date

O‘zbekistonning olis hududlarida yo‘ldosh aloqa tizimlari joriy etiladi

O‘zbekistonning olis hududlarida yo‘ldosh aloqa tizimlari joriy etiladi

O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish va aloqa qamrovini kengaytirish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi. Prezidentning “Respublikaning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirishda yo‘ldosh aloqa texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–313-son, 21-oktyabr 2025-yil) qabul qilindi.

Qaror mamlakatda zamonaviy yo‘ldosh texnologiyalarini joriy etish va telekommunikatsiya sohasini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — yer usti tarmoqlari yetib bormagan, aholi zichligi past hududlarda ham barqaror aloqa xizmatlarini ta’minlashdir.

Hujjatda yo‘ldosh aloqa tizimlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilab berilgan. Xususan, o‘rta va past orbitali yo‘ldosh tizimlarini joriy etish uchun normativ-huquqiy asoslar yaratiladi. Bu orqali mamlakatda yo‘ldosh internet xizmatlarini litsenziya asosida amalga oshirish imkoni yaratiladi.

Shu bilan birga, aloqa qamrovini kengaytirish bo‘yicha davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 1-yanvardan boshlab besh yil muddatga qator imtiyozlar joriy etiladi.

Jumladan:

  • yo‘ldosh tarmoqlarini tashkil etish uchun import qilinadigan qurilmalar, dasturiy mahsulotlar va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
  • yo‘ldosh orqali ko‘rsatilgan telekommunikatsiya xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi;
  • yo‘ldosh operatorlarining ushbu tizimlar orqali ko‘rsatgan xizmatlari foyda solig‘idan ham ozod qilinadi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, mazkur qaror nafaqat aloqa infratuzilmasini yaxshilaydi, balki ta’lim, tibbiyot, logistika va xavfsizlik sohalarida ham katta imkoniyatlar yaratadi. Olis hududlarda joylashgan maktab va shifoxonalarda onlayn xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, tezkor ma’lumot almashinuvini ta’minlash va iqtisodiy faollikni oshirishda yo‘ldosh internet muhim omilga aylanishi kutilmoqda.

Shuningdek, qarorda yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini tashkil etishda xalqaro tajriba va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, texnologiyalar transferi va mahalliy mutaxassislarni tayyorlash masalalari ham belgilangan.

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi doirasida yo‘ldosh texnologiyalari yaqin yillarda aholining barcha qatlamlariga yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini yetkazishda asosiy vositalardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonning olis hududlarida yo‘ldosh aloqa tizimlari joriy etiladi