21:33 / 01.01.2021
2 772

Oleg Zoteyev O‘zbekistonni nega ikkinchi Braziliya deb atadi?

Oleg Zoteyev O‘zbekistonni nega ikkinchi Braziliya deb atadi?
Hamyurtimiz Oleg Zoteyev 2020 yilning ikkinchi yarmidan Janubiy Koreya birinchi divizionida “Chonnam Dragons” safida to‘p surib kelmoqda. U bor e’tiborini ushbu klubiga qaratgan.

Yakuniga yetgan mavsum Zoteyev uchun ham turli taassurotlarga boy o‘tdi. Spors.uz muxbiri bilan suhbatda Oleg qator e’tiborga molik holatlar haqida gapirdi.

- Menimcha, 2020 yil pandemiya sababli hammaga qiyin o‘tdi. Shu sababli chempionat ham unchalik qiziqarli bo‘lmadi. Masalan, O‘zbekiston chempionatida ham bir necha bor to‘xtalishlar bo‘ldi va qiziqish kamaydi. Men uchun bu yil u qadar yaxshi kechmadi, lekin bir tomondan qaraganda Janubiy Koreyaga ketganim va legionerga aylanganim ijobiy holat. Ikkinchi tomondan u yerda jarohat oldim va mavsumni bir tekis o‘tkaza olmadim. Bu yil umumiy hisobda 14 ta o‘yinda maydonga tushdim. Bir yilda kamida 30-35 ta o‘yinda ishtirok etardim.

Yangi mavsumda hammasi yaxshi bo‘ladi deb umid qilaman. O‘zimizda ham yigitlar astoydil tayyorgarlik ko‘rishlari kerak. Terma jamoa baribir terma jamoa. Futbolchilar yaxshi sport formasida bo‘la olishmasa hech qayerga chiqa olishmaydi. “Nasaf” ham, AGMK ham xalqaro maydonda muvaffaqiyatli qatnashishini xohlayman. Koreyada tartib-intizom boshqacharoq. Nasib qilsa, yangi mavsumda ham Koreya chempionatida to‘xtalishlar bo‘lmaydi. Klublari chetga chiqmasdan faqat o‘zida tayyorgarlik ko‘rishadi. Yangi mavsum 25 fevralda boshlanadi. O‘yinlar ketma-ket davom etadi, har 3-4 kunda.

- Shu yoshda legioner sifatida to‘p surish oson emas. Koreyada mavsum tugagach, aslida rejalaringiz qanday edi?
- To‘g‘risini aytsam, Janubiy Koreya chempionati menga juda yoqdi. Raqobat kuchli, qiziqarli o‘yinlar bo‘ldi. Legionerlar ham ancha saviyali. Ayniqsa, braziliyalik futbolchilar ko‘p. Ilgari Braziliya terma jamoasida to‘p surgan sobiq o‘yinchilari ham bor. Yangi mavsumda u yerda ko‘proq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilaman. Jarohatlar bezovta qilmasa, barqaror o‘ynashga harakat qilaman. 2020 yilgi chempionatda jarohat olgunimga qadar asosiy tarkibda to‘p surayotgandim.

Jarohatdan keyin ham ikki marta maydonga tushdim. Klub rahbarlari va murabbiylari menga ishonch bildirishyapti. Hozircha jamoada legionerlardan faqat men qoldim. Qolganlariga javob berishdi. Klubga uchta yangi legioner keladi. 32 yoshga to‘ldim va shu yoshda chetda, boz ustiga Koreya chempionatida to‘p surish oson emas. Osiyoda Yaponiya chempionati birinchi o‘rinda bo‘lsa, koreyslarniki ikkinchi o‘rinda. U yerda ko‘proq o‘ynamoqchiman, keyin O‘zbekistonga qaytib yana bir-ikki yil to‘p sursam kerak.

- “Chonnam Dragons” bilan shartnomangizni bir yilga uzaytirdingiz. Mavsum tugagan paytida hamkorlik yana davom ettirilishiga ishonganmidingiz?
- Bilasizmi, Koreyaga borib dastlabki yettita uchrashuvda o‘ynaganimdan keyin menga uchta klubidan taklif tushdi. Sakkizinchi uchrashuvda jarohat oldim. “Chonnam” prezidenti ham, murabbiylari ham menga ishonishdi. Jarohat olganimda malakali shifokorlarni topib menga biriktirishdi, yaxshi qarashdi. Jamoa prezidenti va murabbiyi ham kelasi yili 100 foiz qolasan, shoshmasdan davolan deb aytishdi. Jarohatdan keyin endi bu yil boshqa o‘ynamasam kerak deb o‘ylagandim. Operatsiya qildirmasdan davolandim. Bunday paytda maydonga tushish yo tushmasligim 50x50 edi. Lekin Xudoga shukr, jarohatdan keyin ham yana uchta uchrashuvda maydonga tushdim.

- Koreyaga ketgan ilk paytingizda sizda xavotir bor edi. O‘sha paytda gaplashganimizda o‘yin amaliyotingiz kamligidan xavotirda edingiz. Chunki chempionatimizda pandemiya sababli to‘xtalish bo‘lgan va siz ancha paytdan beri maydonga tushmayotgandingiz. Biroq Koreyaga borgach, hammasi o‘zgardi. Buni qanday uddaladingiz?
- O‘zbekistonda 15 mart kuni oxirgi o‘yin bo‘ldi va 20 martdan boshlab pandemiya davrida o‘zim yakka tartibda shug‘ullanib kelganman. Shu bois jismoniy tayyorgarligim a’lo darajada edi. Faqat o‘yin amaliyotim kamroq edi. Koreyaga 11 iyun kuni yetib bordim. 14 kun ichida trenejyor zalida yana shug‘ullandim. Borganimdan keyin ilk o‘yindayoq asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Ochig‘i, o‘shanda 55-daqiqaga kelib kuchim tugab qolgandi. Ikkinchi o‘yinda ham biroz qiynaldim. Uchinchi uchrashuvga kelib hammasi joyiga tushdi, o‘yinim “ochilib” ketdi. Masalan, ikkinchi o‘yinimda golli pas bergan bo‘lsam, uchinchi uchrashuvda gol urdim. U yerda mashg‘ulotlari ham kuchli. Natijada sport formam ancha yaxshilandi. Lekin jarohatdan keyin o‘yinim unchalik chiqmadi.

- Sizga Koreyaning qaysi klublaridan takliflar bo‘ldi?
- Koreyalik agentim bor, bu ish bilan u shug‘ullanadi. Shartnomam borligi uchun bu haqida jiddiy qiziqmadim ham. Aslida meni Koreyaga olib ketib ular tavakkal qilishgandi. O‘yinlardan keyin esa agentim ham xursand bo‘lib, menga qo‘ng‘iroq qilib tabriklagan.

- Koreyaga qachon ketasiz?
- 4 yanvarda jo‘nab ketaman. Jamoam 3 yanvarda mashg‘ulotlarni boshlaydi. U yerda menga hamma sharoitlar yaratilgan, muammo yo‘q. Uy-joy, mashina hammasi yetarli.

- Milliy terma jamoaga yordam bera olishingizga ishonasizmi? Yoki bosh jamoamizdagi faoliyatingizni tugatish haqida o‘ylayapsizmi?
- Menimcha, zo‘r sport formasida bo‘lsam va meni termaga chaqirsa bemalol raqobat tug‘dira olaman. Klubimda 90 daqiqadan jarohatlarsiz barqaror to‘p surib tursam, chaqirsa kerak deb o‘ylayman. Mana, Yuriy Jirkov ham 36 yoshida Rossiya terma jamoasida bemalol o‘ynadi. Janubiy Koreya chempionati jismoniy tomondan juda kuchli. 100 foiz ishonamanki, o‘zimizning futbolchilardan bu borada aslo qolishmayman, 32 yoshda ham. Termaga chaqirish yoki chaqirmaslikni murabbiy biladi. Hammasi unga bog‘liq. Taklif qilsa xursandchilik bilan boraman va vatan uchun jonim bilan o‘ynab beraman.

- Terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini ko‘pchilik qiyin baholayapti. Chunki hali ikkinchi saralash bosqichi tugagani yo‘q.
- Nimaga O‘zbekiston bir yaxshi o‘ynasa, keyingisida yaxshi o‘ynay olmaydi? Bunga sabab bor, bu pandemiya. Hamma bir xil sport formasida emas. Janubiy Koreyada chempionat bir marta to‘xtatildi. O‘zbekistonda bir necha bor uzilish bo‘ldi. Yangi yilda hammasi iziga tushib, futbolchilar barqaror o‘ynashni boshlagach, o‘ylaymanki uchinchi bosqichga chiqish muammo tug‘dirmaydi. Baribir terma jamoamizning saviyasi yaxshi.

- Jahon chempionatiga chiqa oladi deb o‘ylaysizmi?
- Buni vaqt ko‘rsatadi. Agar pandemiya sabab chempionat o‘yinlari to‘xtatilsa, unda bu termaga ham ta’sir qiladi va imkoniyatlarni pasaytiradi. Negaki, futbolchilarda amaliyot bo‘lmasa qanday qilib g‘alaba qozona olishadi?

- Janubiy Koreya Osiyoda eng kuchlilaridan biri. Terma jamoamiz ular bilan o‘ynaganda doim yutqazadi. Koreyada to‘p surayotgan legioner sifatida ularning futbolini endi ichidan yaxshi bilasiz. Ayting-chi, nima uchun doim ularga yutqazaveramiz?
- Yaxshi savol berdingiz. Janubiy Koreya terma jamoasi tarkibida kamida 7-8 nafari Yevropaning kuchli chempionatlarida to‘p surishadi. O‘zining chempionatida o‘ynashmaydi. Bizda Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov, Oston O‘runov bor-a? Ostonning “Spartak”dagi o‘yin amaliyoti kam.

Odil Ahmedov Shanxaydan ketib, boshqa klubga o‘tdi. Hozirgi jamoasi zo‘r emas. Ikkita eng yaxshi o‘yinchimiz sifatida Shomurodov bilan Ahmedovni aytaman. Koreyaliklarning kamida 8 ta futbolchisi Yevropaning top-5 chempionatlarida to‘p surishyapti. Bu birinchi sabab. Mana, Eldor yaxshi “ochilib” ketdi. O‘zimizda bunday o‘ynamasdi. Rossiyaga ketib, o‘yinchi sifatida ancha yaxshilandi. Demak, Rossiya chempionati biznikidan besh barobar kuchli.

Oston O‘runovda ham saviya o‘zgardi. Eldor endi kerak bo‘lsa bitta vaziyatdan gol urishi mumkin. Oldin esa gol urishiga 3-4 ta imkoniyat ham yetmasdi. Terma jamoamiz o‘yinida ham gol urishimiz uchun baribir 3-4 ta imkoniyat kerak bo‘ladi. “Tottenxem”dagi Sonning o‘ziga gol urish uchun birgina vaziyat yetarli bo‘lyapti. Eronlik Azmun ham shunday. O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar chetda ko‘proq o‘ynashsa, saviyamiz ortib boradi. Menga ayting-chi, O‘zbekistonga oxirgi 5-6 yil ichida zo‘r legioner kim keldi? Men eslay olmayman.

- Dragan Cheran eng yaxshisi bo‘lib turibdi.
- Ha, eng zo‘ri Cheran, u nechiga kirdi? Dragan boshqa yaxshiroq chempionatga borib o‘ynamaydi, bu 100 foiz. Kuchi yetmaydi. Bu shunchaki fakt. Masalan, o‘zim ham Koreyadan yaxshiroq chempionatga tortmayman. Yoshim ham o‘tib qolyapti, kuchim yetmaydi.

- Demak, siz uchun Janubiy Koreya chempionati yuqori cho‘qqi...
- Xudo biladi. Harakat qilaman-u, bugungi kunda men uchun bu yaxshi natija, ayniqsa shunaqa yoshda Koreya chempionatida to‘p surish qoniqarli.

- Chempionatimiz saviyasi pastroqligi sizga yaqqol ko‘rinyaptimi?
- O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya chempionatini taqqoslab bo‘lmaydi. Nimagaki, ularni uslublari boshqa-boshqa. Masalan, Koreya bilan Yaponiyaniki bir xil. Aytaylik, koreyslarda texnikasi yuqori futbolchilar unchalik ko‘p emas. O‘ylaymanki, Osiyoda texnikasi eng kuchli o‘yinchilar O‘zbekistonda. Biznikilar Osiyo bo‘yicha ikkinchi Braziliya.

- Umuman aytganda, Superligamiz mavqei sizga qanday ko‘rinyapti?
- “Paxtakor”ga hech kim raqobat qila olmadi. Bu saviyani bildirib qo‘yadi. “Nasaf” qarshilik ko‘rsatishga urindi, ammo kuchi yetmadi. “Paxtakor” muammosiz sovrinlarni yutdi. Koreyada hattoki bir ochko ham ko‘p narsani hal qilishi mumkin. Birinchi o‘rindagi klubni 10-pog‘onadagi jamoa ham yutishi mumkin. Mana, biz 6-o‘rinni oldik, 3-o‘rindagi jamoaga esa bir ochko yetmay qoldi xolos. Baribir O‘zbekiston chempionatiga yaxshi legionerlar kerak, bu mening fikrim.

Mana, BAA chempionatini olaylik, u yerda mahalliy futbolchilari kuchsiz. Faqat yaxshi saviyadagi legionerlari borligi uchun mahalliy chempionati yaxshiroq ko‘rinadi. Bizda esa mahalliy futbolchilarimiz yaxshi-yu, ammo kelayotgan legionerlar o‘zimizdagilardan kuchli emas. Koreyada legionerlar kuchli. Braziliya, Gollandiyadan zo‘r futbolchilari bor. Osiyo Chempionlar ligasini “Ulsan” yutdi. Tarkibida kuchli legionerlari bor. Bizning chempionatga Rivaldodan keyin zo‘r legioner kelmadi. Rivaldo 38 yoshida kelganmi? O‘shanda ham eng kuchlisi bo‘lib ketdi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oleg Zoteyev O‘zbekistonni nega ikkinchi Braziliya deb atadi?