08:33 / 29.06.2020
2 315

Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi! Yelichich, Xomyakov...Fyodorovning kursisi qimirlab qoldi(mi)?

Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi! Yelichich, Xomyakov...Fyodorovning kursisi qimirlab qoldi(mi)?
Hozirgi paytda “Lokomotiv” osmonini qora bulutlar qoplagan. Pandemiyadan keyin temiryo‘lchilar qatorasiga uchta o‘yindan beri faqat yutqazmoqda. Bunday salbiy natija esa “Lokomotiv”dek klubga yarashmaydi.

Har holda bungacha asosan chempionlik uchun kurashgan jamoaning mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolishi g‘alati tuyular ekan. Ammo bu – futbol va unda kim yutishiyu, kim yutqazishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Shunisi aniqki, “Loko” o‘z darajasida o‘yin ko‘rsata olmayapti.

To‘g‘ri, klubni yetakchilar tark etishdi, jamoa o‘yinida esa muammolar bor, yo‘q emas. Biroq har qanday vaziyatda ham natijaga javob beradigan odam – bu bosh murabbiy! O‘z maydonida “Metallurg” (0:3) hamda “So‘g‘diyona”ga (1:2), so‘ng “Bunyodkor” (2:0) maydonida mag‘lubiyatga uchragach, kutilganidek, “Loko” ustozi Andrey Fyodorovning iste’fosi haqidagi gaplar ko‘paydi va bu tabiiy hol edi, aslida.

Oxirgi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan murabbiyning o‘ziga ham iste’fosi haqida savol berishganida, hali rahbariyat bu masala bo‘yicha ishdan bo‘shash haqida aytishmaganini ma’lum qilgandi. Shu kungacha Andrey Vitalevichning ishdan bo‘shaganligi xususida hech qanday rasmiy xabar chiqqani yo‘q va murabbiy klubdagi ishini doimgidek davom ettirib kelmoqda.

Lekin shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, degan gap bor. Shunisi aniqki, Fyodorovning egallab turgan kursisi qimirlab qolgan. Qolaversa, so‘nggi paytlarda “Lokomotiv”ning bosh murabbiyligi uchun ayrim mutaxassislarning ham nomzodlari borasida eshitib turibmiz.

Masalan, “Loko” uchun begona bo‘lmagan murabbiy – Mirko Yelichichning yana sobiq klubiga qaytishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar qulog‘imizga ham chalindi. Uni ilgari ham temiryo‘lchilarga bosh murabbiylik qilgan holda samarali faoliyat olib borganini yaxshi bilamiz. Hozirda esa u O‘zbekiston milliy terma jamoasida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlamoqda. Xo‘sh, uning “Loko”ga qaytishi qanchalik haqiqatga mos tushadi? Bu haqida klub matbuot xizmati bilan bog‘langanimizda Yelichich bor e’tiborini terma jamoaga qaratganini, boshqa klubda ishlamasligini aytishdi. Ya’ni, klubda Mirko Yelichich masalasi ko‘rilmayapti.

Bundan tashqari, yana bir nomzod murabbiy sifatida Aleksandr Xomyakov ham tilga olinmoqda. Aslini olganda, bu variant anchadan beri mavjud bo‘lib, hattoki, murabbiy “Andijon”da ishlab yurganida, aniqrog‘i joriy mavsum avvalida, Fyodorov kelmasidan oldin ham “Loko” uning xizmatiga qiziqish bildirgani borasida xabarlar yo‘q emasdi. Ayni paytda hech qayerda ishlamayotgan mutaxassisning nomzodi yana “Lokomotiv”ning ro‘yxatidan joy olgan bo‘lsa, bundan ajablanmaymiz.

Biroq Aleksandr Andreyevichning o‘zi bilan shu haqida gaplashganimizda, bunday xabarni tasdiqlamadi va klubdan unga hech kim aloqaga chiqmaganini aytdi. Bundan tashqari, Xomyakovning ish uslubi “Lokomotiv”ga qanchalik mos kelarkin? Boisi, u asosan iqtidorli yoshlar bilan ishlashga odatlangan, yoshi katta, tajribali o‘yinchilar bilan esa ko‘p ham ishlayvermasligini bunga qadar boshqargan klublarida guvoh bo‘ldik. “Lokomotiv”da esa yosh futbolchilar bilan birga, tajribali o‘yinchilar ham bor. Xullas, Xomyakovning temiryo‘lchilarda ish boshlashi ham hozircha quruq safsataga o‘xshab turibdi, yana kim biladi deysiz?!

Umuman olganda, Andrey Fyodorov vaziyatni tezroq o‘nglamasa bo‘lmaydi. Aks holda u aniq ishidan ayrilib qolishi turgan gap. Axir ketma-ket mag‘lubiyatlar kimga ham yoqardi? Hozircha “Lokomotiv” matbuot xizmati Fyodorovning iste’foga chiqmaganini va o‘z ishini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Demak, navbatdagi bahsga ham “Loko”ni uning o‘zi tayyorlamoqda. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi! Yelichich, Xomyakov...Fyodorovning kursisi qimirlab qoldi(mi)?