3 276
Dragan Cheran: "Qashqadaryo hokimi, maqsadsiz hamda tez taslim bo‘ladigan o‘zbek futbolchilari va terma jamoadan taklif"
"Paxtakor" yarim himoyachisi Dragan Cheran mozzartsport.com nashriga intervyu berib, O‘zbekistondagi faoliyati va hayoti haqida batafsil gapirdi.
- Agar kimdir "Sen O‘zbekistonga yo‘l olib, u yerda eng yaxshi futbolchi bo‘lasan" deganida, ishonmagan bo‘lardim... Hammamizning o‘z maqsad va orzularimiz bor. Hamma Yevropada o‘ynashni xohlaydi, ammo Osiyoda baxtli insonga aylandim. Bu taqdir...- deya intervyuni boshladi Dragan Cheran.
- Qanday qilib O‘zbekistonga borib qoldingiz?
- "Vardar"da Chempionlar ligasi saralashiga tayyorgarlik ko‘rayotgan edik. Qaydnomaga kiritishmadi, chunki chet ellik futbolchilar keragidan ko‘proq edi. Qozog‘iston, O‘zbekiston va yana uchta mamlakatda ishlovchi agent Sinisha Brankovich menga taklif bilan chiqdi. Uni tanimasdim va menda hech qachon agent bo‘lmagan. Brankovich meni O‘zbekiston klublariga taklif qilmoqchi edi. Bir necha yil oldin bu mamlakatda Rivaldo, Skolari, "Bunyodkor" nomlari mashhur bo‘lgan. O‘zbek futboli haqida faqat shularni bilardim. Boshqa hech narsa.
- Sizni qanday ko‘ndirishdi?
- Brankovich "Nasaf"ga meni taklif qildi. Baxtimga bu klubda hamyurtim Deyan Bolevich o‘ynardi. U men bilan bog‘lanib, jamoaga kelsam hammasi yaxshi bo‘lishini aytgan.
- Google orqali ma’lumot izladingizmi?
- Taklif haqida o‘n kun o‘yladim. Mamlakat, shahar va klub haqida ma’lumot qidirdim... Ammo hech narsa topa olmadim! Klubning rasmiy sayti bor ekan, biroq shahar haqida ma’lumot yo‘q edi. Meni Bolevich ko‘ndirdi.
- Ko‘nikish qanday kechdi?
- Yangi hayot, uslub, madaniyat... Yangi mamlakatdagi dastlabki kunlar men o‘rgangan hayotdan farq qilardi. Klubga kelishim bilan Bolevich jamoani tark etdi. Ma’lum bo‘lishicha, bunga men sababchi bo‘lgan ekanman, chunki klubda legionerlar soni keragidan ortib ketgan edi. Keyin unga uyga birga qaytishni taklif qildim, u esa meni qolishga ko‘ndirdi.
- Klubdagi dastlabki kunlaringiz haqida gapirib bersangiz.
- Bir necha kun oldin jamoaga mendan oldin yana bir serb - Ognen Krasich kelgan edi. Hozir u "Vozdovatse"da o‘ynaydi. Moslashish jarayonini birgalikda o‘tkazdik. U avval Qozog‘istonda o‘ynagan edi, shu sababli ruschani bilar ekan, menga katta yordam berdi. Ozarbayjonda o‘ynaganimda men ham rus tilini biroz o‘rgangan edim. "Nasaf"da futbolchilar o‘zbek va rus tilida gaplashishar ekan. Toshkentda esa ba’zilar ingliz tilida muloqot qiladi.
- Demak, klubning nomi "Nasaf". Shaharning nomi qanday?
- Qarshi. Cho‘lda joylashgan shahar. Shu sababli klubga kelganimdan bir necha kun o‘tib ketishni istaganman. Biroq baza zo‘r bo‘lgan, unda hamma narsa bor edi. Bazadan chiqishingiz bilan depressiya, cho‘l, chang boshlanadi... Buni ko‘rmaguningizcha so‘z bilan tasvirlab bera olmayman.
- Bu mamlakat mentaliteti va an’analari haqida nima deya olasiz? Odamlari qanday?
- Ular e’tiqodli. Namoz o‘qishadi, duo qilishadi. Oilasi bilan ahil. Ularning ko‘pchiligi ishdan so‘ng qahvaxonalarga kirishmaydi. Men dindorlar haqida gapiryapman. Biroq Qarshida bizga o‘xshaganlar ham bor. Ularning aksariyati aroq ichadi. O‘zbeklar begonalarga katta hurmat ko‘rsatishadi va ular juda mehmondo‘st. Yosh futbolchilar esa so‘raydi, o‘rganadi... Biznikilarga o‘xshamaydi. O‘zbekistonda biror yosh futbolchi o‘zidan yulduz yasab olsa, murabbiylar uni klubning U23 jamoasiga qaytarib, yigitchani o‘ziga keltirib qo‘yishadi.
- Odatlar haqida ham gapirsangiz...
- Ular stadion oldida qo‘y so‘yishadi. Ishimiz yaxshi bo‘lsaham, omadsizlikka uchrasak ham qo‘y so‘yishadi. Bunday odat Turkiyada ham bor.
- O‘zbekiston qanday mamlakat?
- Bu paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turuvchi davlat. Oltin qazib olishda ham uchinchi. Ularda neft va gazning katta zaxirasi bor. Biroq mamlakatda kambag‘allar bor. Poytaxt - Toshkentda bu ko‘rinmaydi, chunki shahar Yevropaga intilmoqda. Ammo kichik shaharchalarda kambag‘allarni uchratish mumkin. Maosh 100-200 dollarni tashkil qiladi, odamlar bunga rozi. U yerda o‘rta daraja yo‘q.
- O‘zbekistondagi birinchi klubingiz qanday bo‘lgan?
- "Nasaf" ajoyib, yaxshi tashkillashgan jamoa edi. Homiy ham shunga yarasha bo‘lgan. Har bir klubga neft kompaniyasi homiylik qilgan. Bu katta pullar. Yillik budjet 6 mln. yevroni tashkil qilgan. Eng asosiysi - hokim futbolga qiziqadigan inson bo‘lishi kerak. Dastalbki 1,5 yil ajoyib o‘tdi, keyin hokim o‘zgardi va u sportga pul tikishni istamadi. Shu sababli klubni tark etdim. Jamoa Yevropa ligasi analogi bo‘lgan OFK Kubogida zafar quchdi. Ammo o‘zbeklar va Osiyoning boshqa jamoalari endi bu turnirda ishtirok etishmayapti, chunki ular bu musobaqa jamoalaridan kuchliroq. O‘zbek klublari hozir faqat Chempionlar ligasida o‘ynashyapti.
- Futbolchi O‘zbekistonda qancha maosh olishi mumkin?
- Ular futbolchilarga shubha bilan qarashadi va klublar sizni yarim mavsum sinab olishi kerak. Agar siz yaxshi o‘ynab ketsangiz, ular sizga oyiga 15-20 ming dollar to‘lashlari mumkin. Men "Nasaf"dek klub haqida gapiryapman. Bunday pullar faqat legionerlarga beriladi. Mahalliy futbolchilar kamroq pul topadi. Ammo ular bundan mamnun.
- "Nasaf"dagi hayotingiz haqida gapirib bersangiz.
- Klubdagi dastlabki yilimda Chempionlar ligasiga chiqa olmadik, ammo keyingisida buni uddaladik. Guruh bosqichida Eronning "Persepolis", Xavi qo‘l ostidagi "Al-Sadd" va Dubayning "Al-Vasl" klublariga qarshi o‘ynadik. 10 ochko to‘plab, uchinchi o‘rinni egalladik. Odatda buncha ochko to‘plasangiz keyingi bosqichga chiqasiz. Ammo "Persepolis" va "Al-Sadd" pley-off raundiga yo‘l oldi va ular yarim finalgacha yetib borishdi. Bu kichik final, chunki Osiyoda Chempionlar ligasi ikki qismga bo‘lingan. Ularning birida Saudiya Arabistoni, Eron, BAA, Qatar va O‘zbekiston kabi musulmon davlatlar bo‘lsa, ikkinchisida Xitoy, Yaponiya, Koreya, Tailand va Avstraliya ishtirok etadi.
- Siz Xaviga qarshi o‘ynaganmisiz? Bu "Barselona"dagi yarim himoyachimi?
- Xavi - afsona. U orqaroqqa qaytib to‘pni qabul qilib, tezda o‘giriladi va tezda vaziyat yaratadi. Hayratdan qotib qolasiz. Hozir uning yoshi o‘tib qolgan, biroq to‘pni olish uchun unga yaqinlasha olmadim. Ichingizda shunday deysiz: "U keksayib qolgan, hozir unga ko‘rsatib qo‘yaman". Xavining oldiga yaqinlashasiz va... U tomon yugurishni boshladim, ispaniyalik esa boshqa tomonga burilib oldi. Uning yengil harakatlari, to‘pni qabul qilishi... Xavi to‘p havodaligidayoq keyingi harakati borasida bir qarorga kelgan bo‘ladi. Bizlar esa avval to‘pni to‘xtatib, keyin boshni ko‘taramiz va atrofga alanglaymiz.
- Nega "Nasaf"da qolmadingiz?
- Chempionlar ligasini tark etganimizdan so‘ng budjetimizni qisqartirishdi va legionerlarga pul to‘lay olmasliklari haqida aytishdi. Klubni o‘zgartirmoqchi emasdim, ammo shunga majbur bo‘ldim. "Nasaf" bilan chiroyli xayrlashdik. O‘sha paytlar menda "Paxtakor" va Tailanddan taklif bo‘lgan. O‘zbekistonda qolishga qaror qildim.
- "Paxtakor" nomini bizdagilar yaxshi bilishmaydi, ammo bukmekerlik kontorasida o‘ynaydiganlar klubni tanishi mumkin...
- Bu mamlakatning eng yaxshi, eng mashhur va eng ko‘p sovrin yutgan jamoasi. Ushbu klub ko‘plab yillar davomida SSSR chempionatida ishtirok etgan yagona o‘zbek klubi bo‘lgan.
- Demak, katta o‘sishga erishibsiz, shundaymi?
- Shunday lekin, katta emas. Shahar o‘zgartirdim desam ham bo‘ladi. Yangi klubimda "Nasaf"da men bilan o‘ynagan 5-6 nafar futbolchi to‘p tepardi. Moslashish yaxshi o‘tdi.
- Hech bo‘lmasa shahar o‘zgartirdingiz.
- Har qanday mamlakatda poytaxt eng zo‘r shahar bo‘ladi. Bu yerda dam olish uchun variantlar avvalgidan ko‘proq. "Nasaf"da bazada yashab, faqat futbol haqida o‘ylagan bo‘lsam, Toshkentda futboldan tashqari hayot ham paydo bo‘ldi.
- O‘zbek futbolchilari va murabbiylarining saviyasi qanday?
- "Nasaf"da kunini futbol o‘ynab o‘tkazadigan ajoyib ekspert bo‘lgan. U yaxshi psixolog ham. Yoshlar esa tezkor. Ularda iqtidor bor.
- Bu mamlakatning eng yaxshi futbolchisi kim?
- U "Rostov"da o‘ynaydi. Shomurodov. Ahmedov degani ham bor, u Xalk bilan birga Xitoyda to‘p tepadi. Bu ikkisi katta o‘sishga erishdi. Qolganlari Qatar, BAA va boshqa davlatlarda.
- Terma jamoachi?
- O‘zbekiston terma jamoasiga Ektor Kuper taklif qilindi. U mentalitetni o‘zgartirishga urindi, ammo befoyda... O‘zbeklarda maqsad yo‘q, tez taslim bo‘lishadi va katta bahslardan qo‘rqishadi. Kuper haydaldi va endi jamoani mahalliy murabbiy boshqarmoqda. O‘zbeklar Karlos Keyrushni olib kelishga urinishdi, biroq u 6-7 mln. yevrolik maosh so‘radi.
- O‘zbekistonda futbolga berilayotgan e’tibor qanday?
- Ularda jang san’ati bo‘yicha kuchli sportchilar bor, futbol esa - eng mashhur jamoaviy sport turi. Futbolga katta pullar ajratilmoqda, stadion va akademiyalar qurilyapti. Biroq bu sekin amalga oshyapti.
- Stadionga qancha muxlis tashrif buyuradi?
- Agar bahs derbi maqomida bo‘lsa, 15-20 ming ishqiboz keladi. Oddiy o‘yinlarda esa 6000-7000. Bu raqibga bog‘liq. Ularda ko‘p muxlis keladigan alohida klublar bor. Masalan, "Navbahor". Har o‘yinda stadionga 15-20 ming ishqiboz to‘planadi. Ammo bu viloyat, odamlari qaynoq. Xuddi Novi Pazarga o‘xshaydi.
- "Paxtakor"dagi birinchi o‘yiningiz qanday kechgan?
- Ahlat! Birinchi o‘yinimda penaltidan gol ura olmaganman. Keyin 6-7ta bahsda raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadim. Bosh murabbiyga qayerda o‘ynashimni tushuntirgunimcha 2 oy o‘tdi. Unga men himoyaviy harakatlarni boshqaradigan futbolchi emasligimni aytdim va u meni oldinroqqa o‘tkazdi. Bu yil esa erkin ijodkor rolini bajaryapman va ishlarim juda yaxshi. Joriy mavsum men uchun o‘zgacha yakunlandi. Biz tarixda ilk marotaba uchta sovrinni qo‘lga kiritdik. Men esa chempionatning eng yaxshi futbolchisi va musobaqa to‘purari bo‘ldim. Faoliyatimdagi eng yaxshi mavsum bo‘ldi.
- Qanday qilib o‘yiningiz bu darajada ochilib ketdi?
- O‘zim ham bilmayman... Birinchi mavsum qiyin kechdi. Sovrinni qo‘ldan boy berdik. Keyin jamoa jiddiy o‘zgardi. Terma jamoa Osiyo Kubogida bir nechta uchrashuv o‘tkazdi va biz chempionatga tayyorgarlikni yoshlar bilan boshladik. "Paxtakor"ni OCHL saralash o‘yinlari kutib turgandi. Turnir boshlanishi bilan ishlarimiz yurishib ketdi. Klub ba’zi legionerlardan qutilib, kuchli mahalliy futbolchilarni jalb qildi.
- "Paxtakor"ni kim moliyalashtiradi?
- Bosh homiy - Alisher Usmonov. Rossiyalik milliarder O‘zbekistonda tug‘ilgan. Bir necha yil oldin u "Arsenal"dagi aksiyalarini 600-700 mln. yevroga sotdi. Alisher Usmonovning o‘zi klub ishlarida ko‘rinmaydi, u tayinlagan odam "Paxtakor"ni boshqaradi. Bugungi kunda klub budjeti 20 mln. yevroni tashkil qiladi. Homiylar soni ko‘payib qoldi. Mish-mishlarga ko‘ra, klub Adebayor, Obi Mikellarni olib kelmoqchi. Ko‘ramiz, nima bo‘lar ekan. Bosh murabbiy Shota Arveladze haqiqatdan ham shu ikki futbolchi bilan ishlamoqchi.
- O‘zbek OAV yozishicha, ular sizga fuqarolik taklif qilib, terma jamoada o‘ynashingizni xohlashyapti. Bu haqiqatmi?
- Ular hali ham bu g‘oyadan voz kechishgani yo‘q. Ammo FIFA qoidasi bo‘yicha - siz o‘sha mamlakatda kamida 5 yil istiqomat qilgan bo‘lishingiz kerak. Pasportni ertagayoq olishim mumkin, biroq FIFA qoidasini chetlab o‘ta olmayman. O‘zbekistonda to‘p tepayotganimga 3,5 yil bo‘ldi. Ektor Kuper meni terma jamoada ko‘rmoqchi edi. Yangi murabbiy ham shu fikrda. Biroq men bu mamlakat pasportini olganimda 34 yoshda bo‘laman va bu yoshda terma jamoaga foydam tegarmikan?
- Siz O‘zbekistondagi eng mashhur serb emassiz. U yerda Lyubinko Drulovich ham ishlayapti.
"Lyube hozir olimpiya terma jamoasini boshqarmoqda va ular Tokio yo‘llanmasi uchun kurashishyapti. Murabbiy bilan tez-tez ko‘rishib turaman. Olimpiada yo‘llanmasi o‘zbeklar uchun juda muhim.
- "Paxtakor"dagi maqsadlaringiz qanday?
- Chempionlar ligasi 10 fevraldan start oladi. Guruhimizda turnir chempioni "Al-Hilol", Dubayning "Al-Ahli" va saralashdan chiqqan jamoa bo‘ladi. Maqsad - guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlash. O‘tgan yili 93-daqiqada "Al-Ahli"dan gol o‘tkazib yuborib, pley-offdan quruq qolgan edik. Bu yiligi nishon - guruhdan chiqish.
- Mukofot pullarichi?
- Mukofot puli bor. Ammo shartnomada qandaydir vazifa uchun mukofot belgilanmagan. Bu narsa hech qachon menga yoqmagan, chunki pul uchun egoist bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Qandaydir 1000-2000 dollar uchun o‘zingizni jamoadan ustun qo‘yish?! Umuman olganda grandlarni hisobga olmasak Osiyo klublari Yevropadan ko‘proq to‘lashadi.
- Qachongacha O‘zbekistonda qolmoqchisiz?
- Bilmayman. Hech qayerga ketish niyatim yo‘q. Bu haqida o‘ylamayapman. Men mamlakatning eng kuchli klubida o‘ynayapman, yaxshi shartnomam bor, oilam men bilan, yana nima kerak? Klub bilan yana 2 yillik kelishuvim bor.
- Boshqa klublardan ham taklif bo‘lganmi?
- "Persepolis" meni xarid qilmoqchi bo‘lgan. Ular men uchun 1 mln. dollar to‘lashga tayyor edi, o‘zim ham kuchimni bu klubda sinab ko‘rishni niyat qilgandim. Chunki bu Eronning eng yirik klubi. Ammo ular Isroilda o‘ynaganimni eshitib, taklifni bekor qilishdi. Isroilda yashagan inson Eronda ishlash haqida unutishi mumkin.
- "Paxtakor"dagi eng kuchli jamoadoshingiz kim?
- Ayni damda eng zo‘ri Masharipov (Jaloliddin). U bir mavsumda 37ta golli pas berishga muvaffaq bo‘ldi. Masharipov natijani o‘zgartirib yubora oladigan futbolchi. U ikkala qanotda, hujumchi ortida o‘ynay oladi. Jaloliddinning texnikasi kuchli va u futbol o‘ynashni yaxshi ko‘radi. Bu yigit to‘p bilan raqiblar ustidan kula oladi. Yaqindagina Xavi qo‘ng‘iroq qilib, uni "Al-Sadd"da kutayotgani aytdi. Bu katta sharaf. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi