21:52 / 07.04.2019
2 857

Kanbojja fan mafiyasi – 1 (satirik hayotiy hikoya)

Kanbojja fan mafiyasi – 1 (satirik hayotiy hikoya)
Temir panjara o‘rnatilgan darchadan tushgan quyosh nuri ikki kishilik tor kamerani oz bo‘lsa-da yoritib turardi. Beton polga tushgan soyaga termilib o‘tirgan yigitning xayolini taraqlab ochilgan temir eshik ovozi buzdi. Qamoqxona nazoratchisi kameraga yoshi ellik bilan oltmishning o‘rtasida bo‘lgan bir kishini olib kirdi. Yigit bu yangi xonadoshiga ilk bora qararkan, tanasida qandaydir sovuqlik sezdi. Xonadoshining yuzi tund, nigohlari so‘lg‘in, kipriklarini tez-tez yumishidan uning birmuncha asabiy holatda ekanligini anglash qiyin emasdi. Yangi mehmon ikki kun sukut saqladi, hatto zarurat yuzasidan bo‘lsa-da gapirmadi, imo-ishora bilan maqsadini tushuntirib qo‘yaqolardi. Yigit bir muddatga u soqov bo‘lsa kerak, deb ham o‘ylab qoldi.

Uchinchi kuni kutilmaganda mehmonning o‘zi birinchi bo‘lib gap boshlab qoldi:
- Xafa bo‘lmaysan uka, tanimagan, bilmagan odam bilan birdan chiqishib ketmayman. Endi buyog‘iga ancha vaqt birga o‘tiramiz chog‘i. Senga qancha yil berishgan, qaysi statya bilan kesishdi?
- Xayriyatey! Sizni soqov bo‘lsa kerak, deb o‘ylashni boshlovdim. Menga 7 yil berishdi, bir arbobni xumordan chiqquncha do‘pposlaganim uchun.
- Iya, ja apasni bolayakansanu. Ehtiyot bo‘lib gaplashaman shekilli, sen bilan. Mayli chiqishib ketamiz, har holda meni bu yerda do‘pposlamasang kerak.
Shu taxlitda gaplari qovushib ketgan bu ikki mahbusning o‘zaro suhbatlari juda qiziq, muhimi hayotiy turkum hikoyalarga asos bo‘ladigan syujetlarga boy bo‘ldi.

Birinchi hikoya: “Fan”ga kirish
Bilasanmi, men o‘ziga to‘q oilaning farzandi bo‘lganman. Onam bog‘cha mudiri, otam prokuror edi. Universitetga opkirib qo‘yishgan, amallab bitirvolsa prokuror qilaman, deb o‘ylagandi otam. Lekin universitetda domlalarning topishi ham yomonmasakan. O‘zim juda tupoy bo‘lmaganman, har holda biror narsani yodlab olsam, uncha-munchasiga gap bermasdim. Xullas, diplom ishini el qatori yozib berishdi. Lekin himoyada shunaqa sayrabmanki, diplom rahbarim himoyadan keyin chaqirib alohida suhbat qildi. Universitetda qolishim, ilmiy ish yoqlab unga shogird bo‘lib yurishimni taklif qildi. Boshida assistent bo‘lib ishlab yurdim. Dars berish menga semichka chaqishdek gap bo‘lib qoldi. Juda gapim tugab qolsa, bir bahona topib talabalarga javob bervoraman. Birov bir narsa deyolmaydi, ustozning fakultetda gapi gap.

Qolaversa, fakultetdagi aksariyat amaldagilar, hatto universitetdagilar ham domlaning “mahsuloti” edi. Qitay tilini yaxshi bilishim ustozga juda ma’qul keldi, tez orada uning o‘ng qo‘liga aylandim. Endi darsam o‘tmayman. Ishim domla bergan qitay tilidagi diplom ishlarni kanbojja tiliga o‘girish. Bora-bora tajribam ortib, ilmiy ishlarniyam tarjimasiga usta bo‘lib ketdim. Ustoz o‘zimgayam bitta yaxshi dissertatsiyani atab qo‘yibdi. Tarjimani tugatib, dissertatsiyaning har bir bobidan ustoz ko‘rsatmasiga asosan ilmiy maqola tayyorlayman. Ustoz bunday maqolalarni o‘zining gapi o‘tadigan jurnallarda kerakli odamlarning nomidan chiqarvoradi. Menga ham shu usuldan foydalandi.

4 yil deganda birinchi ilmiy darajani olvoldim. Buyog‘iga endi salkam as bo‘lib qolgandim. Ustoz mavzuni beradi, men esa qitay tilidagi tayyor dissertatsiyalarni topaman. Bazamiz ancha kengayib qoldi. Diplom ishlaridan keladigan choychaqalarni o‘zimga o‘xshagan 2 ta shogirdga ajratganman, dissertatsiyalarga hali ular yoshlik qiladi. Xullas, yillar o‘tgani sayin ilm sohasida, to‘g‘rirog‘i tarjima sohasida ancha yetuklikka erishdim. Ustozim endi ikkinchi ilmiy darajani olishga tayyorligimni aytganda, kelajakdagi imkoniyatlarni tasavvurimga keltirib bir g‘aroyib hayajonga tushganim haliyam esimda.

Diplom ishlarida ish oson, talaba bir qismni yodlab olib 5 minut gapirishga yarasa bo‘ldi, himoyada bari o‘zimiznikilar o‘tiradi. Lekin ilmiy daraja olish uchun yoziladigan dissertatsiya ishi sal murakkabroq, shunga yarasha stavkasiyam ancha. Boshida 5 ming ko‘kiga yozardim. Vaqt o‘tib ilmiy daraja olish talablari ortgan sari bizning stavkayam ortib bordi. Pulni lekin oldindan olamiz. Maqolalar chiqib bo‘lgunicha muddat o‘tishi kerak. O‘rtacha muddatni 3 yil deb olamiz. BAK degan tashkilot bor, ilmiy darajalarni nazorat qiladi, “Bosh attestatsiya komiteti” deyiladi. Bekorga otini bak qo‘yishmagan: ichini to‘ldirib quymasang – moshinang yurmaydi. O‘sha yerda odaming bo‘lishi juda muhim shart.

Ularning diplom berishidamas gap. Asosiy gap ular dissertatsiyani dastlab ko‘chirmakashlikka tekshiradigan bo‘limi, keyin anonim taqrizchilarga jo‘natish vakolati borligida. Bildingki, ko‘chirmakashlikka yaxshilab tekshirsa, qitay tilidagi manbani topib olishadi. Demak, ular bilan kelishishing kerak. Tavakkal qilib bo‘lmaydi. Anonim taqrizchilarni ham o‘zingga kerakli odamlarga jo‘natishlarini ta’minlash uchunam kelishasan. Xullas, olgan 5 ming ko‘kini mingdan ortiqrog‘i o‘sha chiqimlarga ketardi. To‘g‘ri, boshida bu pul katta emasga o‘xshab ko‘rindi, lekin birdaniga 5-6 ta, kezi kelganda 10talab ishlarni birdaniga boshlaganim uchun yaxshigina pul yig‘volardim. Bu ishlar har doim ham silliq ketmasdi, vaqti-vaqti bilan tizimda islohot qilamiz deb qolishardi. Shunda paytavamizga qurt tushardi.

Uyqung kepqopti-ku, mayli davomini ertaga aytaman.
Kanbojja tilidan tarjimon Qandi Dod o‘girdi
(davomi bor)

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kanbojja fan mafiyasi – 1 (satirik hayotiy hikoya)