date

Xitoyda iPhone 17 narxiga teng robot yaratildi

Xitoyda iPhone 17 narxiga teng robot yaratildi

Xitoy texnologiya sohasida yana bir yangi va taassufsiz yutuqni namoyish qildi. Mamlakatning Noetix Robotics startapi inson shakliga ega yangi gumanoid robotni — “Bumi”ni taqdim etdi. Bu haqda “Robotics and Automation News” nashri xabar berdi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, “Bumi” narxi taxminan iPhone 17 smartfoni bahosiga teng — 1370 dollar atrofida. Noetix Robotics ta’kidlashicha, bu dunyodagi birinchi yuqori samarali, shu bilan birga narx to‘sig‘ini yengib o‘tgan odamsimon robot hisoblanadi.

94 santimetr bo‘yga va 12 kilogramm og‘irlikka ega bo‘lgan bu ikki oyoqli robot zamonaviy kompozit materiallardan yasalgan bo‘lib, juda yengil va barqaror harakatlanishi bilan ajralib turadi. U buyruqlarga javob berishi, yurishi va hatto raqsga tushishi mumkin. Robotning barqarorlik va harakat tizimi kompaniyaning o‘z mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or algoritmlarga asoslangan.

Yangi “Bumi” nafaqat uyda yordamchi sifatida, balki ta’lim sohasi uchun ham mo‘ljallangan. Uning ochiq dasturiy platformasi orqali talabalar va tadqiqotchilar robot uchun o‘z dasturlari va ssenariylarini yaratish imkoniga ega bo‘ladi.

Noetix Robotics bu ishlanmani odamsimon robotlarni kundalik hayotga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim bosqich deb hisoblaydi. Kompaniya ma’lum qilganidek, “Bumi” uchun oldindan buyurtmalar Xitoydagi ikki yirik savdo bayrami — Double 11 (11-noyabr) va Double 12 (12-dekabr) davomida qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9-oktyabrida Xitoyning Deep Robotics kompaniyasi ham har qanday ob-havo sharoitida faoliyat ko‘rsata oladigan dunyodagi ilk gumanoid robotni namoyish etgan edi.

Shu tariqa, Xitoy insonsimon robotlar sohasida yetakchi davlatlar qatoridan joy olishni maqsad qilib, sun’iy intellekt va robototexnika texnologiyalarini hayotning barcha jabhalariga joriy etish yo‘lida qat’iy qadam tashlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Xitoyda iPhone 17 narxiga teng robot yaratildi