
Janubiy Koreyada joylashgan Pohang fan va texnologiya universiteti olimlari materialshunoslik sohasida innovatsion yutuqqa erishdi. Ular harorat keskin o‘zgarib turadigan muhitlarda ham o‘z mustahkamligi va xususiyatlarini yo‘qotmaydigan yangi turdagi metal qotishmasini ishlab chiqdi.
Selsiy bo‘yicha minus 196 darajadan plyus 600 darajagacha bo‘lgan keng harorat diapazonida o‘z shakli va mexanik xususiyatlarini saqlay oladigan ushbu yangi material «giperadapter» deb nomlandi.
Uning eng katta ustunligi shundaki, ushbu qotishma hatto o‘ta keskin va ekstremal harorat sharoitida ham ichki tuzilmasi va mexanik barqarorligini yo‘qotmaydi. Bunday imkoniyat bungacha birorta ham metalda kuzatilmagan edi.
Ushbu qotishmaning bunday ajoyib xususiyatga ega bo‘lishi sababi uning ichida bir tekisda joylashgan L1₂ nanozarralari bilan bog‘liq. Bu mikroskopik zarrachalar mustahkamlovchi «karkas» rolini o‘taydi va metalning tashqi kuchlar ta’siridagi deformatsiyasiga yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari, bu qotishma tashqi muhitning har qanday o‘zgarishlariga tez moslashish qobiliyatiga ham ega.
Ushbu noyob xususiyatlar tufayli yangi qotishma juda keng sohalarda qo‘llanilishi mumkin. Masalan, haroratning ekstremal darajadagi tebranishlari kuzatiladigan kosmik raketalar, aviatsiya reaktiv dvigatellari, avtomobillarning chiqindi gaz tizimlari, energetika sohasidagi turbinalar hamda sanoat quvurlari uchun ideal yechim bo‘lishi mumkin.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu material kelajakda sanoat va texnologik sohalarda chinakam revolyutsiya yaratishi ehtimoldan yiroq emas. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar