Xitoy Nvidia oʻyin videokartalaridan ham voz kechmoqda: RTX 5090D v2 taqiqlandi

Xitoyda NVIDIA mahsulotlariga nisbatan cheklovlarning yangi toʻlqini boshlandi: mahalliy bojxona organlari GeForce RTX 5090D v2 modelini import qilish uchun ruxsatnoma berishni rad etdi. Ushbu videokarta aynan Xitoy bozori uchun maxsus ishlab chiqilgan modifikatsiya hisoblanar edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
RTX 5090D v2 modeli AQSHning yangi eksport cheklovlari talablariga javob beradigan murosali yechim sifatida yaratilgan. Unda sunʼiy intellekt hisoblash imkoniyatlari qisqartirilgan va xotira oʻtkazuvchanligi pasaytirilgan edi. Standart versiyadagi 32 GB va 512 bitli shinaga nisbatan, ushbu model 24 GB GDDR7 va 384 bitli shinaga ega edi. Biroq, hatto bunday "kuchsizlantirilgan" model ham endilikda taqiq ostida qolmoqda.
NVIDIA uchun vaziyat shundaki, GeForce RTX 5090D v2 uchun muqobil savdo bozorlari mavjud emas. Shu bilan birga, oddiy RTX 5090 modelining ham butun dunyo boʻylab yetkazib berilishi cheklanib, narxlari keskin koʻtarilmoqda. Masalan, Janubiy Koreyada Asus TUF RTX 5090 OC va Asus ROG Astral RTX 5090 White kabi versiyalar bir kunda 300–400 dollarga qimmatlashib, 5300 dollar atrofida sotilmoqda.
Xitoyning oʻzida esa 12 GB xotiraga ega mahalliy oʻyin videokartasi paydo boʻldi. Ammo uning narxi GeForce RTX 5060 Ti bilan teng boʻlsa-da, unumdorlik jihatidan hatto GeForce RTX 3060 darajasiga ham yetib bormaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!