Ovqatlanish haqida Islom dinidan "qimmatli ma’lumot"

  • 16 yanvar 2017, 12:05
  • 7 213
  • Hayot tarzi
  • Ovqatlanish haqida Islom dinidan "qimmatli ma’lumot"

    Bismillahir rohmanir rohiym.

    Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.

    عَنِ مِقْدَامِ بْنِ مَعْدِيكَرِبَ رضي الله عنه ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: ” مَا مَلَأ آدَمِيٌّ وِعَاءً شَرًّا مِنْ بَطْنِهِ، بِحَسْبِ ابْنِ آدَمَ أَكَلَاتٌ يُقِمْنَ صُلْبَهُ ، فَإِنْ كَانَ لَا مَحَالَةَ فَثُلُثٌ لِطَعَامِهِ، وَثُلُثٌ لِشَرَابِهِ، وَثُلُثٌ لِنَفَسِهِ ” رَوَاهُ الترمذي و احمد والحاكم.

    Miqdom ibn Madiykarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

    «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

    «Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan emaklar kifoyadir. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdan bir», dedilar».

    Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar.

    Inson umri davomida qanchadan-qancha idishlarni nimalar bilandir to‘ldiradi. Bular ichida eng yomoni qorindir. Nima uchun? Chunki kishi qorinni to‘ldirish uchun ko‘p ovqat eyish kerak. Buning uchun ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanadi. Eng yomoni, ko‘p taom tanavvul qilgan inson odatda dangasa bo‘lib qoladi. Natijada qanchadan-qancha manfaatli ishlar tark qilinadi. Biz zikr qilgan manfaatli ishlardan biri – ilm talab qilishlikdir.

    Ko‘p taom tanavvul qilish uyquni chaqiradi. Ko‘p eyishlik har xil kasalliklarni keltirib chiqarishi ham isbotlangan. Ko‘p uxlab vaqtini zoe qilgan kishi, kasal bo‘lganida davolanish uchun mablag‘ sarflaydi. Ko‘rinib turibdiki, ko‘p eyishlik ham umrga, ham mablag‘ga ziyon keltiradi. Inson ovqat eyishni ko‘paytirsa, bora-bora bunga odatlanadi va o‘z-o‘zidan bu uning kundalik mashg‘ulotiga aylanadi. Bunisi ham mayli, odatda to‘yib ovqatlangan inson ko‘p vaqtini hojatxonada o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Salafi solihlarimizning hayotini o‘rganar ekanmiz, ular ovqatlanish borasida ham barchamizga etarli darajada namuna bo‘lganiga guvohi bo‘lamiz. Shunday zotning biridan, «Nima uchun o‘ta kam taom eysiz?», deya so‘ralibdi. Ul zot «Ko‘p esam ko‘p hojatxonaga borishim kerak. Bu ko‘p vaqtim bekor ketishiga olib keladi. Umr o‘ta qisqa, uni zoe qilmaslik kerak», degan ekan.

    Salafi solihlarimizdan yana biri qotgan nonni suvga ivitib er ekan. Undan nima uchun bunday qilishi to‘g‘risida so‘ralganida, «Ivitib esam vaqtim kamroq ketadi. Qotgan nonning o‘zini chaynab eyish ko‘p vaqtimni oladi», deya javob qaytargan ekan.

    Mazkur ma’lumotlar tolibi ilmlar uchun bebaho ibratdir. Sababi, tolibi ilm ko‘p ovqat eyishga o‘rgansa, o‘zi uchun bebaho bo‘lgan ilmni hosil qilishlikdan mahrum bo‘ladi. Inson hadisi sharifda aytilganidek, «Odam bolasiga qaddini tutadigan emaklar kifoyadir»ga amal qilsa bir umr aziz-u, mukarram bo‘ladi. Zotan tolibi ilmda og‘ir jismoniy mehnat, charchoq va mashaqqatlar yo‘q. U asosan ma’naviy, tarbiyaviy va ruhiy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanadi. Buning uchun kishiga ozgina taom ham kifoya qiladi.

    «Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdan bir»

    To‘g‘ri, ma’naviy mashg‘ulotlar ham odamni toliqtiradi. Mabodo bu toliqish taomning kamligidan bo‘lsa, zarurat uchun hadisi sharifda aytilganidek, oshqozonni uchga taqsimlash kerak. Bu eng to‘g‘ri va foydali taqsimdir. Agar inson mazkur qoidaga amal qilmasa, qorin bandasiga aylanib qolishi mumkin. Natijada kishining butun tashvishi, o‘y-xayoli qorinni to‘ldirish bo‘lib qoladi. Aslida inson eyish uchun yashamasdan, yashash uchun eyish kerak.

    عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَجُلاً كَانَ يَأْكُلُ أَكْلاً كَثِيرًا فَأَسْلَمَ فَكَانَ يَأْكُلُ أَكْلاً قَلِيلاً فَذُكِرَ ذَلِكَ لِلنَّبِيِّ فَقَالَ: إِنَّ الْمُؤْمِنَ يَأْكُلُ فِي مِعًى وَاحِدٍ وَالْكَافِرَ يَأْكُلُ فِي سَبْعَةِ أَمْعَاءٍ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ .

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

    «Bir kishi juda ko‘p taom er edi. Bas, musulmon bo‘ldi va oz taom eydigan bo‘lib qoldi. Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qilindi. Shunda U zot:

    «Albatta, mo‘min bir oshqozon ila eydi. Kofir esa, etti oshqozon ila eydi», dedilar».

    Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.

    Bunda ikki tomonning hayotdan ko‘zlagan maqsadi muhim o‘rin tutadi. Ya’ni, mo‘min yashash uchun eydi, kofir eyish uchun yashaydi. Shuning uchun mo‘minga bir oshqozon, kofirga etti oshqozonga etarli deyilgan.

    Mo‘min-musulmonlar o‘z diniga amal qilib, qoringa qul bo‘lmay yashaganida dunyoning peshqadami bo‘ldilar. Alloh taoloning dinidan uzoqlashib, etti oshqozonga etarli taom eydigan darajaga chiqqanlarida ishlar teskarisiga aylandi. Agar mo‘min-musulmonla r qoringa banda bo‘lishni yig‘ishtirsa hamda islom ta’limotlariga to‘liq amal qilishga o‘tsa avvalgidek peshqadam bo‘lishlari mumkin. Bu borada ahli ilmlar, tolibi ilmlar barchaga birdek o‘rnak va namuna bo‘lishi kerak. Zotan, omma xalq doimo har bir ishda millatning peshqadamlari bo‘lmish ulamolarga ergashadi va taqlid qiladi. Shuning uchun ham ulamolar nafaqat o‘zlarini, balki ularga ergashayotgan omma xalqning ham tashvishlarini tushunib etishi va ular uchun ham javobgarlik hissini bilishlari kerak.

    Ishoqjon BEGMATOV,

    Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
    «To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
    «Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

    Manba: Diydoraziz.uz

    » » Ovqatlanish haqida Islom dinidan "qimmatli ma’lumot"