07:28 / 06.03.2019
7 777

Karimovning sobiq maslahatchisi “karvonboshi atrofida birlashishga” chaqirdi

Karimovning sobiq maslahatchisi “karvonboshi atrofida birlashishga” chaqirdi
OʻzA Islom Karimovning sobiq ayonlaridan biri Mavlon Umurzoqovning (suratda ajratib koʻrsatilgan) maqolasini chop etibdi. Unda marhum prezidentning sobiq davlat maslahatchisi xalqni “karvonboshi atrofida birlashishga” chaqirgan.

“Ulugʻ safarga chiqqan karvon aʼzolari – har birimiz sadoqat, eʼtiqod, samimiyat, halollik kabi tuygʻularni qalbimizda chuqur his etib karvonboshi atrofida birlashmogʻimiz, yangi yutuqlarni quchish uchun shaxdam qadamlar bilan olgʻa yurmogʻimiz kerak”, – deb hisoblaydi Mavlon Umurzoqov.

“Zulmat ichra edik, partiya bizni yorugʻlikka chiqardi” janrida yozilgan maqolani Umurzoqov Rossiya OAVni “tirnoqdan kir qidirib hanuzgacha yurtimizga tosh otayotganlikda” ayblashdan boshlaydi. Soʻngra muallif “oʻgʻirlikka oʻzlarini baxshida etgan sobiq bosh prokuror R.Qodirov va uning gumashtalari”, qishloqdagi muammolar haqida gapirib turib, oʻzi ham yaqin tariximizga tosh otib qoʻyadi. Muallif maqolani “imonli yurtboshisi atrofida chambarchas bogʻlangan holda koʻtarinki ruh bilan bor kuch, gʻayratlarini safarbar etayotgan” xalqni olgʻa yurishga chorlaydi.

Maqola nimasi bilan muhim: aslida, muhim emas. Shunchaki, qiziqarli. SSSR vaqtida “Pravda” gazetasida “peredovitsa”lar (bosh maqolalar) qanday yozilganini koʻrishni istasangiz va boʻsh vaqtingiz boʻlsa, koʻz yugurtirib chiqishga arziydi.

Davlat maslahatchisi boʻlgan Mavlon Umurzoqov 1994 yilda Islom Karimovning eʼtiboridan qolib, qator jinoyatlar, xususan, katta miqdorda poraxoʻrlik va mansabni suiisteʼmol qilishda aybdor deb topilgan va 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U qamoqda 2,5 yil oʻtirib, ozodlikka chiqqan edi.

Mavlon Umurzoqovning qamalishi ortidan uning rafiqasi, Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva mamlakat Xotin-qizlar qoʻmitasi raisligidan va boshqa lavozimlardan boʻshatilgan edi. Er-xotinga davlat ishlarida ishlashlariga ruxsat berilmagan.

2017 yilda Oʻzbekiston Oliy sudi Mavlon Umurzoqovni toʻla-toʻkis oqladi. Sud Umurzoqovga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplash haqida qaror ham chiqargan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karimovning sobiq maslahatchisi “karvonboshi atrofida birlashishga” chaqirdi