. “Onasi olamdan o‘tadi”. Bahsga imom aralashdi. “Tahoratingiz bormi?”. Jo‘r ovozda: “Bor”. “Unda qanday xohlasangiz shunday o‘tiring, boshqasi bekor!”. Xullas, gap irimda emas azizlar, taktika va tahoratda…

Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Masalliq bo‘lmasa qozonni ochib-yopgandan ne naf?