date

Otabek G‘ulomxo‘jayev: Xatto aeroportni birinchi marta ko‘rayotgan futbolchilar bor

Otabek G‘ulomxo‘jayev: Xatto aeroportni birinchi marta ko‘rayotgan futbolchilar bor
Xabaringiz bor, Otabek G‘ulomxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Ispaniyada yig‘in tashkil etib, u yerda Shotlandiya, Belgiya va Fransiya terma jamoalari bilan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi. Ikkita durang va bir mag‘lubiyat bilan qaytgan jamoamiz u yerda o‘zidan yomon taassurot qoldirishgani yo‘q. Fursatdan foydalangan holda bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jayev mazkur yig‘in va o‘yinlar haqida SPORTS.uz muxbiriga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Ispaniya safari haqida

- Taassurotlarim juda katta. Yevropada yoshlarning futboldagi qilayotgan o‘yinlarini ko‘rib ajoyib tarzda hayron qoldim. Har bir futbolchisining to‘p bilan muomalasi, murabbiylarning ko‘rsatmalarini qay tariqa bajarayotgani, umuman olganda, ularning o‘yin tashkil etishi yuqori darajada. Ayniqsa, Belgiyaga qarshi o‘yinimizda xuddi raqib bizga nisbatan ikki barobarga ko‘pga o‘xshab ko‘rindi. To‘g‘ri, durang o‘ynadik, ammo yirik hisobda yutqazishimiz ham mumkin edi. Raqib jamoaning murabbiylari bilan ham gaplashdik. Ular mashg‘ulotlardagi har bir epizodni o‘yindan olib bajarishadi. 18-19 yoshda kattalar futboli kabi o‘ynashadi. Tan olish kerak, bunday kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar biz uchun katta foyda beradi. Mana shunday jamoalarga qarshi uchrashuvlarni tashkil etib bergani uchun futbolimiz rahbariyatiga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman. Shaxsan o‘zim uchun ham Ispaniya yig‘ini katta maktab bo‘ldi. Ikkita durang o‘ynab, bir bor yutqazdik.

Uchrashuvlar davomida himoyaga yotib olganimiz yo‘q. Shunchaki, himoyada tartibli o‘ynashga harakat qildik. Biz bungacha qisqa vaqt davomida shug‘ullangandik. Shu bois hujumkor o‘yin ko‘rsatishimiz qiyin edi. Ammo Belgiya bilan uchrashuvda 20 daqiqa davomida hujumkor o‘yin ko‘rsatishga urinib ko‘rdik va shuning evaziga gol ham urib oldik. Hujumda individual tomondan yaxshi o‘yinchilarimiz bor edi. Gol urganimizdan keyin ko‘proq himoyaga e’tibor qaratishni boshladik. Lekin Belgiyadek raqiblarga qarshi 90 daqiqa davomida ochiq futbol taklif qilib bo‘lmaydi. Ular golni darvozamizga standart vaziyatdan kiritishdi. Umuman xulosa sifatida aytadigan bo‘lsam, ochig‘i keyingi yig‘inda bu tarkibning 40-50 foizini almashtiraman. Negaki, bizda qolib ketgan yana ko‘plab o‘yinchilarimiz bor. Ularga ham imkoniyat berishimiz kerak.

Bilasizmi, Ispaniyaga ketgan tarkibimizda men ishongan ayrim futbolchilarimiz bor edi. Ammo kuchli raqiblarga qarshi uchrashuvlarda ular “yo‘qolib” qolishdi. Aksincha, ba’zi futbolchilarimiz asosiy tarkibdan joy olish uchun o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsata olishdi. Oddiy misol, safimizda hatto aeroportni birinchi marta ko‘rayotgan futbolchilar bor. Bunday yigitlarimizga O‘zbekiston libosini kiyish albatta hayajon va bosimni yuklaydi. Ammo ularga yana imkoniyat beramiz. Lekin yana bir jihatni aytishim kerakki, taktik tomondan ayniqsa, “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Nasaf”dan chaqirilgan futbolchilar bilan ishlash osonroq bo‘ldi. Yana bir jihatni hisobga olishimiz kerak, hozirgi tarkibimizdagi 70-80 foiz futbolchilarimiz hali futbol maktabi va akademiyalarda o‘qishadi.

Masalan, Belgiya terma jamoasidagi ikki nafar o‘yinchi mahalliy klublardan olingan, qolgan futbolchilari esa legionerlar. Endi ularning o‘ynayotgan klubiga qarang: “Manchester Yunayted” PSJ, “Barselona” kabi kuchli klublarning yoshlar jamoalarida to‘p surishadi. Xohlardimki, bizning futbolchilarimiz ham o‘z klublarida ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishsa, bu bizga ham oson bo‘lardi. Kuchli termalar bilan o‘yinlar orqali jamoamning hozirgi holatini ko‘rib oldim.

Ustun va kamchiliklarimiz

- Mazkur uchrashuvlar davomida bizning ustun ko‘ringan jihatimiz shu bo‘ldiki, oldingi chiziqda individual tomondan kuchli futbolchilarimiz bor. Lekin hali jamoaviy o‘yin borasida biror nima deya olmayman. Chunki bu tarkibni yiqqanimga endi 2-3 oy bo‘lyapti. Men shu vaqt davomida 80 ta bolani ko‘rdim va ularning orasida tanlab olgan 20 nafar futbolchi bilan ishlayotganimga esa hali bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Lekin tez orada jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yib olamiz. Kuchsiz tomonimizga kelsak, darhol aytamanki, bizda bo‘ydor o‘yinchilarimiz juda kam. Atletizm jihatdan ham yana ishlashimiz kerak. Ammo jismoniy tarafdan jiddiy muammolar bor deb o‘ylamayman. Kerak bo‘lsa, o‘yinlar paytida ma’lum vaqt davomida Fransiyani ham, Shotlandiyani ham charchatib qo‘ydik. Umumiy olganda, butun jamoa sifatida yaxshi himoyalanyapmiz. Yarim himoyachilarimiz borasida ham yaxshi fikrlar bildirishim mumkin. Lekin yakkama-yakka kurashlarda yutqazib qo‘yyapmiz. Lekin bizda ham vaqt o‘tgan sari shu yoshdagi ikkita jamoani shakllantirib olish rejamiz bor.

Bu xalqaro turnir emas!

- U yerdagi sharoitlar borasida gap bo‘lishi mumkin emas. Baza, mashg‘ulot maydonlari, mehmonxonalar, umuman bu kabi masalalar yuqori darajada hal etilgan. Bizdan tashqari, Rossiya, Daniya, Shvetsiyaning katta yoshdagi termalari ham bor edi. Lekin ular o‘zlari o‘ynashdi. Masalan, Belgiya Ispaniya to‘rt kunga kelgan. Ya’ni, faqat biz bilan o‘ynash uchun kelib ketishdi. Fransiya esa faqat bizga va Shotlandiyaga qarshi o‘ynadi. Bu xalqaro turnir emasdi, shunchaki xorij yig‘ini bo‘ldi.

Fransiyaga boy berilgan o‘yin

- Fansiya bilan uchrashuvda ular bizning bungacha o‘tkazgan ikkita o‘yinimizni ko‘rishgandi. Ular bizni asosan bo‘ydor o‘yinchilari evaziga yutishdi. Bizning futbolchilarimizni bo‘yi esa hattoki, ularning yelkasichalik ham emas. Shuning hisobiga ikkinchi qavatni boy berdik. Bir so‘z bilan aytganda, bu yig‘in bizga katta foyda beradi. O‘zim uchun ham jamoamiz o‘zagini aniqlab boryapman. Ushbu uchrashuvda ikkita bellashuvda maydonga tushmagan futbolchilarni ham o‘ynatdim. Bu 2024 yili bo‘ladigan Olimpiada uchun bo‘lajak jamoa hisoblanadi. Biz hali futbolchilarni yana saralashda davom etamiz.

Keyingi rejalar

- 2002 yilda tug‘ilgan futbolchilarning Respublika tayyorlov guruhlari o‘rtasida musobaqa bo‘ladi. Eshitishimcha, o‘yinlar Qarshida o‘tkaziladi. U yerga borib seleksiya jarayonini o‘tkazaman. Noyabr oyining oxirlariga yana bir yig‘in mo‘ljallanmoqda. Buni rahbariyat ishlab chiqyapti. Biz ikkinchi bor yana xorij yig‘iniga ketishimiz mumkin. Agar bu reja amalga oshmasa, unda Toshkentda shug‘ullanamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek G‘ulomxo‘jayev: Xatto aeroportni birinchi marta ko‘rayotgan futbolchilar bor