To‘g‘risini aytganda so‘nggi 2 yil davomida yurtdoshlarimizning qo‘llab-quvatlaydigan, muxlislik qiladigan birinchi sport turi boks bo‘lib qoldi. Bunga esa bokschilarimizning jahon arenalarida ko‘rsatayotgan qahramonliklari, qo‘lga kiritayotgan yutuqlari asosiy sabablardan biridir. Birgina misol, charmqo‘lqop ustalarimizning o‘tgan yili Rioda o‘tkazilgan olimpiadada dunyoning manaman degan boks yulduzlari yetishib chiqadigan davlatlari bokschilarini bosh egdirib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritilganliklari ham yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlaydi.
Yaqin o‘tmishda AQSh, Kuba, Rossiya bokschilaridan hayiqib turadigan dunyo bokschilari, bugun O‘zbekiston bokschilarini nomini eshitganda bir qalqib tushadigan bo‘lishdi. Bu ham bokschilarimizning jahondagi o‘rni qay darajada ekanligidan dalolat beradi. Bokschilarimiz haqida gap ketganda, shu yili o‘tkazilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida ularning qayd etgan natijalarini faxr bilan tilga olsak arziydi. Jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi mazkur turnirda qatnashgan 10 nafar bokschilarimizning barchasi yakunda yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Ushbu natija ham dunyo bokschilari orasida kamdan-kam uchraydigan holatlardan biri ekanligini eslatib o‘tish joiz. O‘zbekiston terma jamoasidan tashqari faqatgina Germaniya va Qozog‘iston termalaridan 10 nafardan bokschilar jahon chempionatiga yo‘llanma olishdi.
Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan boks bo‘yicha jahon chempionatiga bu safar Germaniya davlati mezbonlik qildi. AIBA shafeligi ostida 25 avgustdan 2 sentyabrga qadar o‘tkazilgan mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 85 davlatidan kelgan 279 nafar kuchli bokschilar chempionlik uchun bahs olib borishdi. Musobaqada to‘liq tarkib bilan ishtirok etgan O‘zbekiston bokschilari ham munosib ishtirok etishdi deb bemalol aytishimiz mumkin. Mezbon sifatida Germaniya davlati nufuzli turnir ishtirokchilari uchun ajoyib sharoitlar yaratib bera oldi. Ammo bir narsa — hakamlar borasidagi ba’zi holatlar ko‘ngilni xira qildi. Rio-2016 kumush medali sovrindori Bektemir Meyliqo‘ziyev, yana bir iqtidorli bokschimiz Isroil Madrimov, ayni vaqtda o‘z vazn toifasida dunyoning tengsiz bokschisi deb tan olingan Hasanboy Do‘stmatov kabi sportchilarimizning sof g‘alabasiga hakamlarning adolatsizlik ila baho berganliklari bu fikrlarimizni tasdiqlaydi.
Biz bilamiz, futbolda ba’zida hakamlar borasida bu kabi nohaqliklar, ba’zida anglashilmovchilik yoki xatoliklar uchrab turadi. Xato chiqarilgan bu kabi qarorlarning ba’zilar o‘z kuchida qolsa, ayrimlari (takroriy lavhalar orqali) bekor qilinadi.
Ammo boks hakamlarining qarorlari borasida unday bo‘lmadi. Birgina Qozog‘iston bokschilarining apellyatsiyasi inobatga olinib, ularga nisbatan ijobiy natija qayd etilganini inobatga olmasak, hakamlarning qolgan barcha qarorlari o‘z kuchida qoldi.
Shu o‘rinda menga bir savol paydo bo‘ldi: Nega bizning boks federatsiyamiz, bokschilarimizni qo‘llab quvatlaydigan tashkilotlarimiz o‘tkazilgan boks bo‘yicha JCh tashkilotchisi AIBAga appellyatsiya bilan murojaat qilmadi? Faqat bokschilarimiz yutganda yutuq bizniki deb maqtanish kerag-u, nohaqlik bo‘lganda jim o‘tib ketish kerakmi? Axir ana shu o‘g‘lonlar Vatan sha’ni uchun o‘z jonini o‘rtaga qo‘yib, borini berib jang qilmayaptimi? Ularning mehnatini nohaqlarcha yerga urganda, ruhi cho‘kmaydimi? Boksdan ko‘ngli sovumaydimi? Biz yordam bermasak kim yordam beradi, yigitlarimizga? Indamay o‘tib ketaversak, bizga nisbatan keyinchalik ham battar bu kabi nohaqliklarni yog‘dirmaydimi? Qachon o‘yg‘onamiz, qachon nohaqliklarni ham yengishni o‘rganamiz? Yoki bunga qurbimiz yetmaydimi? Toki befarq ekanmiz, bokschilarimizning mehnati shu kabi poymol qilinishgacha boraveradi. Bu kabi savollar birgina mening emas, millionlab xalqimizning bo‘g‘zida otilib chiqayotganiga shubham yo‘q.
Ushbu savollarga javob olish maqsadida yakuniga yetgan boks bo‘yicha jahon chempionati chempionligini qo‘lga kiritgan Shahram G‘iyosov va oliy toifali hakam Jasur Qurbonovga murojaat qildik.
– Nega O‘zbekiston boks federatsiyasi AIBAga apellyatsiya bilan murojaat qilmadi?
Shahram G‘iyosov:
— To‘g‘ri, hakamlarning ba’zi jamoadoshlarimiz ishtirok etgan janglardagi qarorlari bahsli bo‘ldi. Lekin bu bizni yanada kuchli, yanada aqlli bo‘lishga undadi.
E’tiroz bildirishga kelsak, biz sportchimiz, bunday holatlarga aralashsak, vaqt va asabimizni yo‘qotamiz. Zero, murabbiylarimiz doimo har kim o‘z vazifasini bajarishi kerak, deya ta’kidlashadi. Federatsiya tomonidan e’tiroz bildirilmagani ham maqsadga muvofiq, chunki o‘zbek bokschilarining qudratidan dunyo boxabar.
E’tiroz bildirishga kelsak, biz sportchimiz, bunday holatlarga aralashsak, vaqt va asabimizni yo‘qotamiz. Zero, murabbiylarimiz doimo har kim o‘z vazifasini bajarishi kerak, deya ta’kidlashadi. Federatsiya tomonidan e’tiroz bildirilmagani ham maqsadga muvofiq, chunki o‘zbek bokschilarining qudratidan dunyo boxabar.
Jasur Qurbonov, oliy toifali hakam:
— Hakamlarning aksariyati yangi, ular bu yil imtihon topshirib, jahon chempionati bahslarini boshqarish uchun tanlab olindi. Ularning tajribasizligi ko‘plab bokschilarga qimmatga tushdi. Bizning yigitlar o‘z so‘zini baralla aytishga qodir. Shuning uchun bu ham bir saboq bo‘ldi. Sportchi jasorat ko‘rsatishdan charchamasligi kerak.
Mazkur jahon chempionatida bokschilarimiz yaxshi natija ko‘rsatishdi. Demak, murabbiylarimizning va federatsiyaning mehnati zoye ketmayapti, biz yaxshi natijalar qayd eta olmoqdamiz. Biz avvallari dunyo reytingini boshqargan atletlarning taktikasini o‘rganib, bahslarga kirishardik. Buni qarangki, bugun dunyo charm qo‘lqop ustalari bizning taktikalarimizga qarshi usul qo‘llashmoqda. Demak, biz dunyo boksining muxlisu mutaxassislari e’tiboridamiz. Shu e’tiborni saqlab qolishimiz kerak.
Jahon chempionati yakunida baribir ham hakamlar jamoasi terma jamoamizning oltin olishiga to‘siq bo‘la olmadi. Aniqrog‘i katta ustunlik bilan barcha oltin medallarni olishi lozim bo‘lgan kubaliklar vakilini mag‘lub etgan Shahram G‘iyosovni e’tirof etishdan o‘zga chora topisha olmadi. Ehtimol, hal qiluvchi jangda jamoadoshlariga nisbatan qo‘llanilgan nohakliklari uchun ham, Vatan sha’ni, xalqimiz ori uchun ham jon-jahdi bilan jang qilib, haqqoniy jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan Shahramning jasoratini butun dunyo ahli olqishladi, tan berdi desak rost bo‘ladi, menimcha. Bu jangni uzoq yillar dunyo ahli unutmasa, unutolmasa kerak.
Nohakliklar-u, e’tirozlarga qaramay bokschilarimiz yakuniga yetgan jahon chempionatida 85 mamlakat orasidan faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ushbu g‘alabaga hissa qo‘shgan yurt qahramonlari bilan tanishing:
- Shahram G‘iyosov (oltin medal),
- Hasanboy Do‘stmatov (kumush medal),
- Jasurbek Latipov (kumush medal),
- Iqboljon Xoldorov (kumush medal),
- Bektemir Meyliqo‘ziyev (bronza medal),
- Sanjar Tursunov (bronza medal).
Hayot davom etadi, sinovlar ham. Bajarilgan ezgu amallar, qayd etilgan natijalar tarixda qoladi. Ishonamizki, hali bokschilarimiz bundanda yuqori marralarni zabt etadi. O‘shanda dunyo bokschilari bizdan, O‘zbekistondan kelib boks bo‘yicha saboqlarni o‘rganishadi. Men bunga ishonaman.
Komiljon ASLONOV
Manba: mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi