17:13 / 19.07.2021
3 499

Legionerimiz yangi jamoaga o‘tdi!


Joriy mavsum boshida “Aktobe” bilan shartnoma imzolagan hamyurtimiz Igor Sergeyev bu klubni tark etib Kustanay shahriga ketib keldi. 28 yoshli hujumchi tez orada “Tobol” bilan shartnoma imzolaydi.

Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ayni paytda “Tobol”da legionerlar uchun qo‘yilgan limit to‘lgan. Agar klub Igor Sergeyevni to‘qqizinchi legioner sifatida ro‘yxatdan o‘tkazsa, 35 million tenge miqdorida pul to‘lashi kerak bo‘ladi.

Avvalroq, kustanayliklar o‘zbekistonlik hujumchiga joy ochish uchun fransiyalik Jeremi Manzorroni Qarang‘andaning “Shaxtyor” klubiga qo‘yib yuborishi haqida xabarlar tarqatilgan edi.

“Tobol” tez orada UYEFA miqyosidagi musobaqadagi ishtirokini boshlaydi. Klub rahbariyati muhim turnir oldidan hujum chizig‘ini kuchaytirishni maqsad qilgan va shuning uchun ham Igor Sergeyevni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Aslida Igor Sergeyev “Aktobe” bilan yuqori maqsadlar uchun kurashishi kerak edi. Aktobeliklar “Paxtakor” bilan shartnomasi tugagan Igor Sergeyevni qo‘lga kiritish uchun “Astana” bilan  anchagina raqobatlashdi. “Aktobe” moliyaviy kafolatlari bilan o‘zbekistonlik futbolchini shu jamoani tanlashiga kifoya qildi. Igor Sergeyev aktobeliklar tarkibida eng katta maosh oladigan futbolchi hisoblanardi.

Jamoasining eng qimmatbaho o‘yinchisi bo‘lgan hamyurtimiz premer-liga o‘yinlarida o‘ziga bildirilgan ishonchni juda tez oqladi. Chempionatning birinchi qismida raqiblar darvozasiga yettita gol urib, bitta golli pas oshirdi.

Biroq, keyinroq klub rahbariyati o‘zgardi va yangi kelganlar uchun Igor Sergeyevdek hujumchini ushlab turish moliyaviy tomondan qiyinchilik tug‘dira boshladi. Jamoaning natijalari ham pastlab ketdi. Ayni paytda “Aktobe” legionerimizni sotib yuborish orqali moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilab olish va muammoli pozitsiyalarga yangi futbolchilarni taklif etishga harakat qilmoqda.

Avvalroq, hamyurtimizga Sharqiy Yevropa – Polsha va Ruminiya jamoalaridan takliflar bo‘lgandi. Shuningdek, Igor Sergeyevning agenti unga Angliyaning “Sheffild Yunayted” klubidan qiziqish borligini ham tasdiqlagandi.

Superligamizning amaldagi chempioni “Paxtakor” ham O‘zbekiston chempionatlari tarixida jamoa uchun eng ko‘p – 101 ta gol urgan hujumchisini ortga qaytarishga qarshi emas. Ayniqsa, Eren Derdiyok klubni tark etganidan keyin toshkentliklarda yaxshi saviyadagi hujumchiga ehtiyoj borligi aytilmoqda.

Ayni paytda xalqaro musobaqada ishtirok etishga hozirlik ko‘rayotgan “Tobol” ichki chempionatda ham peshqadamlik qilmoqda. Kustanayliklar hozircha, 19 ta uchrashuvda 12 ta g‘alaba, oltita durang va bitta mag‘lubiyat qayd etgan holda 42 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda.

“Tobol” tez orada UYEFA Konferensiya Ligasida qatnasha boshlaydi. Bu Yevropa futbol uyushmalari federatsiyasining Chempionlar ligasi va Yevropa ligasidan keyingi uchinchi turniri hisoblanadi.

“Tobol” ushbu turnirning ikkinchi bosqichidan qo‘shiladi va Xorvatiyaning “Xayduk” klubiga qarshi maydonga tushadi. Jamoalar 22 va 29 iyul kunlari o‘zaro ikkita uchrashuv o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Igor Sergeyev “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U poytaxt jamoasidan tashqari Xitoyning “Beyszin Goan” (14 ta o‘yin va bitta gol) hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Az-Zafra” (10 ta o‘yin bitta gol) jamoalari sharafini ham himoya qilgan.

Mohir to‘purar O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 55 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol etgan. 

Bir so‘z bilan aytganda, Igor Sergeyevning moliyaviy muammolarga duch kelgan “Aktobe”dan yuksak maqsadlari sari  intilayotgan “Tobol”ga o‘tayotganini muvaffaqiyatli qadam sifatida baholash mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimiz yangi jamoaga o‘tdi!