17:40 / 18.01.2018
11 974

Shahzoda Muhammedova: "Turmush qurish vaqti keldi. Sovchilar juda ko‘p. Lekin…"

Шаҳзода Муҳаммедова: "Турмуш қуриш вақти келди. Совчилар жуда кўп. Лекин…"
— Shahzoda Muhammedova hech tinim bilmaydigan, kechasi bilan ham ijod qiladigan inson, deyishadi. Xo‘sh, bugun qanday ijodiy yangiliklar arafasidasiz?
— Ijodiy yangiliklarim juda ham ko‘p. Xabaringiz bor, Turkiyada bo‘lib o‘tgan modalar namoyishida ishtirok etdim. Endi Germaniyada ham o‘z liboslar to‘plamimni namoyish qilmoqchiman. U yerga yangi kolleksiya bilan borish niyatim bor. Bu dizaynerlik sohamga doir yangilik.

Kino sohasiga kelsak, tez kunlarda rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan «Asal oyi» filmining premerasi bo‘lishi kutilmoqda.

Qolaversa, boshlovchilik sohamda ham yangiliklar yo‘q emas. «MY5» telekanali bilan hamkorlikda mualliflik ko‘rsatuvimni tashkillashtirdik. U «Fashion time» deb nomlangan ko‘rsatuv bo‘lib, unda taniqli san’atkorlarimizga libos tikish barobarida, teletomoshabinlar atelemizning ish jarayoniga ham guvoh bo‘lishadi.

— Konservoatoriyada o‘qish orzusi nima bo‘ldi?
— Qo‘shiq kuylash niyatidan hozircha qaytdim, desam ham bo‘ladi. Ma’lumki, qo‘shiq yozish katta mablag‘ talab qiladi. Ayni damda ortiqcha mablag‘im yo‘q, homiylar bilan ishlashga esa xohishim yo‘q. Konservatoriyaga kirish orzusidan ham hozircha voz kechdim…

— O‘zingizni yana qaysi sohada sinab ko‘rgingiz keladi?
— Haykaltaroshlikka qiziqaman. Umuman olganda, qo‘l mehnatini juda ham yaxshi ko‘raman. Tort pishirishga, to‘g‘rirog‘i, uni mastika bilan bezatishga ishtiyoqim bor. Chexiyaga borganimda juda ko‘p ipli qo‘g‘irchoqlarga guvoh bo‘ldim. Menda ham milliy liboslarimizni kiygan ipli qo‘g‘irchoqlar yasash istagi tug‘ildi.

— Turmush qurishning vaqti kelmadimi? Balki, mashhurligingiz oila qurishingizga xalaqit berayotgandir?
— Turmush qurish vaqti keldi. Sovchilar juda ko‘p. Avvallari hecham uchrashuvlarga chiqmas edim, endi sekin-sekin chiqishni boshladim. Lekin shoshilmayapman. O‘ylab, gaplashib, bir-birini tanigandan so‘ng qaror qilish kerak, deb hisoblayman.

— Turmush o‘rtog‘ingiz «To‘ydan so‘ng uyda o‘tirasan desa», nima qilasiz?
— Aynan shu narsaning oldini olish maqsadida bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan oldindan bu haqda gaplashib olaman. Agar shunda ham to‘ydan so‘ng ishlashimga qarshilik bildirsa, unda hech bo‘lmaganda dizaynerlik va boshlovchilik sohasidagi faoliyatimni davom ettirishga ko‘ndiraman.

— Kelinlik libosingizni ham o‘zingiz tikasizmi yoki chet el dizaynerlari mahsulotiga ishonasizmi?
— Kelinlik libosimni hech kimga ishonmayman. O‘zim tikaman. Qanday bo‘lishi haqida hozirdan o‘ylab ham qo‘yganman.

— Ko‘p shou-biznes vakillari ikkiyuzlamachilik ko‘pligidan nolishadi. Sizning fikringiz…
— Bu haqiqat. Men ham bu narsadan nolib turaman. Lekin samimiy insonlar ham yo‘q emas. Masalan, dugonam Muqaddas Sa’dullayeva, Dilnoza Kubayevani juda ham yaxshi ko‘raman. Aktyorlardan Adiz Rajabov, Ulug‘bek Qodirovlarni hurmat qilaman.

— Qaysi janrdagi filmda rol ijro etish siz uchun osonroq? Komediyami yoki drama?
— Har ikkala janrda ham rol ijro etaveraman. Lekin yig‘laydigan sahnalar men uchun sal qiyinchilik tug‘diradi. Rejissyordan biroz vaqt so‘rayman. O‘zimni ruhan tayyorlayman.

— «Asal oyi» filmini suratga olish jarayonida partnyoringiz bilan kelishmovchiliklar bo‘lganmi?
— Albatta, tushunmovchiliklar bo‘lib turadi. Bunday vaziyatda rejissyorning o‘rni juda muhim. Rejissyor kerakli yo‘lni topib, ikki aktyorni yarashtirib qo‘yishga harakat qiladi.

— Ilk marotaba qo‘lingizga igna olganingizni eslay olasizmi?
— Besh-olti yoshlarimda bo‘lsa kerak. O‘rtoqlarim bilan o‘ynab, qo‘g‘irchoqlarga ko‘ylaklar tikardim. Hattoki dugonalarimni ham tikishga majbur qilardim. Kattalar uchun esa ilk bor 14 yoshimda libos tikkanman.

— Birinchi marta qaysi taniqli inson uchun libos yaratgansiz?
— Ilk marotaba, adashmasam, xonanda Ziyoda uchun libos tikkanman. Keyinchalik Dilfuza Rahimova, Sayyora Qoziyevalarga tikkanman.

— «Moda Rossii — 2017»da ham ishtirok etdingiz. Zaysev bilan uchrashdingiz. Taassurotlaringiz?
— To‘g‘risini aytsam, Vyacheslav Zaysev faqat hakam bo‘lib o‘tiradi, deb o‘ylagan edim. U bilan yaqindan tanishishim mumkinligi xayolimga ham kelmagan edi. Lekin shuncha dizaynerlar ichida faqat menga haykalchani va diplomni shaxsan o‘zi topshirdi hamda «Magistr» deb nomlangan kitobini sovg‘a qildi. Juda ham mashhur dizayner bo‘lishiga qaramay, o‘ta kamtarin inson ekan.

— Poytaxtimizda har yili «Toshkent moda haftaligi» bo‘lib o‘tadi. Nega siz o‘z kolleksiyangiz bilan hech ishtirok etmagansiz?
— Chunki hozirgacha bunday taklif tushmagan. Agar taklif qilishsa, albatta, ishtirok etaman.

— Yaratgan liboslaringizda juda ham ko‘p mato ishlatasiz. Sababi?
— To‘g‘ri, oqshom liboslariga juda ko‘p mato ishlataman. Oddiy kundalik liboslardan farq qilishini, hashamatli ko‘rinishini xohlaganim bunga sabab bo‘lsa kerak.

— Yangi yilda qizlarimiz uchun dizayner sifatida maslahatlaringiz…
— Bu yil qizlarga tilla va kumush rangdagi liboslarni tavsiya qilgan bo‘lardim. Yana mayin patlar ham urfga kirgan. Qora rang libos kiygan taqdirida shu rangdagi aksessuarlardan foydalanishni maslahat beraman.

— Siz sevgan o‘zbek filmi?
— «Kelgindi kelin», «Kelgindi kuyov», «Super kelinchak», «Ichkuyov» filmlarini doim maroq bilan tomosha qilaman.

— Qaysi rejissyor bilan ishlash ma’qul sizga?
— Jahongir Ahmedov bilan. Ham ustozim, ham juda yaxshi inson.

— Armoningiz bormi?
— Otamni erta yo‘qotganim mening armonim.

— Kino yoki musiqa…
— Musiqa. Ko‘p musiqa tinglayman. Kinoni kamroq ko‘raman.

— Ko‘p ishlaysiz, ammo doim yaxshi ko‘rinishdasiz. Go‘zalligingizning siri?
— To‘g‘risini aytsam, hech qanday parvarish qilmayman. Lekin parvarish qilish kerak, deb hisoblayman.

— Ra’no Shodiyeva, Rayhon Ulasenova, Dilnoza Kubayeva?
— Dilnoza Kubayeva eng yaxshi ko‘rgan aktrisam. Inson sifatida ham, aktrisa sifatida ham juda hurmat qilaman. Juda ham samimiy ayol.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shahzoda Muhammedova: "Turmush qurish vaqti keldi. Sovchilar juda ko‘p. Lekin…"