18:43 / 23.11.2018
3 371

Omon G‘ofurovning yangi reglament, Superliga formati haqidagi fikr va mulohazalari

Omon G‘ofurovning yangi reglament, Superliga formati haqidagi fikr va mulohazalari
Professional futbol ligasi tomonidan bir qator islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, yakuniga yetayotgan joriy yilda bir qator muhim qarorlar qabul qilindi, jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Bu yil esa ilk bor yangi ko‘rinishdagi Superliga va Pro-liga nomi ostida chempionatlarimiz o‘tkazildi. Albatta, boshlanishi chakki emas. Muhimi, PFL yana izlanishda va rivojlanishda davom etmoqda.

Lekin bu borada ayrim muammo va kamchiliklardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, PFL tanqidlardan o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarmoqda. Tashkilot bosh direktori Omon G‘ofurov esa futbol avvalo millionlar o‘yini ekanligini yaxshi anglagan holda ushbu sport turini ishqibozlarsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini inobatga olib, stadionlarga muxlislarni qaytarish borasida ham samarali ishlar olib borilishida bosh-qosh bo‘ldi.

Kelasi mavsum uchun esa PFL tomonidan yangi reglament ishlab chiqildi. Omon Fayzullayevich SPORTS.uz muxbiri bilan suhbat jarayonida dastlab yangi reglament haqida to‘xtalar ekan, nimalarga e’tibor qaratilgani, qanday yangiliklar bo‘lishi haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

- Barcha musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va ularga professional futbol klubi maqomini belgilash bo‘yicha litsenziyalash ham hisoblanadi, - deya gap boshladi, PFL bosh direktori. - Oldin reglament rus tilida bo‘lardi va hamma-hammasi bitta kitobchaning ichiga kiritilardi. Misol uchun litsenziyalash ishlari, stadion bo‘yicha nizom va yana boshqa-boshqa masalalar. Muhtaram Yurtboshimizning mamlakatimizda futbolni jadallik bilan rivojlantirish yuzasidan qaratayotgan e’tibori hamda qarorlari O‘zbekistonda futbolning yanada oldinga siljishida katta turtki bermoqda. Shu munosabat bilan Prezidentimizning 3610-sonli qarorida professional futbol klublariga soliq to‘lovlaridan qandaydir imtiyozlar berilgan. Biz esa yangi reglamentda ushbu jihatni ham e’tiborga olganmiz.

Avvalo shuni aytishim kerakki, professional futbol klubi deganda nima bo‘lishi kerak? Bu borada aynan kimlarga imtiyoz berilishi kerak? Ya’ni, biz bilmagan va tanimagan klublar ham paydo bo‘lib qolishyapti. Aniqrog‘i, qaysidir korxona o‘zining futbol jamoasini tashkil qilyapti va bundan maqsad soliq to‘lovlaridan qutulib qolish maqsadida o‘zlariga niqob qilib olishgan. Kimdir korxona ochyapti-da, uning qoshida futbol klubini ham tashkil qilib, natijada soliq to‘lovlaridan ozod bo‘lishni o‘ylashmoqda. Biz esa reglamentni har tomonlama puxta ishlab chiqishga harakat qildik.

Superliga va pro-ligadan tashqari, endi alohida ikkinchi liga musobaqasini ham tashkil qilamiz. Bu yil pro-liganing “V” guruhida qatnashgan jamoalar endi kelasi yildan ikkinchi ligada ishtirok etishlari mumkin. Endi bo‘lsa, pro-ligada ham talablarni kuchaytirdik. Hammasi Superligaga yaqinroq bo‘lish maqsadida qilinmoqda. Lekin o‘z o‘rnida shuni ham ta’kidlashni xohlardimki, hali chempionatda qaysi jamoalar qolishini ham hech kim bilmaydi. Bu Superliga va pro-liga klublariga taalluqli. Muhimi, qaysi jamoalar belgilangan talablarni qat’iy ravishda bajaradigan bo‘lishsa, o‘shalar Superliga va pro-ligada qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shuningdek, stadionlar masalasi bo‘yicha ham biz alohida reglament ishlab chiqdik. Bizning yangi talab va reglamentni qayerdan ishlab chiqdik, degan savol tug‘ilishi ham mumkin.

Masalan, OFK, Ispaniya La Ligasi kabi kuchli chempionatlarning reglamentlarini o‘rganib chiqqan holda ulardan o‘rnak oldik. Shuningdek, yaqinda yurtimizga Rossiya futbol ittifoqidan mutaxassislar kelib ketishdi. Biz reglamentni tuzishda ular bilan ham maslahatlashdik. Xullas, klublarni litsenziyalash va ularga professional futbol maqomini berish bo‘yicha biz ko‘pchilik bilan atroflicha maslahatlashgan holda yangi reglamentni ishlab chiqdik. Bunda professional futbol klubi aslida qanday bo‘lishi kerakligi haqida ham to‘xtalingan. Ayollar futboli, futzal, bolalar futboli, akademiya, umuman hammasi e’tiborga olingan. Masalan, futbol akademiyasida 11-18 yoshli bolalar albatta futbol klubi qoshida bo‘lishi kerak.

Biz bolalar futboliga ham asosiy urg‘uni qaratganmiz. Agar biz shu yo‘nalishga yanada jiddiyroq e’tibor berib, ko‘proq ishlasak, ertaga yangi iqtidorlar o‘zimizdan yetishib chiqadi, xorijdan legionerlarni izlab yurishmaydi. Shu bois albatta 11 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘z jamoalari bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, o‘rinbosarlar jamoasi o‘rnida endi U-21 chempionatini tashkil qilamiz. Xabaringiz bo‘lsa, ilgari yoshlar ligasida o‘z nomiga yarasha yoshlar o‘ynashi kerak bo‘lsa-da, yoshi katta futbolchilar ham ko‘pchilikni tashkil qilardi. To‘g‘ri, bir jamoa safida ikki-uchta mana shunday o‘yinchilar bo‘ladi.

Ammo endi yangi mavsumdan e’tiboran qat’iy tarzda U-21 chempionatini yo‘lga qo‘yamiz. Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi oldiga jiddiy va katta maqsadlar qo‘yilgan. Biz esa yangi reglamentda albatta har bir klubning U-21 jamoalari bo‘lish kerakligini alohida ko‘rsatib o‘tganmiz. Ushbu jamoada o‘ynaydigan futbolchilar esa bizning kelajagimiz hisoblanishadi. Ertaga ularning orasidan olimpiya terma jamoamiz uchun yangi nomzodlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Endi yoshlar ligasi tugatildi.

Yana bir gap: PFL yangi mavsumda Superliga klublariga bir muncha yengilliklarni yaratish maqsadida uning qaramog‘ida bo‘lgan futzal va ayollar jamoalarini moliyalashtirishdan chiqarib yuborish borasida ham xabarlar tarqalgandi. O‘z navbatida Omon G‘ofurov bilan muloqot jarayonida ushbu masalaga ham oydinlik kiritib o‘tishini so‘radik.

- Yo‘q, bunday emas. Biz ularni klublar tasarrufidan chiqarib yubormaymiz, balki bu ishni soddalashtirmoqdamiz. Moliyaviy tomondan jamoalarga qulaylik bo‘lishi uchun turli yo‘llarini qidirib ko‘rdik. Bungacha futzal jamoalari uy-safar tizimi bo‘yicha chempionatda qatnashib kelishgandi. Endi esa futzalni umumlashtirgan holda bitta joyda o‘tkazamiz. Masalan, mart oyida Toshkentda barcha futzalchilarni yig‘ib, o‘sha yerda o‘yinlarini o‘tkazishadi. Biz bu borada futzal jamoalari bilan ham gaplashdik. Futzal musobaqalarining o‘tkazilish kunlarini ham belgilab qo‘ydik. Ayollar futbolida ham shunga o‘xshash qulayliklarni ko‘rib chiqyapmiz. Bu bilan Superliga klublariga og‘irlik tushmasligi uchun yengillik yaratib beryapmiz. Biz jamoalarni qiynab yuborish maqsadida emasmiz.

PFL bosh direktori aytib o‘tganidek, hali Superligada qaysi jamoalarning qatnashishi ma’lum emas. Bu nima degani? Gap shundaki, PFL endi o‘z pozitsiyasida qat’iy turgan holda o‘zi ishlab chiqqan yangi reglament talablarini va litsenziyalash ishlarini to‘liq bajargan klublarni chempionatda qatnashishiga ruxsat beradi. Bu borada gap ketganda, kelasi yili ham Superligada 12 ta klub ishtirok etadi. Faqat o‘sha 12 ta jamoa PFL istagan qiyofaga kira olsa bas. Xo‘sh, kelasi yili Superliga formati qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Bu borada har kim turli fikrlarni bildirmoqda. Yoki yana oltin ochko tizimi o‘z kuchida qolarmikin? Bunday vaziyatda esa G‘ofurovning o‘zidan aniqroq javobni eshitish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

- Keyingi yilga ham yana shu tizimni sinab ko‘rmoqchi bo‘lib turibmiz. To‘g‘risi, klublar ham bu tizimni ancha-muncha o‘rganib, tushunib olishdi. Lekin hozircha bu masala ko‘rib chiqilyapti. Ko‘plab mutaxassislar bilan ham shu mavzuda gaplashyapmiz va ular yana shu tizim o‘z kuchida qolishi borasida o‘z fikrlarini bildirishyapti. Boshida esa bu yangi tizimni klublar unchalik tushunishmadi. Faqat “Paxtakor” klubigina bu tizim bo‘yicha shikoyat qildi. Aytishicha, ular ko‘proq ziyon ko‘rishdi. Lekin yil boshida biz hamma jamoalarga yangi format haqida yetarli darajada tushuntirish berib o‘tganmiz. Yana bu masalani ko‘rib chiqamiz. Mutaxassislar bilan maslahatlashib, tez orada qarorni e’lon qilamiz.

Shuningdek, PFL asosan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. Endilikda esa ushbu tashkilot “Milliy” (sobiq “Bunyodkor” stadioniga ko‘chib o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

- Ha, biz “Milliy” stadionga ko‘chib o‘tdik. Professional futbol ligasi tashkil qilinganidan beri O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan bitta joyda bo‘lgan. Umid Ahmadjonovning topshirig‘iga asosan O‘FA bilan PFL alohida bo‘lgani yaxshi. Masalan, PFL o‘z klublarini kerak paytda qo‘llab-quvvatlaydi, zarur bo‘lsa, kamchiliklarini bartaraf etishda ko‘mak beradi. Boshqa mamlakatlarda ham ko‘rsangiz, futbol assotsiatsiyasi bilan PFL boshqa-boshqa tashkilotlar sifatida joylashishgan. Futbol assotsiatsiyasi o‘zining terma jamoalarini o‘ylaydi, o‘quv-mashg‘ulotlari, xorij yig‘inlari, FIFA kunlaridan unumli foydalanish kabi masalalar ustida ishlaydi. Biz esa klublarimizni rivojlantirish bo‘yicha o‘z ishimizni olib boramiz, - deya javob qaytardi, Omon Fayzullayevich.

- Darvoqe, kuni kecha PFL bosh direktorining o‘z lavozimini tark etgan holda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti sifatida ishga kirishgani haqidagi xabarlar ham muxlislarni bee’tibor qoldirgani yo‘q. O‘z navbatida Omon G‘ofurovdan mazkur masalaga ham oydinlik kiritishini so‘raganimizda qisqacha qilib shunday dedi:

- Yo‘q, bunday o‘zgarish bo‘lmadi. Hozir ham professional futbol ligasida o‘z ishimni davom ettiryapman. Bu bo‘lmagan gap.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Omon G‘ofurovning yangi reglament, Superliga formati haqidagi fikr va mulohazalari