21:41 / 19.03.2019
3 543

Oʻzbekistonda eksport-import aynan qanday qilib soddalashtirilishi aytildi

Oʻzbekistonda eksport-import aynan qanday qilib soddalashtirilishi aytildi
Soʻnggi yillarda mamlakatda eksport va importning izchil rivojlanayotganligi kuzatilmoqda. Biroq, qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga qaramay, Oʻzbekiston Jahon Bankining “Biznesni yuritish – 2019” hisobotida “Xalqaro savdo” indikatori boʻyicha 165-oʻrinni egalladi, deb xabar beradi Adliya vazirligiga tayanib.

“Doing business” reytingidagi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda chegara va bojxona nazoratida eksportni amalga oshirish vaqti 112 soatni tashkil etadi. Bunda hujjatlarni rasmiylashtirishga - 96 soat va 570 AQSH dollari sarflanmoqda. Importni amalga oshirishda chegara va bojxona nazoratida hujjatlarni rasmiylashtirishga 174 soat va 570 AQSH dollari sarflanyapti.

Ayni damda mazkur indikator boʻyicha yuqori oʻrinlarga ega xorijiy mamlakatlarning eksport/import uchun sarflanadigan vaqti va xarajatlari miqdori nolga yaqin.

Xususan, Daniyada (1-oʻrin) bojxona chegara nazoratidagi vaqt va xarajatlar miqdori nolga teng, hujjatlarni rasmiylashtirishga atigi 1 soat vaqt sarflanadi. Belarusda (25-oʻrin) eksportni amalga oshirish uchun chegara va bojxona nazorati uchun 5 soat, hujjatlarni rasmiylashtirishga 4 soat va 168 AQSH dollari mablagʻ sarflanadi. Importni amalga oshirishda chegara va bojxona nazorati uchun sarflanadigan vaqt 0 soat, hujjatlarni rasmiylashtirishga – 4 soat va 0 AQSH dollari sarflanadi.

Shu bois, Adliya vazirligi Davlat Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda bojxona tashqi iqtisodiy va chegara postlarida ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish tartib-taomillari, nazorat tartib-taomillaridan oʻtish sohasidagi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrgandi.

Tahlil natijalari ruxsatnoma hujjatlari va bojxona rasmiylashtirish uchun tegishli organlarga taqdim etilayotgan ortiqcha byurokratik tartib-taomillar, talablar va hujjatlar mavjudligini koʻrsatdi.

Ular orasida:
- veterinariya va karantin organlaridan ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish uchun eksport/import amalga oshirilishidan 30 kun oldin murojaat qilish zarurligi toʻgʻrisidagi talab;
- ortiqcha 10 turdagi hujjatlarni taqdim etish (shartnoma, tovarga ilova qilinadigan hujjatlar, fumigatsiya akti, meʼyoriy hujjatlar nusxalari va b.sh);
- hujjatlarni qogʻoz variantida taqdim etish zaruriyati, “yagona darcha” bojxona axborot tizimining toʻliq ishlamasligi hujjatlarni elektron tarzda rasmiylashtirishga oʻtish, nazorat jarayonlarini avtomatlashtirish va idoralararo samarali hamkorlikni taʼminlash imkonini bermayapti.

Bundan tashqari, postlarda nazoratdan oʻtish jarayonlarining past darajada avtomatlashtirilgani hamda nazorat tartib-taomillaridan oʻtishda reglamentning yoʻqligi ushbu jarayonni tezlashtirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Masalan, “Yallama” postida xronometraj oʻtkazilganda bir yuk avtotransport vositasi 74 daqiqada nazorat tartib-taomili (chegara, bojxona, veterinar, fitosanitar, sanitar-karatin nazorati)dan oʻtdi. Hujjatlarni tekshirishga qariyb 10 daqiqa, bojxona koʻrigiga – 5 daqiqa vaqt sarflandi va oxirida hujjatlar hamda yukda kamchiliklar aniqlanmadi. Ayni paytda 60 daqiqa vaqt faqat kutishga sarflandi.

Tovarlarni import qilishda import qiluvchi shaxsga qogʻoz variantidagi hujjat (“begunok”) beriladi. Unda bojxona nazorati, chegara nazorati, transport tekshirilgani haqidagi, veterinar nazorati, sanitar-karantin nazorati, karantin-fitosanitar nazorati boʻyicha 6 ta ruxsatnoma muhri qoʻydirilishi kerak. Hatto, import qilinayotgan tovar veterinar xizmati nazoratidan oʻtmaydigan tovar hisoblansa ham, baribir veterinariya nazorati vakilidan muhr bostirilishi lozim.

Shu bilan birga, postlarda nazorat organlari faoliyatida (bojxona organlaridan tashqari) tavakkalchiliklarni boshqarish tizimining mavjud emasligi ham har bir transport vositasi va yukni tekshirish zarurligini taqozo etmoqda. Bu tartib-taomillardan oʻtish davomiyligining oshishiga hamda tegishli nazorat samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

Ushbu sohadagi ilgʻor xorijiy tajriba oʻrganilganda, koʻpgina davlatlarda zarur hujjatlarni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha real vaqt rejimida rasmiylashtirish va olish imkonini beradigan zamonaviy axborot tizimlarining joriy etilgani, bojxona, chegara va boshqa nazoratlardan avtomatlashgan tizimlar orqali oʻtilishi, ortiqcha tartib-taomillar

va hujjatlarning bekor qilinishi eksport/importni amalga oshirishda moliyaviy xarajatlar va vaqtni tejashga yordam berganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi masalalarni yanada toʻla qamrab olish maqsadida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegramm kanalida tadbirkorlar oʻrtasida ushbu sohadagi kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar olish yuzasidan soʻrov oʻtkazildi. Natijada, “qonunchilikbot” orqali tadbirkorlarning 100 dan ortiq taklif va fikrlari kelib tushdi. Ushbu takliflar mazkur sohani takomillashtirishda eʼtiborga olindi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Adliya vazirligi tomonidan postlarda ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish va nazoratdan oʻtish uchun zarur boʻlgan tartib-taomillar, muddatlar va hujjatlarni qisqartirish;

talabnomalarni real vaqt rejimida taqdim etish va ruxsatnoma hujjatlarini oʻzlashtirilgan QR-kod bilan birga olish, TIF TN kodi asosida avtomatik tahlil oʻtkazish, ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonini uzoqdan turib ham kuzatib turish imkonini beradigan bojxona axborot tizimining faoliyat yuritishini toʻla taʼminlash;

postlarda nazorat tartib-taomillaridan oʻtish reglamenti hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini ishlab chiqishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Oʻzbekistonda eksport-import aynan qanday qilib soddalashtirilishi aytildi