O‘zbekiston parlament saylovlarining ikkinchi turida eng ko‘p nomzod “Milliy tiklanish”dan ishtirok etadi

  • 25 dekabr 2014, 14:51
  • 5 520
  • Jamiyat
  • O‘zbekiston parlament saylovlarining ikkinchi turida eng ko‘p nomzod “Milliy tiklanish”dan ishtirok etadi

    O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha 22ta saylov okrugida nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur ovozni to‘play olmadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’lum qildi.

    Shu munosabat bilan MSK mazkur okruglarda 2015 yil 4 yanvar kuni takroriy ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

    Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Qashqadaryo viloyatilarida va Toshkent shahrida 1tadan, Namangan, Toshkent viloyatlarida 2tadan, Farg‘ona viloyatida 3ta, Surxondaryo viloyatida 5ta saylov okrugida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

    Saylov qonunchiligiga binoan, takroriy ovoz berish 22ta saylov okrugining har birida asosiy saylovda saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan ikki nafar deputatlikka nomzod bo‘yicha o‘tkaziladi. Unga muvofiq, “Milliy tiklanish” partiyasidan 15 nafar, Xalq demokratik partiyasidan 11 nafar, O‘zLiDePdan – 9 nafar, “Adolat”dan 9 nafar nomzod bo‘yicha takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

    Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanadi. “MSKning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi va takroriy ovoz berishga tegishli qarorlari matbuotda e’lon qilinadi”, – dedi Svetlana Ortiqova.

    Manba: Kun.uz

    » » O‘zbekiston parlament saylovlarining ikkinchi turida eng ko‘p nomzod “Milliy tiklanish”dan ishtirok etadi