08:20 / 23.01.2020
5 750

Buxorolik yurtdoshimiz 46 yillik dardiga asalaridan shifo topdi

Buxorolik yurtdoshimiz 46 yillik dardiga asalaridan shifo topdi
Aytishga oson: buxorolik jurnalist, mehnat faxriysi Shavkat Asadov 46 yildirki, yurak ishemiya kasalligi bilan kurashib keladi. Ne-ne muolajalar olmadi, ne-ne shifokorlar qabulida bo‘lmadi, deysiz. Ajablanarlisi, haqiqiy shifoni u asalaridan topdi.

— Necha yildirki, bu xastalikni asal va asalarining noyob mahsuloti — ona ari suti bilan davolab kelaman, — deydi Shavkat aka. — Bundan tashqari, vaqt-vaqti bilan tanamning yurak joylashgan qismi atrofini asalariga chaqtiraman ham. Shu kabi usullar vositasida yuragim urishi me’yoriga tushadi. O‘zimni ancha yaxshi his etaman.

Asal va asalarining foydali xususiyatlari to‘g‘risida soatlab suhbatlashish mumkin. Xususan, Shavkat aka bilan. Bu inson bolaligidan shu sohaga mehr qo‘ygan. Asalarichilikka oid kitoblarni o‘qiydi, manbalarni izlaydi. O‘zi ham asalari parvarish qiladi. Xonadonida ayni paytda 70 ta asalari oilasi bor.

— Tib ilmining sultoni sanalgan Abu Ali ibn Sino “Asal a’zoyi badanga tetiklik bag‘ishlaydi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, ishtahani ochadi, xotirani mustahkamlaydi, erta qarishning oldini oladi,” deya yozib qoldirgan, — deya davom etadi suhbatdoshimiz. — Asalning oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasini, gastritni, jigar xastaligini, buyrak, yurak, asab, ko‘z kasalliklarini, anemiya — kamqonlikni davolashda asqotishi fanda yaxshi ma’lum.

Lekin biz nazarimda, hozir ko‘proq asal yetishtirish haqida o‘ylash bilan cheklanib qolyapmiz. Vaholanki, asalarining boshqa mahsulotlari, xususan, urg‘ochi asalari suti inson salomatligi uchun juda foydalidir. Men hatto asalarining jasadi ham shifobaxsh ekanligiga o‘z tajribamda ishonch hosil qildim.

Havaskor asalarichining buni alohida ta’kidlashi bejiz emas. Shu sohaga oid ozgina ma’lumotga ega kishi ham yaxshi biladi: bu qanotli mavjudotlarning umri u qadar uzoq emas. Shavkat aka nobud bo‘lgan asalarilarni tashlab yubormaydi. Ularning jonsiz tanasidan maxsus aralashma tayyorlaydi.”Turmush o‘rtog‘im ancha yillardan buyon qand xastaligidan aziyat chekadi. Men uni mana shu aralashma bilan davolab kelyapman”, deydi suhbatdoshimiz.

Ha, tabiat sir — sinoatga boy. Undagi mitti jonzot asalari ham bundan istisno emas. Bu sirlarni o‘rganish, asalarining hali to‘liq kashf etilmagan xususiyatlarini aniqlash foydadan xoli emas, albatta.

Izoh: Ushbu usullardan foydalanib ko‘rish tavsiya etilmaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Buxorolik yurtdoshimiz 46 yillik dardiga asalaridan shifo topdi