19:33 / 20.10.2020
2 700

Islom To‘xtaxo‘jayev: "Yaponiya, Koreya, Eron bilan raqobatlashish uchun sharoitlarni ham shunga yarasha qilib qo‘yishimiz kerak"

Islom To‘xtaxo‘jayev: "Yaponiya, Koreya, Eron bilan raqobatlashish uchun sharoitlarni ham shunga yarasha qilib qo‘yishimiz kerak"
O‘zbekiston milliy terma jamoasining oktabr oyidagi yig‘iniga mahalliy futbolchilar qatori bir qator legionerlar ham taklif etildi.
Biroq, ushbu yig‘inga Odil Ahmedov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Jamshid Iskanderov kabi legionerlarimizni ma’lum sabablarga ko‘ra jalb qilishni imkoni bo‘lmadi.

Himoya chizig‘imizda bir necha yillardan beri ishonchli harakat qilib kelayotgan Islom To‘xtaxo‘jayev joriy yilda faoliyatida ilk bor legionerga aylanganini bilsangiz kerak. Xitoy birinchi ligasi vakili bo‘lgan "Shenyang Urban" klubi safida to‘p tepayotgan hamyurtimiz o‘z jamoasining muhim futbolchisiga aylana oldi. Yaqinda ushbu futbolchimizga yuzlanib Xitoydagi faoliyati, terma jamoamizning so‘nggi o‘yinlari hamda boshqa mavzularda suhbatlashdik.

- Bugungi kunda Xitoydagi faoliyatingiz qanday ketmoqda? Legioner sifatidagi debyut mavsumingizdan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Xudoga shukur faoliyatim qoniqarli ketyapti. Albatta, jamoaga kelgan dastlabki kunlarimda qiyinchiliklar bo‘ldi. Lekin, barchasiga ko‘nikib ketdim deya olaman. Jamoamiz Superligaga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi. Endilikda mavsumni nisbatan yaxshiroq o‘rinlarda yakunlashga harakat qilamiz.

- Xitoy birinchi ligasida Samvel Babayan boshqaruvidagi "Chanchun Yatay"ga qarshi maydonga chiqdingiz, o‘zbekistonlik murabbiyning jamoasiga bilan bahslardan qanday taassurotlar qoldi?
- Birinchi o‘ynagan uchrashuvimiz va yaqinda bo‘lib o‘tgan o‘yinni o‘rtasida farq katta bo‘ldi. Samvel Babayan bilan "Chanchun Yatay" o‘sishga erishgani ko‘rinib turibdi. Futbolchilar ham qattiq mehnat qilishganligi maydonda sezildi.

- Rostdan ham Samvel Vyacheslavovich ustosligidagi jamoaning natijalari ham chakki emasdi. Shu bois ham uning iste’fosi tushunarsizdek ko‘rindi...
- To‘g‘risi nima sababdan ketganini tushunmadim. "Chanchun Yatay" chempionatdagi qolgan jamoalarga qaraganda mazmunli o‘yin ko‘rsatayotgan edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Samvel Babayanga omad tilab qolaman.

- Klub tomonidan sizga yaratilgan sharoitlar xususida fikr bildirsangiz...
- Chempionat bahslari boshlangandan beri guruhdagi jamoalar bitta joyda yashayapmiz. Sharoitlar a’lo darajada bu yerda faqat futbol haqida o‘ylashingiz kerak, xolos. Ochig‘i, bu yerda yaratib berilgan sharoitlarni ko‘rib havasim keldi. Bizning futbolchilarga ham shunday joylarda mashg‘ulotlar o‘tkazish nasib qilsin.

- Murabbiy tomonidan sizga bo‘layotgan ishonch va o‘yin amaliyotidan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Bosh murabbiyimizning ishonchidan ko‘nglim to‘lyapti. Deyarli har bir uchrashuvda maydonga tushmoqdaman. Faqat oxirgi uchrashuvni kichik jarohat sabab o‘tkazib yubordim.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasining bu oyda o‘tkazgan ikki o‘rtoqlik o‘yini sizda qanday fikr uyg‘otdi, Eron bilan o‘yinda futbolchilarimiz o‘z darajasida o‘ynay olishmadi, himoyada xatolar yetarlicha kuzatildi. Bunday xatolar doimgidek rasmiy o‘yinlarda pand bermaydimi?
- Tan olish kerak, Eron bizdan oldinda. Shunaqa o‘yinlarda xatolar ko‘zga tashlanadi. Bizdan kuchsizroq raqiblar ustidan g‘alaba qozonib o‘zimizni xursand qilib yurgandan ko‘ra, Eron kabi kuchli jamoalar bilan o‘ynab xatolar ustida ishlashimiz ma’qulroq.

- BAA bilan o‘yinda raqib kutilganidek o‘ynay olmadimi yoki...
- Amirliklar bilan kechgan uchrashuvda futbolchilar murabbiylar tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni to‘liq bajarishdi deb o‘ylayman. Ikkinchi o‘yin Toshkentdagi o‘yinga qaraganda nisbatan osonroq o‘tdi. Birinchi o‘yinda Eron terma jamoasi imkoniyat bermagan vaziyatlarda BAA terma jamoasi imkoniyat berdi. Shuning biznikilar erkinroq harakat qilishdi.

- Vadim Abramov terma jamoa boshqaruvini qo‘lga olganiga bir yil bo‘ldi. Mana shu davr mobaynida terma jamoada nimalar o‘zgardi deb o‘ylaysiz? Menimcha hujumkor uslubda o‘ynayotganimizni aytmasa Kuperniki bilan natija bir xil. Argentinalik ham Eron, Yaponiya, Koreyaga yutqazdi. Abramov davrida ham Saudiya Arabistoni, Eronga mag‘lubiyatga uchradik...
- Vadim Abramov kelgach o‘yin uslubi, tarkibdagi futbolchilar o‘zgardi. O‘zining falsafasini va uslubini futbolchilarga yetkazishga harakat qilyapti. Yuqorida aytganimdek Eron, Yaponiya kabi termalardan hozircha ortdamiz. Ular bilan bemalol raqobatlasha oladigan jamoa shakllanishiga ishonaman. Murabbiy va futbolchilarni qo‘llab-quvvatlab turadigan muxlislarimiz bilan natijalar ham keladi.

- Odatda bu savolni faoliyatida ilk bor legionerga aylangan futbolchilarga beramiz. O‘zbek futboliga chetdan qaraganda qanday baho berish mumkin? Baribir chetga chiqqach solishtirish taqqoslash imkoni paydo bo‘ladi...
- To‘g‘risini aytganda o‘sha kuchli jamoalar bilan raqobatlashish uchun sharoitlarni ham shunga yarasha qilib qo‘yishimiz kerak. Oddiy misol, bizda maydon chimi, stadion yoritish tizimi, o‘yindan oldingi maydonga suv qo‘yish, uni o‘rish kabi kichik muammolarni ular ancha oldin esdan chiqarib bo‘lishgan.

- Odil Ahmedov bilan hamkorlikda Farg‘onada bolalar futbol klubini ochgan edingiz. Xo‘sh, bu borada ishlar qanday ketyapti?
- Ishlar yomon emas. Kichik maydon bor, buni yanada kengaytirishimiz kerak. Lekin, joy yo‘q. Bolalarni Otabek Isroilov shug‘ullantirmoqda. Boshlagan ishimizni yanada rivojlantirishimiz lozim. Maqsadimiz jamoalarga yaxshi futbolchilarni yetkazib berish.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Islom To‘xtaxo‘jayev: "Yaponiya, Koreya, Eron bilan raqobatlashish uchun sharoitlarni ham shunga yarasha qilib qo‘yishimiz kerak"