Futbolimizda tarixiy voqea yuz berdi. Milliy terma jamoamiz jahon chempionati-2018 ishtirokchisi sanalgan Afrika futboli vakili bilan o‘yinda munosib ko‘rindi - durang.
Baribir, navqironlik o‘z so‘zini aytdi. Uning mohiyatini faqat shijoat va g‘ayrat belgilamaydi. Navqironlik bag‘rida o‘zgacharoq fikrlash, avvalgi qoliplardan qochish tuyg‘usi ham yashaydi.
Shu ma’noda aytsak, Temur Kapadze kuchli raqibga qarshi cho‘chimay kurashish lozimligini tushundi va o‘sha tuyg‘u turtkisi ila yengilishni istamadi.
Yangi murabbiy yaqin-yaqingacha ham maydon markazida tartib o‘rnatish bilan shug‘ullangani uchunmi, eng avvalo, tayanch yarim himoyasiga e’tiborni kuchaytirdi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, Kapadze bir urinishda markaziy hududda faollik ko‘rsatuvchi tajribali va tezkor «ansambl» tuzdi. Ayonki, avvalgi murabbiylar ham shu maqsadni ko‘zlashgan.
Ammo ular yaratgan va ishongan «ansambl» kutilgan samara bermagandi. Ya’ni jamoani mag‘lubiyatlardan qutqarolmagandi. Mana, Temur Kapadze tayangan mexanizm bu ishni uddaladi.
Aslida Kapadze ham asosan, o‘sha murabbiylar qo‘l ostida to‘p surgan futbolchilarga ishonch bildirdi va yangilanishni birgina Odilbek Hamrobekov bilan bog‘lash noo‘rin.
Fikrimizcha, murabbiy jamoada yashirin kurashga chorlovchi «richag»ni topdi. Ha, buning qanchalik mustahkamligini bugun Marokash terma jamoasi sinovdan o‘tkazadi. Biz esa mustahkamlash omillari xususida mushohada qilamiz.
1. Terma jamoamiz a’zolari ijrosida raqib jarima maydonchasi ichida uyg‘un harakatlar ko‘zga tashlanmadi. Aniqrog‘i, ular bunga harchand intilishmasin, dinamika qovushmadi. Bir paytlar Aleksandr Geynrix, Maksim Shatskix, Server Jeparov, Odil Ahmedov o‘zaro hamkorlikda shunday tashabbusga ega bo‘lishardi.
Bu kvartet raqib jarima maydonchasida o‘zini ancha erkin his qilardi, harqalay. Afsuski, futbolimiz yaxshigina kvartet imkonlaridan unumli foydalanish yo‘lini topolmadi. Hozir ham shunga yaqinroq to‘rtlik shakllantirish mumkin.
Birinchi variant: Ikrom Aliboyev - Eldor Shomurodov - Doston Hamdamov - Temurxo‘ja Abduxoliqov. Ikkinchi variant: Otabek Shukurov - Jaloliddin Masharipov - Sardor Rashidov - Marat Bikmayev. Murabbiylar shtabining ham shu xususda o‘ylayotgani sezilib turibdi.
Balki Doston Hamdamov tarkibga jalb etilganida, yaxlit sxema guvohiga aylanarmidik... Lekin mohiyat o‘zgarmasdi, ya’ni futbolchilarimizning hujumdagi urinishlari aytarli samara bermasdi, baribir. Chunki Senegal termasiga qarshi kechgan bahsda Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov va Sardor Rashidovda hujum ruhiyatini kuzatmadik.
Ular o‘zlarini xuddi sof yarim himoyachidek tutishdi. Bunday vaziyatda pozitsion hujumlar samara keltirishi qiyin. Tan olaylik, ayni payt futbolimizda raqib jarima maydoni ichida yolg‘iz harakatlanib, effekt beradigan markaziy hujumchi yo‘q.
Aleksandr Geynrix fenomeni qachon yana takrorlanishi esa noma’lum. Ungacha jamoaga hujumkor kvartet ruhiyatini singdirish murabbiylar shtabining bosh vazifasi hisoblanadi.
2. Dani Alvesh va Marseloning chap qanot, Vitaliy Denisov va Xordi Albaning o‘ng tomonda to‘p surishlari muxlis tasavvuriga sig‘maydi. To‘g‘ri, bu futbolchilar murabbiy ko‘rsatmasiga muvofiq, boshqa pozitsiyada o‘ynashni eplashar, balki. Biroq qaysi murabbiy oshkora tavakkalga qo‘l uradi va bundan qanday naf bor?!
Gvardioladek murabbiy Filipp Lamni o‘ng qanot himoyasidan tayanch hududiga surib, nimaga erishdi? «Manchester Siti»da Kevin de Bryuynening o‘ng qanotdan oldinga tashlanishi va so‘l tarafdagi futbolchiga to‘p uzatishi hamisha xavfli vaziyatlarni yuzaga keltiradi.
Buning asosiy sababi - futbolchilar ruhiyatiga shunday harakatlanish strategiyasi singdirilgani. Ha, hamma gap murabbiy muntazam uqtiradigan harakatlanish tartibida. Terma jamoamizda esa yarim himoyachilardan sun’iy vinger shakllantirish an’anasi kuchli. Holbuki, vinger tabiatan tug‘iladi.
Murabbiylar shu omilni yodda tutishganida, Eldor Shomurodov Senegal termasiga qarshi bahsni o‘ng qanot yarim himoyasida boshlamasdi. Noqulay pozitsiya futbolchini chalg‘itadi, baribir. Natijada u beixtiyor xatoga yo‘l qo‘yadi. Eldordan ham vinger «yasash»-ga urinish davri o‘tdi, bizningcha.
Zero, yarim himoyaning chap qanoti uning uchun - tabiiy pozitsiya. Shomurodov bu joy uchun Jamoliddin Masharipov bilan raqobatlashsa arziydi. Terma jamoa o‘ng qanoti esa Sardor Rashidov yoki Doston Hamdamovga ishonib topshirilgani ma’qul. Ta’kidlash joizki, yarim himoyaning o‘ng tomonida hozircha biror futbolchi Sanjar Tursunov kabi foydali to‘p surolmayapti.
3. Murabbiylar shtabi terma jamoamiz faolligini ta’minlash va harakatchanligini oshirish maqsadida Akrom Komilov va Akmal Shorahmedovga himoyaning tegishlicha chap va o‘ng qanotida ishonch bildirgani tushunarli, albatta. Biroq senegallik futbolchilarning jamoamiz jarima maydoniga aynan qanotlardan bot-bot yorib kirishgani kishini o‘yga soladi.
Ularga Oleg Zoteyev va Shuhrat Muhammadiyev raqobatchi xolosmi? Islom To‘xtaxo‘jayevni o‘ng qanotda sinayvergan Samvel Babayan bu pozitsiya-ga boshqa munosib futbolchi topolmagani haqiqatmi?
Savollarga aniq javob topish terma jamoamiz muvaffaqiyatini belgilaydi. Ochig‘i, Ravshan Haydarov jamoasida aynan orqa chiziqning o‘ng qanoti nisbatan zaifroq. Shunday ekan, bu pozitsiyaga munosib voris tarbiyalash - dolzarb masala.
4. Terma jamoamiz a’zolari hali ham uzoq masofaga to‘p uzatib xato qilishdan cho‘chishmoqda. Haqiqatan ham, ular bu ishni qoyillatib bajarisholmaydi. Qisqa va o‘rtacha uzatmalar esa futbolchilarimizning hujumga o‘tishlari uchun anchagina noqulay. Boshqacha aytganda, ispancha futbolni xush ko‘rishimiz qimmatga tushmoqda.
Negaki, o‘yinchilarimizda shunga yarasha texnika va tezlik yetishmaydi. Shuning uchun Yaponiya va J.Koreyaning atletik futboli nisbatan ustunlik qilaveradi.
Endi terma jamoamiz tarkibida Otabek Shukurov, Aziz G‘aniyev, Ikrom Aliboyev kabi ushbu muammoni hal etishga qodir iste’dodlar jamlanishdi. Jiddiy mehnat qilsa, Azizbek Turg‘unboyev ham ularning safiga qo‘shiladi. Qaniydi, Jamshid Iskendarov bu borada raqobatga kirishsa edi...
Xullas, butun bir pleymekerlar «armiya»si Javohir Siddiqov, Jasur Yaxshiboyev, Eldor Shomurodov va Jaloliddin Masharipov kabi tezkor futbolchilarni kutilmagan pozitsiya-larga chorlashsa va uzoq masofalardan to‘p uzatishni o‘zlashtirishsa, terma jamoamiz o‘yin uslubidagi butkul yo‘qolmayotgan eski, tanish manzara keskin o‘zgarardi.
Muhtaram muxlis! Biz orzularga to‘yingan mulohazalarimizni baham ko‘rdik. Zero, katta ijobiy o‘zgarishlar orzularni baralla aytishdan boshlanadi. Marokashlik futbolchilarga qarshi to‘p surishga shaylangan terma jamoamizning shu ishga jiddiy bel bog‘lashidan umidvormiz.
Muhammad Vali
Manba: www.uff.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi