19:54 / 02.12.2021
3 581

Superliga 2021 yilgi mavsumida qaysi murabbiylarga «haydalish kuyi» chalindi?

Superliga 2021 yilgi mavsumida qaysi murabbiylarga «haydalish kuyi» chalindi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 2021 yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Unda Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubi ikkinchi o‘rinni olganidan boshqa sensatsiya (garchi buning sensatsiya ekanligi borasida bahslashish mumkin bo‘lsa ham) bo‘lgani yo‘q. Mavsum davomida bir-ikki marta ro‘y bergan ommaviy mushtlashuvlar inobatga olinmaganda, hammasi kutilganidek va ko‘ngildagidek o‘tdi, so‘nggi, 26-tur esa bamisoli tort ustidagi olcha bo‘ldi.

Shuningdek, 2021 yilgi mavsum davomida e’tiborga arzigulik voqealardan — murabbiylarning iste’folari bo‘ldi. «Turon», «Andijon», «Metallurg» (bir necha marotabadan), «Lokomotiv», «Surxon», «Navbahor» klublarida murabbiylar almashdi. Qolganlari («Paxtakor», «So‘g‘diyona», «OKMK», «Nasaf», «Bunyodkor», «Qo‘qon-1912», «Qizilqum», «Mash’al») esa mavsumni bir murabbiy bilan yakunladi. «Daryo» quyida ortda qolgan mavsumda Superligada ro‘y bergan iste’folar haqida hikoya qiladi.

No‘mon Hasanov — «Navbahor»

Foto: «Navbahor»
2020 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida Namangan klubi Andrey Kanchelskis bilan xayrlashgach, jamoada yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelayotgan No‘mon Hasanov bosh murabbiyga aylandi, biroq u bu lavozimda uzoq qolmadi. 2020 yilgi mavsumni 8-o‘rinda yakunlagan jamoa, mamlakat birinchiligining yangi mavsumini ham Hasanov boshchiligida boshlagandi. Ammo 1-turdan keyinoq namanganliklar matbuot xizmati mutaxassisning iste’foga chiqarilganini e’lon qildi. Klub bu qarorini quyidagicha izohladi:

«Joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan ‘Navbahor’ uchun har bir o‘yin muhim va finalga teng. Ammo kutilmaganda jamoa 1-turda o‘z maydonida ‘So‘g‘diyona’ga imkoniyatni boy berdi (0:1). Shu bois ‘Navbahor’ PFK rahbariyati jamoa murabbiylar shtabida o‘zgarish qilishga qaror qildi».

Uning o‘rniga shu vaqtga qadar jamoada maslahatchi murabbiy sifatida faoliyat yuritayotgan Viktor Jalilov tayinlanadi. «Lochinlar» uning qo‘li ostida mavsumni 9-o‘rinda yakunladi. Noyabr oyining so‘ngida esa «Navbahor»da kelasi mavsumdan boshlab Samvel Babayan bosh murabbiy sifatida ish boshlashi ma’lum bo‘ldi.

Andrey Shipilov — «Metallurg»

Foto: «Metallurg» FK
Hisob bo‘yicha Superligadagi ikkinchi iste’fo ham 1-turdan so‘ng sodir bo‘ldi. «Metallurg»ni boshqarib kelayotgan Andrey Shipilov «Surxon»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin iste’fo so‘ragan. Klub esa o‘z navbatida murabbiyning so‘rovini qabul qilgan. Shipilov jamoani 2018 yildan beri boshqarib kelayotgandi.

Shipilovning o‘rnini «Paxtakor»da yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan Jasur Abduraimov egalladi. Biroq keyinchalik Abduraimov jamoani tark etdi.

Otabek G‘ulomxo‘jayev — «Andijon»

Foto: «Andijon»
Superliga yakunlari bo‘yicha musobaqa jadvalida 13-o‘rinni egallagan «Andijon» mavsum boshidanoq jiddiy muammolarga duch kela boshladi. «Burgutlar» 5-turga kelib jamoani 2020 yilning noyabr oyidan beri boshqarib kelayotgan Otabek G‘ulomxo‘jayevni iste’foga chiqarishga qaror qildi. Bunga sabab sifatida uning boshqaruvidagi futbolchilarning qoniqarsiz natijalari ko‘rsatildi.

Shu tariqa 2001–2002 yillarda «Andijon»da futbolchi sifatida to‘p surgan G‘ulomxo‘jayevning klubdagi murabbiylik faoliyati uzoq davom etmadi. Uning o‘rnini esa Viktor Kumikov kelgunga qadar Yorqin Nazarov egallab turdi. Ammo 2020 yilda ham «Andijon»da ishlagan Kumikovning qaytishi jamoaning elitada qolishi uchun yetarli bo‘lmadi.

Islombek Ismoilov — «Turon»

Foto: «Turon»
Tashkil etilganidan hech qancha muddat o‘tmasdan Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Turon», afsuski, elitada atigi bir mavsum davomida harakat qildi.

Jamoa mavsum boshidanoq bir qator o‘yinlarda imkoniyatni boy berdi va biror marta ham g‘alaba qozona olmadi. Ba’zi vaziyatlarda jamoaning muvaffaqiyatsizliklarida hatto hakamlar ayblangan holatlar ham kuzatildi.

8-turdan keyin «Turon» bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan Islombek Ismoilov o‘z arizasiga ko‘ra iste’foga chiqdi. Ungacha yuqorida ta’kidlanganidek, uning hakamlar mavzusidagi chiqishlari katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Ismoilov ketgach, jamoani vaqtinchalik polshalik mutaxassis Boguslav Baniak boshqarib turdi. Biroz o‘tib Igor Shkvirin yangi bosh murabbiy sifatida tanishtirildi.

Rifat Akromxo‘jayev — «Surxon»

Foto: «Championat.asia»
Amal-taqal qilib, Superligada jon saqlab qolgan «Surxon» ham mavsumni bir murabbiy bilan yakunlamadi. Mamlakat birinchiligining 12-turidan keyin Termiz klubi mavsum boshidan beri jamoani boshqarib kelayotgan Rifat Akromxo‘jayevning jamoadan ketganini e’lon qildi.

Jamoa uning qo‘l ostida qoniqarsiz natijalar ko‘rsatganiga qaramay klub Akromxo‘jayevning o‘z arizasiga ko‘ra jamoa bosh murabbiyligidan olingani va bunga mutaxassisning oilaviy muammolari sabab bo‘lganini ko‘rsatdi.

Uning o‘rnini esa shu vaqtga qadar klub texnik direktor sifatida faoliyat yuritgan Bahrom Haydarov egalladi. Haydarov qo‘l ostida «Surxon» chempionat yakunlari bo‘yicha 10-o‘rinni egallab, elitada qolish masalasini hal qildi.

Igor Shkvirin — «Turon»

Foto: «Turon»
Superliganing 10-turiga kelib, «Turon»da yangi murabbiy ish boshladi. Klub matbuot xizmati yaqin o‘tmishning eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lgan Igor Shkvirin bilan shartnoma imzolanganini e’lon qilindi. Uning oldiga jamoani Superligada olib qolish vazifasi qo‘yildi. Mutaxassisning o‘zi «Championat.asia» nashriga bergan intervyusida jamoa bilan yil oxirigacha shartnoma imzolaganini ma’lum qilgandi.

Biroq 25 oktabr kuni, mavsum tugashiga 3 tur qolganida uning o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shagani ma’lum qilindi. Bu qaror 23-tur doirasidagi «Bunyodkor»dan uchralgan mag‘lubiyatdan (1:3) keyin klubda tashkil qilingan yig‘ilishda qabul qilingan.

«Turon» Shkvirin qo‘l ostida 13 ta o‘yin o‘tkazib, shundan atigi 2 tasida g‘alaba qozondi, 4 ta uchrashuvda durang qayd etilgan bo‘lsa, yana 7 ta bahsda jamoa mag‘lubiyatga uchradi.

Jasur Abduraimov — «Metallurg»

Foto: «Metallurg»
Klubda ancha (mahalliy murabbiyning o‘zbek klubida 3 yil ishlashini ancha deyish mumkin) yil davomida faoliyat yuritgan Andrey Shipilovning o‘rnini egallagan Jasur Abduraimov mart—oktabr oylarida jamoani boshqardi. Jamoa uning qo‘l ostida mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi va hatto klubning elitani tark etishi ehtimoli borligi inkor etilmaydigan darajaga yetdi. Biroq 23-turga kelib, tomonlar hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildi. «Ma’danchilar» matbuot xizmati Abduraimovning jamoadan ketishini murabbiyning salomatligidagi muammolar bilan bog‘ladi.

Uning o‘rnini esa Luisma Ernandes egalladi. Jamoa aynan ispaniyalik mutaxassisning qo‘l ostida so‘nggi ikki turda g‘alaba qozonib, xavfli zonani tark etishning uddasidan chiqdi.

Mikael Sekeyra — «Lokomotiv»

Foto: «Lokomotiv»
2021 yilning boshida «Lokomotiv» boshqaruvini qabul qilib olgan Mikael Sekeyra mavsum davomida «temir yo‘lchilar»ning o‘yiniga yevrofutbol havosini olib kirishga harakat qildi. Ammo jamoa musobaqa yakunlariga ko‘ra, kuchli beshlikka ham kira olmadi — 6-o‘rin.

Sekeyra oktabr oyida Superliga 23-turi doirasida «Qo‘qon-1912»ga qarshi kechgan o‘yindan keyin hakamlik va tizimni keskin tanqid ostiga oldi. O‘shanda u bu tizim bilan o‘zbek futbolining cho‘kishda davom etishini aytgandi.

Shu qatorda uning «Lokomotiv»dan ketishi ham ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Boisi u chempionat yakunlanishiga bir tur qolganida vatani Portugaliyaga jo‘nab ketdi. Mavsumning oxirgi o‘yinida «temir yo‘lchilar»ni Denis Korostichenko boshqarib bordi.

Muallif: Bilol Erkin

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga 2021 yilgi mavsumida qaysi murabbiylarga «haydalish kuyi» chalindi?