
Mashhur tadbirkor va Tesla kompaniyasi rahbari Ilon Mask “million robotdan iborat armiyani” yaratish niyatida ekani haqida Wired nashri xabar berdi. U bu borada kompaniya ustidan kuchliroq nazoratga ega bo‘lish zarurligini ham ta’kidlagan.
Mask investorlar bilan suhbatda shunday degan:
“Faraz qiling, men ulkan robotlar armiyasini tuzdim. Shunday paytda kimdir meni chetga surib qo‘yishi mumkinmi? Agar biz bu armiyani yaratsak, hech bo‘lmaganda unga kuchli ta’sir o‘tkaza olamanmi? Gap nazorat haqida emas, aynan ta’sir haqida. Agar men ta’sirga ega bo‘lmasam, bu loyiha men uchun xavfli bo‘ladi.”
Milliarderning fikricha, Tesla ishlab chiqayotgan Optimus nomli robotlar turli sohalarda — zavodlarda ishlab, hattoki bolalarga g‘amxo‘rlik qilishda ham foydali bo‘lishi mumkin.
“Optimus juda ajoyib jarroh bo‘lishi mumkin. Tasavvur qiling, agar har bir inson shunday mukammal jarroh xizmatidan foydalanish imkoniga ega bo‘lsa”, — dedi Mask. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tesla robotlari yordamida “qashshoqlik yo‘qolgan, har bir inson eng yuqori darajadagi tibbiy yordamdan foydalana oladigan” yangi dunyo yaratiladi.
Ma’lum qilinishicha, kelgusi yilning fevral yoki mart oylariga qadar Optimusning to‘liq ishlab chiqishga tayyor prototipi tayyor bo‘ladi. Robotlarni ommaviy ishlab chiqarish esa 2026 yil oxirida boshlanishi rejalashtirilgan. Dastlabki bosqichda 5 mingtagacha odamga o‘xshash robot yetkazib berilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!