Oilalarning ajrashishi bo‘yicha Toshkent shahri respublikada etakchilik qilmoqda

  • 14 oktyabr 2016, 22:56
  • 7 217
  • Jamiyat
  • Oilalarning ajrashishi bo‘yicha Toshkent shahri respublikada etakchilik qilmoqda

    So‘nggi yillarda ajrim masalasi jamiyatimizdagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni kunlarda Toshkent shahri oilalarning ajrimi bo‘yicha butun respublikada etakchilik qilmoqda. So‘nggi to‘qqiz oylik statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Toshkent shahrida tuzilgan oilalarning 32 foizi ajrashish darajasiga etib borgan. Respublikaning boshqa hududlarida, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 foiz, Xorazmda 6 foiz, Surxondaryoda 9 foiz, Qashqadaryoda 10 foiz, Buxoroda 12 foiz, Jizzaxda 14 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Toshkent shahar hokimiyati tomonidan ayni mavzuda tashkil etilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari-Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova tomonidan aytib o‘tildi.

    Mazkur yig‘ilishda vazirlik va idoralar xodimlari, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari – xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari, Adliya boshqarmasi, Fuqarolik sudi Toshkent shahar va tumanlararo sudlari raislari, Sud ijro departamenti, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” YoIH, diniy idora vakillari va turli sabablarga ko‘ra, ajrashib, bugungi kunda muammolarga duch kelayotgan oilalar vakillari ishtirok etdilar.

    Azal-azaldan xalqimizda oila muqaddas dargoh sifatida ulug‘lanib, u yot ta’sirlardan asrab-avaylab kelingan. Sharqona tarbiya haqida gap ketganda esa, o‘zbek oilalari doim o‘rnak qilib ko‘rsatilgan. Ming afsuski, bugungi kunda ayrim oilalardagi kattalarning ma’naviyatsizligi, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga bo‘lgan urinish, yosh oilalarning turmushiga bo‘lgan asossiz aralashuvlar sabab guldek oilalar barbod bo‘lyapti, ayollar ko‘chada qolyapti, farzandlar onasiz, ko‘p hollarda otasiz voyaga etyapti. Ayni davrda respublika miqiyosida ajrimlarning umumiy ko‘rsatkichi qariyb 15 foizni tashkil etayotgani ham so‘zimizning isbotidir.

    Toshkent shahar hokimi so‘zga chiqar ekan, joriy yilning 18 may sanasida “Toshkent shahrida oila munosabatlarini mustahkamlash va nikohdan ajratish holatlarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 454-sonli Qo‘shma qaror hamda Toshkent shahar hokimining 2016 yil 24 maydagi 78-f-sonli farmoyishini qaniqarsiz, deb baholadi. Usmonov masalaga jiddiy va ortiqcha rasmiyatchilikni chetga surgan holda kuyunchaklik bilan yondashib, ajrim eng ko‘p kuzatilgan tumanlar hamda mahallalar nomini birma-bir tilga oldi. Mazkur masala ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi-Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning shaxsan nazorati ostida ekani, ajrimlar sonini qisqartirish kun tartibida turgan eg asosiy vazifa bo‘lib turgani alohida e’tirof etildi.

    Hokimning ma’lum qilishicha, 2015 yilning 9 oyi davomida Toshkent shahri bo‘yicha 3586 oilaga darz ketgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa bu ko‘rsatkich 3442 tani tashkil etdi. Bu esa 144 taga kam degani. Toshkent shahrida jami 505 ta mahalla bo‘lsa, ajrimlar shularda 474 tasida yuzaga kelgan. Qolgan 31 mahalla esa bunday noxush vaziyatda holi. Biroq Toshkent shahar hokimligi va mutasaddi tashkilotlar bu ko‘rsatkichdan qoniqish hosil qilayotgani yo‘q. Rahmonbek Usmonov muammoga atroflicha va tanqidiy nazar tashlar ekan, bu borada rahbarlar, mutassaddi tashkilotlarning mas’ul xodimlari, tuman hokimlari, Ichki ishlar organlari xodimlari, prokuratura va FXDYo, tuman xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va ularning maslahatchilarini ham ayab o‘tirmadi. Muammoning ildizi mas’ullar o‘z vazifasini vijdonan bajarmayotganida, deydi u.

    Yig‘ilishda vaziyatga xolis nazar tashlab, oilalarning ajrimida asosan bolalar va ayollar zarar ko‘rayotgani, ularga ham moddiy, ham ma’naviy zarba berilayotgani aytildi. “Ajrashgan ayollarning har beshtasidan bittasi turmush quryapti, qolganlari farzandlari bilan ko‘chada qolyapti. Chunki kelinlik davrida uy ro‘yxatiga olinmagan”, deydi hokim. “Ko‘chada tirik etim bo‘lib qolayotgan bolalarga joningiz achimaydi, nega ularning ajrashishiga, oilalarning jar yoqasiga kelishiga yo‘l qo‘yib beryapsiz”, deya tuman hokimlariga yuzlandi Rahmonbek Usmonov.

    Ma’lumot uchun, o‘tgan davr mobaynida “Toshkent shahrida oila munosabatlarini muammolarini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhi” tomonidan ajrim oshgan tumanlar o‘rganilgan. Unda 150 nafar kelin uyiga arazlab ketgani aniqlanib, olib borilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng, 49 tasi oilasiga qaytarilgan, yarashtirilgan. Bu oilalarda esa 61 nafar voyaga etmagan bolalar bo‘lgan.

    Toshkent shahar hokimiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda juda dolzarb masalalar, muammolar, ancha yillardan buyon echimini topmay, ajrimlarga sabab bo‘lib kelayotgan holatlar o‘rtaga tashlanib, tegishli xulosalar qilindi. Mazkur yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar haqida birozdan so‘ng xabar beramiz.

    Manba: Qalampir.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Oilalarning ajrashishi bo‘yicha Toshkent shahri respublikada etakchilik qilmoqda