Yapon fiziklari 560 GGs chastotada 100 Gbit/s tezlik dovonidan oʻtdi

Tokusima universiteti tadqiqotchilari Tokio va Gifu universitetlari olimlari bilan hamkorlikda 6G mobil tarmoqlari davrini yaqinlashtiruvchi texnologik yutuqqa erishdilar. Fiziklar 560 GGs oʻta yuqori chastota diapazonida bitta kanal orqali 112 Gbit/s rekord tezlikda barqaror maʼlumot uzatishni namoyish etishdi. Bu ilm-fan tarixida 420 GGs dan yuqori chastotalarda 100 Gbit/s tezlik chegarasi zabt etilgan ilk holatdir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Teragers diapazoni (300 GGs dan yuqori) kelajakdagi 6G tarmoqlari uchun asosiy poydevor hisoblanadi, chunki u ulkan oʻtkazuvchanlik qobiliyatiga ega boʻlgan “axborot magistrallari”ni yaratishga imkon beradi. Biroq anʼanaviy kremniy elektronikasi 350 GGs dan yuqori chastotalarda jismoniy cheklovlarga duch keladi: uzatgichlarning quvvati pasayib, shovqin darajasi keskin ortadi. Takeshi Yasui boshchiligidagi jamoa ushbu toʻsiqni yengib oʻtish uchun elektron generatorlardan voz kechib, radiofotonika usulidan foydalandi.
Olimlar kremniy nitrididan tayyorlangan chipda oʻstirilgan, inson tirnogʻidan ham kichik boʻlgan soliton optik mikro-taroq (soliton microcomb) qurilmasini qoʻllashdi. Ushbu optik asbob lazer nurini chastota va faza boʻyicha mukammal sozlangan koʻplab chiziqlarga ajratadi. 16QAM modulyatsiyasini qoʻllash orqali fiziklar yorugʻlikni misli koʻrilmagan darajadagi toza teragers radiotoʻlqinlariga aylantirishga muvaffaq boʻlishdi.
Rekord tezlikdan tashqari, mualliflar tizim barqarorligi muammosini ham hal qilishdi. Avvalgi laboratoriya sxemalari harorat oʻzgarishiga oʻta sezgir boʻlib, bir necha daqiqada ishdan chiqardi. Tokusima muhandislari optik tolani toʻgʻridan-toʻgʻri mikrorezonator chipiga payvandlab, haroratni nazorat qilish tizimini oʻrnatdilar. Natijada qurilma laboratoriyada 27 soatdan ortiq uzluksiz va ishonchli ishladi.
Smartfonlarda ushbu texnologiya paydo boʻlishi uchun hali yillar kerak boʻladi. Fiziklar signal uzatish masofasini oshirish va shovqinlarni yanada kamaytirish ustida ishlashlari lozim. Ushbu texnologiyaning ilk amaliy qoʻllanish sohasi foydalanuvchilar koʻzidan yiroq boʻlgan tarmoq infratuzilmasi — tayanch stansiyalarini oʻzaro bogʻlovchi magistral aloqa kanallari (backhaul) boʻlishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!