00:05 / 15.12.2018
3 573

Jurnalist qachon ichki senzuradan qutuladi?

Jurnalist qachon ichki senzuradan qutuladi?
Bugun, 14 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida OAV vakillari ishtirokida «Shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat – har qachongidan muhim» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda yagona mavzu – Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiya qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tadbirdagi nutqida ommaviy axborot vositalari jamiyatdagi muammolarni tanqid va chuqur tahlil qilishda oqsayotgani muhokama qilindi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev mavzu yuzasidan shunday dedi: «Afsuski, sohamizning ko‘pchilik vakillari ichki senzuradan qutula olmayapti. Axir Konstitutsiya ham, qonunlar ham jurnalistik faoliyatni himoya qiladiku?».

Davra suhbatida so‘zga chiqqan Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Olimjon O‘sarov tanqidga munosabat shakllanmagani, ko‘tarilgan tanqidiy chiqishlardagi muammolarning yechimini alohida nazorat qilish shartligini ta’kidladi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Saidabdulaziz Yusupov jurnalistlarni eng ko‘p qiynagan mavzuni ko‘tardi.

«Albatta, jamiyatga tanqid kerak. Lekin jamiyat ham xolis tanqidchini himoya qila bilishi shart. Masalan – aksariyat jurnalistlarning poytaxt propiskasi yo‘q. Xo‘sh, ular kimnidir tanqid qilsa, oddiy bir mahalla noziri «propiskang yo‘q» deb, bemalol jazoga tortish vakolatiga ega ekanligini nahot hech kim bilmasa? Shuncha tashkilotlarga bunday imkoniyat berilarkan, poytaxtda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarga ham propiska berish kerak deb o‘ylayman», degan u.

Yozuvchi, ustoz jurnalist Xurshid Do‘stmuhammadning so‘zlari ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi:

«Prezidentning jurnalistlarning faol emasligi mavzusida oldin ham ikki marta ogohlantirgandi. Bu uchinchisi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining qat’iyatidan kelib chiqib aytayapmanki, to‘rtinchisidan Xudo asrasin. Ko‘pchilik ichki senzura borligini bahona qiladi. Baraka topgur – ichki senzurang bo‘lsa bu sohada ishlama, o‘sha senzurang yo‘qolsa kelarsan bu lavozimga.
Yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Mustaqillik yillarida bizda nima ko‘paydi – oshxona ko‘paydi. Oshxona ortidan nima ko‘paydi – dorixona ko‘paydi. Endi uchinchi bosqich – diagnostika markazlari ko‘paymoqda. Hozir tibbiyotni xususiy sektorga o‘tkazishga urinilyapti. Lekin bu mutlaqo noto‘g‘ri! Chunki, xususiy tibbiyot birinchi navbatda cho‘ntakni o‘ylaydi. Davlat tibbiyot tizimining esa ahvoli og‘ir. Mana sizlarga o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan, chuqur tahlil qiladigan mavzu».

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jurnalist qachon ichki senzuradan qutuladi?