Maktab kollejdan afzal...mi?

  • 17 fevral 2018, 17:40
  • 4 688
  • Jamiyat
  • Maktab kollejdan afzal...mi?
    O‘n bir yilda attestat va kasb malakasi diplomi

    Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan o‘zgarish va yangiliklar haqidagi savollarimizga O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek INOYaTOV javob berdi.

    — Respublikamizda 11 yillik majburiy ta’limning joriy etilishi xalq ta’limi tizimida ham ko‘p o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Kelgusi o‘quv yilida bu boradagi ishlar qanday tashkillashtiriladi?

    — Xabaringiz bor, Prezidentimizning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida joylarda aholi va ta’lim muassasalari xodimlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari, bildirgan takliflari natijasida 9-sinf bitiruvchilariga maktablarning 10-sinfida yoki akademik litsey va kollejlarda o‘qishni davom ettirishiga imkon yaratib berildi. Shunday qilib, 2017 yilda 9-sinfni bitirgan 467 ming nafar o‘quvchining 65 foizi, ya’ni 284 ming nafari o‘qishni 10-sinfda davom ettirmoqda.

    Ota-onalarning xohish-istaklari asosida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab 11 yillik umumiy majburiy o‘rta ta’lim joriy etildi. Kelgusi yilda bitiruvchilarning 90 foizdan ortig‘i maktabga jalb qilinsa, qolgan o‘quvchilar akademik litseylarda ta’limni davom ettirishi mumkin. Bundan tashqari, ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatishga ixtisoslashgan maktablar ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.

    — Yuqori sinf o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash masalasi qanday hal etiladi?

    — O‘tgan yilning sentyabr-oktyabr oylarida 7 tilda 18 nomdagi 9,5 million nusxa darslik chop etilib, 10-sinflar darslik bilan to‘liq ta’minlandi. Bu yilgi 10-sinflar o‘qishni 11-sinfda davom ettirishi uchun 12 fandan 20 nomdagi darsliklarni yaratish vazifasi turibdi. Hozirga qadar darsliklarning mualliflar guruhi shakllantirib, xomaki nusxalari ishlab chiqildi. Faqat ekspertizadan o‘tkazish ishlarini yakunlash qoldi.

    Yaqin kunlarda bu darsliklarni chop etish bo‘yicha nashriyotlar bilan shartnoma tuziladi. Yangi o‘quv yiligacha 11-sinflarni to‘liq darslik bilan ta’minlash ishlari nihoyasiga yetkaziladi.

    — O‘qituvchilarning darslikdagi kamchilik va xatolar haqidagi e’tirozlarini eshitib qolamiz. Ularning sifatli va talab darajasida bo‘lishi uchun qanday choralar ko‘riladi?

    — To‘g‘ri, darsliklar bo‘yicha e’tiroz oz emas. Bitta darslikni mukammal qilib yaratish juda qiyin. Qolaversa, vaqt o‘tishi bilan uni takomillashtirib borish talab etiladi. Birinchi navbatda, darslik tayyorlashda uning hajmi, og‘irligi, harflarning katta-kichikligi, bolaning yoshiga mosligi, qog‘ozning rangi, qalinligi e’tiborga olinadi.

    Darsliklarda eng ko‘p uchraydigan nuqson bu — texnik xatolar. Terish vaqtida raqamlar, harflarning o‘zgarib ketishini nusxaning ko‘pligi bois birma-bir ko‘rib chiqish imkoni yo‘q. O‘quvchiga yetib borgandan keyingina hammasi ayon bo‘ladi. Eng muhimi esa, uning mazmuni. Darsliklar har to‘rt yilda bir marta qayta nashrdan chiqariladi va aniqlangan kamchiliklari ham bartaraf etib boriladi. Yaratilayotgan yangi darsliklarda, albatta, bunday kamchiliklar uchramasligiga ­e’tibor beriladi. Agar o‘qituvchi o‘zining asoslangan taklifini bersa, u albatta, qabul qilinadi.

    Bugungi kunda 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan darsliklarning barchasi yaratib bo‘lindi. Ularda uzviylik tamoyillariga alohida e’tibor berilgan. Muammoni yuzaga keltirayotgan yana bir sabab: bitta darslik faqat bir tilda yoziladi va boshqa tillarga tarjima qilinadi. Bunday vaqtda tarjimon ham xatoliklarga yo‘l qo‘yishi, mumkin.

    — O‘quvchilar sonining ortishi o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni ham oshiradi. Kelgusida tizimdagi pedagoglarga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanadimi?

    — Xalq ta’limi tizimida bugungi kunda 408 mingdan ortiq pedagog faoliyat yuritadi. 2018-2019 o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i 10-sinfga jalb etilishi va 11-sinfning joriy etilishi munosabati bilan o‘quvchilar soni oshishi sababli, yana 25 ming nafar o‘qituvchiga ehtiyoj tug‘iladi. Uni qoplash uchun birinchi navbatda o‘rta-maxsus ta’lim tizimida ishlayotgan, dars soatlari qisqarayotgan o‘qituvchilar hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini jalb etish ko‘zda tutilgan.

    Kelgusi o‘quv yilidan boshlab pedagoglar uchun maqsadli qabullar tashkillashtirish davom ettiriladi. Qolaversa, respublikamizdagi 59 ming nafar o‘rta maxsus ta’limga ega mutaxasisslarni bosqichma-bosqich, maxsus sirtqi bo‘limlarda manzilli tarzda oliy ma’lumotli qilish ishlari amalga oshiriladi.

    — 10-11-sinf o‘quvchilarining kasbiy ta’lim olishi ko‘pchilik ota-onani qiziqtirishi tabiiy. Bugun ular qanday sharoit va yo‘nalishlarda kasb egallayapti?

    — Bugungi kunda 10-sinf o‘quvchilari respublika bo‘yicha 470 ta maktab va 1018 ta kasb-hunar kollejlarida tashkil qilingan O‘quv ishlab chiqarish majmualarida 50 dan ortiq kasbni o‘rganmoqda. 11-sinfdan bunga qo‘shimcha tarzda Tadbirkorlik asoslari fani ham o‘qitiladi. O‘quv-ishlab chiqarish darslari haftada bir marta olti soat davomida o‘tiladi. Kelgusida kasblar ro‘yxati hududlarning shart-sharoiti, hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturidan, qolaversa, mutasaddilar va ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda shakllantiriladi.

    — Ta’lim sifatini yanada oshirishda o‘qituvchilarning tajriba va malakasi juda muhim. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    — O‘qituvchilar malakasini oshirish maqsadida respublikamizning barcha tumanlarida to‘rtta fan yo‘nalishlarida mahorat, ya’ni tayanch maktablari tashkil etilgan. O‘qituvchilar o‘z yo‘nalishida haftada bir marta, to‘rt soatdan malakasini oshirish imkoniga ega. Ularga oliy ta’lim tizimidagi va xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislar dars beradi. Shuningdek, mahoratli va davlat mukofoti sovrindorlari bo‘lgan maktab o‘qituvchilari bilan tajriba va mahorat almashishi mumkin.

    — O‘quv ishlab chiqarish xonalarini jihozlash va xomashyo bilan ta’minlash o‘quvchilarning o‘z kasbini mukammal egallashiga xizmat qiladi. Bu masala ham rejaga kiritilganmi?


    — 10-11-sinf o‘quvchilariga kasb o‘rgatish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha maktablarda tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarining 489 ta sinflari 20 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 18 yo‘nalishdagi zarur jihozlar bilan ta’minlanadi. Yoshlarning mukammal ta’lim olishda xomashyo bilan ta’minlash masalasi ham ­e’tiborimiz markazida turibdi. 10-11 sinfga qamrab olinadigan bir milliondan ortiq o‘quvchi hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi uchun rejali ishlar amalga oshirilmoqda.

    — O‘quvchilarning yoshi ulg‘ayib, soni ko‘payib borishi bilan ularning axloqi, tarbiyasi masalasiga ham alohida e’tibor qaratish zarurati tug‘iladi. Bu masala bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan?

    — Umumta’lim maktablarida Yoshlar ittifoqining yetakchilarini tayinlash va ular faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratganmiz. Ular bilan hamkorlikda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga erishish imkoni mavjud. Qolaversa, maktablardagi kutubxonalar zaxirasini yanada boyitish, ko‘proq badiiy asarlar bilan ta’minlashga kirishildi. Shu kunga qadar respublikamizdagi maktablar 56 nomdagi 2 milliondan ortiq nusxada badiiy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, sport va fan to‘garaklari faoliyati yanada kengaytiriladi.

    — Maktabning o‘quvchilarni kasbga tayyorlash va vaqtidan unumli foydalanishda kasb-hunar kollejlaridan qanday farqli jihatlari bor?

    — O‘quvchi kasbning murakkabligiga qarab, tezroq o‘zlashtirib olish imkoni bo‘lgan sohalarni, masalan, tikuvchilikni bir yilda o‘rganishi mumkin. Ikkinchi yili esa modellashtirish va dizaynerlik bo‘yicha o‘qishni davom ettirish yoki yana boshqa kasbni o‘zlashtirish imkoniga ega. Murakkab sohalarni esa ikki yil davomida batafsil o‘rganishi mumkin. Bitiruvchilarga o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat bilan birga, kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi. Diplomda ularning kasbiy faoliyati belgilab qo‘yiladi.

    — 10-11-sinfda ta’limning maktabda davom ettirilishi o‘z-o‘zidan o‘quvchilarning kiyinish madaniyati borasida ham turli savollarni yuzaga keltiradi. Yagona maktab formasini joriy qilish borasida yakuniy qaror qachon qabul qilinadi?


    — Maktab formalarini joriy etish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan edi. Boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari uchun 30 turdan ortiq forma taklif etildi. Hozirda har bir yoshga to‘rttadan forma ajratib olinib, Sirdaryo viloyati Sardoba tumani 4-maktab o‘quvchilarida uchta yosh toifasidagi 4 xil ko‘rinishdagi forma tajribadan o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida bu jarayon 91-maktabda yo‘lga qo‘yilgan.

    Formalar o‘quvchilarga bepul berildi. Ularning yuvilishi, chidamliligi sinovdan o‘tmoqda. Ota-onalar haftada bir marta maxsus daftarga o‘z mulohazalarini bildirib, fikrini yozib ketmoqda. O‘quv yili tugagandan keyin tajriba sinovidan o‘tgan forma keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
    Shahnoza RAHIMXO‘JAYeVA
    yozib oldi.

    Manba: od-press.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Maktab kollejdan afzal...mi?