17:24 / 26.01.2019
4 206

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini oʻzgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini oʻzgarishsiz qoldirdi
MB xabariga koʻra, mazkur qaror pul-kredit siyosatining inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan yoʻnalishini saqlab qolish, real foiz stavkalari ijobiyligini taʼminlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadlariga asoslangan.

Qayd etilishicha, 2018 yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi yillik hisobda 14,3 foizni tashkil etdi. Bunda, 2018 yilning dekabr oyida narxlarning oylik oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga (4,1 foiz) nisbatan pasayib 2,1 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, 2018 yilning II–IV choraklari davomida choraklik inflyatsiya darajasini 2017 yilning mos davriga nisbatan pasayishi kuzatilgan.

Ayni paytda, IV chorakda ichki talabning yuqori boʻlishi, tartibga solinadigan narxlarning oshishi va almashuv kursi dinamikasi kabi ham talab ham xarajat omillari taʼsirida iqtisodiyotda yuqori inflyatsion bosim saqlanib qoldi.

2018 yil sentyabr oyida qayta moliyalash stavkasining oshirilishi bilan bir qatorda prudensial nazorat choralarining kuchaytirilishi kreditlashning narxga bogʻliq hamda narxga bogʻliq boʻlmagan sharoitlarini qatʼiylashtirish va yakunda kreditlar oʻsish surʼatini maqbullashtirish imkonini bergan.

Meva va sabzavotlarini saqlash infratuzilmasi yaxshilanishi hisobiga ularning narxlaridagi mavsumiy tebranishlar nisbatan past boʻlganligi hamda hukumat tomonidan bozorlarni asosiy isteʼmol mahsulotlari bilan toʻldirish boʻyicha koʻrilgan choralar, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasini keskin oʻsishining oldini olishga yordam berdi.

Noyabr oyida energiya resurslar narxlari oshirilishining 2018 yilgi inflyatsiya darajasiga ikkilamchi taʼsiri prognoz qilingan koʻrsatkichlardan past darajada boʻldi. Bu, oʻz navbatida, 2019 yilda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi hisobiga inflyatsiyani tezlashishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Shuningdek, 2019 yilning yanvar oyidan narxlarning soliq tizimidagi oʻzgarishlarga (asosan QQS bazasining kengaytirilishi) oldindan moslashishi amalga oshmadi, bu biznes vakillarida soliq tizimidagi oʻzgarishlar ularning moliyaviy faoliyati va ishlab chiqarish xarajatlariga taʼsiri xususida noaniqliklar saqlanib turganligi bilan izohlanadi.

Natijada, yillik inflyatsiya darajasi (14,3 foiz) sentyabr oyidagi prognoz koʻrsatkichga (16-17 foiz) nisbatan past boʻlgan.

2018 yilning oktyabr-noyabr oylarida aholi va biznes vakillarining qisqa va oʻrta muddatli inflyatsion kutilmalari tartibga solinadigan narxlar oʻsishi sharoitida oshib bordi. Dekabr oyida respondentlar tomonidan yangi yil bayramidan soʻng savdo faolligining susayishi taxmin qilinganligi qisqa muddatli kutilmalarni tushishiga sabab boʻldi.

Oʻrta muddatli inflyatsion kutilmalarda ham biroz pasayish kuzatilgan boʻlsada, noyabr oyidagi energiya resurslarning qimmatlashishi hisobiga inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qoldi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2018 yilda iqtisodiyotning real oʻsish surʼati 5,1 foizni tashkil etdi.
2018 yilning IV choragida investitsion, ishlab chiqarish va isteʼmol faolligi uchun qulay ichki sharoitlar saqlanib qolindi.

Mazkur davrda kreditlashning oʻsish surʼatlari sekinlashgan boʻlsa-da, ular oʻtgan davrlardagi kabi iqtisodiyotning kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish salohiyatidan yuqori boʻldi.

Kreditlash surʼatlarini oʻsishi bilan bir qatorda ish haqi miqdorini oshirilishi va davlat xarajatlarini yuqoriroq hajmlarda boʻlishi yalpi ichki talabni ragʻbatlantiruvchi omillar boʻldi.

2018 yilning IV choragida yalpi taklifning ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq omillarida keskin oʻzgarishlar taʼsiri kuzatilmadi. Ayni paytda, iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyati, oshib boruvchi talabni toʻliq qondirish uchun yetarli boʻlmaganligi sababli, ichki talabning maʼlum qismi import hisobiga qoplangan.

Bildirilishicha, 2018 yil sentyabr oyi oxirida qayta moliyalash stavkasini oshirish boʻyicha qabul qilingan qaror natijasida IV chorak davomida pul bozoridagi, shuningdek depozit va kredit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalarida mos ravishdagi oʻsish kuzatildi.

Xususan, 2018 yil dekabr oyida banklararo depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi III chorak bilan solishtirganda 2,9 foiz bandga oshib, 14,2 foizni tashkil qildi.

Likvidlikni jalb qilish boʻyicha yangi instrumentlarning joriy qilinishi hamda davlat qimmatli qogʻozlarini muomalaga chiqarilishi pul-kredit siyosatining qatʼiylashtirilishida operatsion koʻmak berdi.

IV chorakda kreditlash hajmining oʻsish surʼatlari oʻtgan choraklarga nisbatan sekinlashgan.
Muddatli depozitlar oʻsish surʼati 2018 yil avgust oyidagi sekinlashish va sentyabr oyidagi pasayishdan soʻng, IV chorakka kelib yana tiklangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini oʻzgarishsiz qoldirdi