Bosh prokuratura Ukraina o‘zbek jurnalistini berishdan bosh tortganini izohladi

  • 9-11-2018, 05:01
  • 879
  • Jamiyat
  • Bosh prokuratura Ukraina o‘zbek jurnalistini berishdan bosh tortganini izohladi
    O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ukraina Bosh prokuraturasiga firibgarlik va poraxo‘rlikda ayblanayotgan jurnalist Narzullo Oxunjonovni berish to‘g‘risidagi so‘rovni yubordi, biroq rad javobini oldi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib.

    Rad etish to‘g‘risidagi qaror ayblanuvchi qochoq maqomiga ega ekanligi munosabati bilan qabul qilindi, deyiladi ukrain prokuraturasi qarorida. Uning nusxasini Amnesty International Ukraine direktori Oksana Pakalchuk Facebook sahifasida e’lon qildi.

    Nazrullo Abdullajonovich Oxunjonov (1966 y. t.) 2013 yili ishdan bo‘shatilgunga qadar sakkiz yil davomida Milliy teleradiokompaniyaning tahliliy, siyosiy-huquqiy studiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Xuddi shu yili uning mamlakatni tark etishiga, uning so‘zlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlari uni kuzatgani sabab bo‘lgan.

    O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani IIB tergov bo‘limi jurnalistga nisbatan jinoiy ish bo‘yicha tergov harakatlarini olib borgan. Mahkamaga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Narzullo Oxunjonov 2009 yilning iyul avgust oylarida U.N.dan Buxoro viloyati IIB YHXBdagi ishi bo‘yicha vujudga kelgan muammolarni ijobiy tomonga hal etib berish taklifi bilan 2000 dollar olgan.

    «Ayblanuvchi bu muddat davomida advokat T.K.dan jurnalistik faoliyat yo‘li bilan A.M. va R.K.ga nisbatan jinoiy ish yakunlarini ijobiy tomonga hal etishda ko‘maklashish taklifi bilan 2000 dollar olgan», — deya qayd etdi Bosh prokuror.

    2013 yil 30 oktyabr kuni Narzullo Oxunjonov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha aybdor sifatida jalb qilingan. Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat ko‘rinishidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ish jinoiy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga yuborilgan.

    Sudning 2014 yil 9 yanvardagi qarori bilan ayblanuvchiga qidiruv e’lon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlandi.

    2017 yil 20 sentyabr kuni jurnalist O‘zbekiston Bosh prokuraturasi uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun berilishi to‘g‘risidagi so‘rov yuborilgani munosabati bilan Ukraina huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushlandi.

    » » Bosh prokuratura Ukraina o‘zbek jurnalistini berishdan bosh tortganini izohladi