
Sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi dunyodagi mehnat bozoriga salbiy ta’sir o‘tkaza boshladi. Xususan, Buyuk Britaniyada yangi bitiruvchilar va amaliyotchi mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlari sezilarli darajada qisqargan. Bu haqda The Guardian nashri Adzuna platformasi ma’lumotlariga tayanib xabar tarqatdi.
Hisobotga ko‘ra, ChatGPT kabi sun’iy intellekt vositalari keng joriy etilganidan so‘ng, mahalliy ish bozorida endigina faoliyat boshlayotganlar uchun ish imkoniyatlari 31,9 foizga kamaygan. Bu raqam yosh mutaxassislar uchun yomon xabardir. Chunki aksariyat kompaniyalar samaradorlikni oshirish va xarajatlarni qisqartirish maqsadida inson resurslarini AI texnologiyalari bilan almashtirishni ma’qul ko‘rmoqda.
Ayniqsa, dasturlash, matn tahrirlash, yozish va tahlil qilish sohalarida robotlashgan tizimlar katta tezlik bilan ishlab chiqilmoqda. Bu jarayon mehnat bozorida raqobatni kuchaytirib, ayniqsa, tajribasiz yoshlar uchun ish topishni ancha murakkablashtirib qo‘ydi.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu jarayon Yevropa miqyosida ham sezilayotgan bo‘lib, yirik kompaniyalar xodimlar sonini kamaytirishga o‘ta boshlagan. Masalan, British Telecommunications shirkati 2023 yilda o‘z xodimlarining qariyb 40–50 ming nafari bilan xayrlashish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Bu kabi raqamlar sun’iy intellekt nafaqat texnologiya taraqqiyoti, balki ijtimoiy muammolar sababchisiga ham aylanayotganini ko‘rsatadi.
Ko‘plab mutaxassislar bu tendensiyaning davom etishi yoshlar uchun ishsizlik darajasini oshirishi, ta’lim tizimi esa zamonaviy talablarga moslashishi zarurligini ta’kidlashmoqda. Endi muvaffaqiyatli ish topish uchun nafaqat diplom, balki sun’iy intellekt bilan hamkorlikda ishlay olish qobiliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirda ko‘plab universitetlar talabalarga AI vositalaridan oqilona foydalanishni o‘rgatishga kirishgan. Bu esa bozordagi mavqeini yo‘qotmaslik uchun muhim qadamlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Muxlislar va o‘quvchilar esa shu savol bilan qolishmoqda: inson mehnati o‘rnini texnologiya to‘liq bosib ketadimi? Yoki odam va mashina o‘rtasidagi hamkorlik muvozanati saqlanib qoladimi? Vaqt bu savollarga aniq javob beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar