Sevara Tursunova: “Islom Abdugʻaniyevich birinchi boʻlgan. Birinchi boʻlish osonmas” (video)

  • 05 mart 2019, 22:30
  • 3 216
  • Jamiyat
  • Sevara Tursunova: “Islom Abdugʻaniyevich birinchi boʻlgan. Birinchi boʻlish osonmas” (video)
    Islom Karimov fondi telejurnalist Sevara Tursunovaning Oʻzbekistonning birinchi prezidenti haqidagi xotiralari hikoya qilingan videolavhani eʼlon qildi.

    “Islom Abdugʻaniyevich birinchi boʻlgan. Birinchi boʻlish osonmas. Bu sapyor mina maydonida oʻz hayotini xatarga qoʻyib yurgani bilan barobar. “Islom Abdugʻaniyevich bu maydonni tozalab, biz uchun gullagan bogʻ qoldirdi”, deydi Sevara Tursunova.

    Uning soʻzlariga koʻra, Islom Karimov samimiy, oʻz xalqini chin dildan sevgan inson boʻlgan.

    “Fargʻona viloyatiga safari chogʻida Islom Abdugʻaniyevich paxta dalasiga tashrif buyurdi. U kishiga hosil haqida, qilingan ishlar haqida soʻzlab berishar, Islom Abdugʻaniyevich esa uzoq-uzoqlarga, besh-olti nafar ayol mehnat qilayotgan tarafga boqqanicha oʻychan turardi. U viloyat rahbarining soʻzlariga eʼtibor qilmasdan, ayollar tomon yurdi va ularga qoʻl silkitib yoniga chorladi. Ayollar u kishi bilan koʻrishishdi, Islom aka ularning qoʻllariga qaradi va “Qoʻlingizga nima boʻldi?” dedi. U kishining koʻzlari namlangan edi. Men u kishiga buni koʻrish qanchalik ogʻir boʻlayotganini koʻrdim”, deb eslaydi telejurnalist.

    Sevara Tursunovaning eʼtiroficha, Islom Karimov xalq bilan muloqot qilishni judayam yoqtirgan. “U kishi har bir xorij safari oldidan viloyatlarga borib odamlar bilan uchrashardi.

    “Keyin esa samolyotda ketayotganimizda bizga “Xalq bilan suhbatlashish menga kuch beradi, minbarda turganimda koʻz oldimda xalqim, ularning qiyofasi turadi, men xalqim nomidan chiqayotganimni, ularni himoya qilishim, hamma narsani ular uchun qilishim kerakligini bilib turaman” der edi, deb xotirlaydi Tursunova.

    Sevara Tursunova koʻp yillar davomida prezident Islom Karimovning matbuot anjumanlari, tashriflari va rasmiy uchrashuvlarini mamlakatning kechki axborot dasturi uchun yoritgan. 2011-2015 yillarda Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibining oʻrinbosari vazifasida ishlagan.

    » » Sevara Tursunova: “Islom Abdugʻaniyevich birinchi boʻlgan. Birinchi boʻlish osonmas” (video)