Sun’iy intellekt sohasining eng nufuzli olimlaridan biri — «AI otasi» deb ataladigan Jeffri Hinton insoniyatni jiddiy xavf haqida ogohlantirdi, deb xabar berdi bbc.com. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalari yaqin yillarda mehnat bozorini tubdan o‘zgartirishi mumkin va bu jarayonning oqibatlari kutilganidek ijobiy bo‘lmaydi.
Hinton ta’kidlashicha, bu inqilob ayrim odamlarni juda boy qiladi, ammo ko‘pchilikning hayot darajasini pasaytiradi. «Ba’zi odamlar ancha boyib ketadi, ko‘pchilik esa qashshoqlashadi. Bu sun’iy intellektning aybi emas — kapitalistik tizimning tabiati shunday tuzilgan», dedi u.
Olimning fikricha, yirik korporatsiyalar tomonidan sun’iy intellektdan ommaviy foydalanish ishsizlik ko‘lamini kengaytiradi. Hinton ayniqsa ofis xodimlari, buxgalterlar, ma’muriy va analitik lavozimlar katta xavf ostida ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu sohalarda to‘liq avtomatlashtirish ehtimoli yuqori.
Texnologiya ishlab chiqaruvchilari ko‘pincha “AI qancha ish o‘rnini yo‘q qilsa, shunchasini yaratadi” deb ishontirishga urinadi, biroq Hinton bunga shubha bilan qaraydi. Xalqaro mehnat tashkiloti (ILO)ning so‘nggi hisobotlariga ko‘ra, aynan ofis lavozimlari generativ sun’iy intellekt ta’sirida eng zaif bo‘lib chiqdi. Taxminlarga ko‘ra, 2040 yilga borib AQShdagi ish o‘rinlarining chorak qismi — taxminan 25 foizi — yo‘qolishi mumkin.
Shu bilan birga, Hinton ko‘plab sun’iy intellekt rahbarlari — xususan, OpenAI bosh direktori Sam Altman taklif qilayotgan universal asosiy daromad (UBI) g‘oyasini rad etdi. Olimning fikricha, bu yechim ishsizlikning iqtisodiy tomonini qisman yengillatsa-da, inson qadr-qimmatini tiklay olmaydi. «Odamlar nafaqat pul uchun, balki foydali va kerakli ekanligini his qilish uchun ham ishlaydi. Agar bu tuyg‘uni yo‘qotsak, jamiyat ruhiy jihatdan zaiflashadi», — dedi u.
Jeffri Hinton shuningdek, yaqin 5–20 yil ichida «superintellekt» — inson qobiliyatidan ustun aql paydo bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Bu voqea insoniyat tarixida yangi burilish bo‘lishi mumkin: u foydali taraqqiyotga yo‘l ochadi yoki jamiyat uchun halokatli oqibatlarga olib keladi.
Olim fikricha, hozirgi eng muhim vazifa — sun’iy intellekt rivojini nazorat ostida ushlab, uning ijtimoiy ta’sirini boshqarishdir. «AI insoniyatga ulkan foyda keltirishi mumkin, ammo biz uni boshqara olmasak, u bizni boshqarishi mumkin», — dedi Hinton intervyu yakunida.
Hozircha jahon hamjamiyati bu masalada yagona yondashuvga ega emas, biroq Hintonning ogohlantiruvi yana bir bor sun’iy intellektning cheksiz rivoji nafaqat texnologik, balki axloqiy xavf ham ekanini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!