Apple 2027 yildagi yutuqli sana — iPhone'ning 20 yilligini alohida nishonlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Koreyaning ETNews nashri xabar berdi. Manba ma’lumoticha, kompaniya an’anaviy raqamlashni o‘zgartirib, iPhone 19 seriyasini umuman chiqarmaslikni rejalashtirgan, deb yozdi nashr.
Omdia tahlilchisi Xo Mu-Yolning aytishicha, Apple bu qaror orqali brend tarixiga ramziy ahamiyat berishni, shu bilan birga yangi bosqichni estetik jihatdan ifoda etishni maqsad qilgan. Ya’ni kompaniya “19” raqamini o‘tkazib, to‘g‘ridan to‘g‘ri “20” raqamli yubiley modelini taqdim etadi.
Bu Apple uchun yangi holat emas. 2017 yilda ham shunday yondashuv qo‘llanilgan edi: kompaniya iPhone 9'ni chiqarmasdan, 10 yillik munosabati bilan iPhone 8 va iPhone X modellarini bir vaqtning o‘zida namoyish etgan. Bu brendning raqamiy tartibdan ko‘ra ramziy va marketing ta’sirini ustun qo‘yishini yana bir bor ko‘rsatgandi.
Aytish mumkinki, Apple bu gal ham shov-shuvli va emotsional qadam bilan texnologiya olamining diqqat markaziga aylanadi. Muttaxassislar fikricha, iPhone 20 nafaqat yubiley modeli, balki yangi dizayn va intellektual imkoniyatlar bilan kompaniya tarixidagi eng inqilobiy qurilmalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!