22:50 / 10.04.2019
3 603

Energetik ichimliklar savdosi va reklamasi tartibga solinadi

Energetik ichimliklar savdosi va reklamasi tartibga solinadi
XXI asr insoniyatga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Pirovardida turli ixtiroyu kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin yangiliklarning foydasi bilan birga, zararli tomonlari ham yo‘q emas. Oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash sohasidagi izlanishlar samarasi o‘laroq kashf etilgan, kishiga energetik quvvat beruvchi ichimliklar misolida buni ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, energetik ichimlik dastlab 1960 yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Tarkibida suv, shakar, kofein, taurin va vitaminlar mavjud bo‘lgan ushbu mahsulotlar keyinchalik Yevropa va AQShga kirib borgan. Hozirgi kunda esa energetik ichimlik tarkibiga turli kimyoviy moddalar qo‘shilib, yangi-yangi turlari paydo bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda bunday mahsulotlar yurtimiz bozorlariga ham shiddat bilan kirib keldi. Ular inson salomatligi uchun qanday ta’sir etadi? Foydasi ko‘proqmi yoki zarari? Agar zarari ko‘p bo‘lsa, ularni sotish yoki reklama qilish huquqiy jihatdan nechog‘li tartibga solingan?

Shu maqsadda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan yurtimizda energetik ichimliklar realizatsiya qilinishi ahvoli va bu boradagi milliy qonunchilik o‘rganildi. Xususan, partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari tomonidan poytaxtimiz va viloyatlardagi yirik savdo markazlarida hamda ta’lim muassasalarida ana shunday mahsulotlarni iste’mol qilish holatlari atroflicha tadqiq qilindi. Partiyaning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi a’zolari bu boradagi milliy va xorijiy qonunchilik talablarini tahlil etishdi.

Bunday ichimliklarni ko‘proq yoshlarimiz is­te’mol qilayotgani, eng achinarlisi, ular orasida maktab o‘quvchilari soni ortib borayotgani aniqlandi. Natijalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, quvvat beruvchi ichimliklarni tatib ko‘rgan o‘quvchilar 60 foiz, uni “shunchaki qiziqish uchun” iste’mol qilganlar 35 foizni tashkil etadi. Milliy qonunchiligimizda energetik ichimliklar umumiy gazlangan ichimliklar toifasiga kiritilgan, voyaga yetmagan shaxslarga salbiy ta’siri aniqlangan bo‘lsa-da, ular realizatsiya qilinishi yuzasidan hech qanday cheklov yo‘q. Zero, ko‘plab rivojlangan davlatlarda energetik ichimliklarning ­voyaga yetmagan shaxslarga sotilishi yuzasidan turli taqiqlar mavjud.

Ana shulardan kelib chiqib, fraksiyamiz a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadigan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilgan hamda tegishli tartibda qabul qilingan edi. Joriy yil 9 yanvarda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexa­nizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘z­gartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy mazmuni energetik ichimliklarga ta’rif berish va bunday ichimliklarning voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan realizatsiyasini taqiqlash, reklama qilinishini tartibga solish hamda qonun talablari ijro etilmagani uchun javobgarlikni belgilashdan iboratdir.

Qonun bilan “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2-moddasidagi asosiy tushunchalarda energetik ichimlikka ta’rif berildi. Uning 14-moddasiga o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklarni realizatsiya qilish taqiqlanishi xususidagi me’yor ki­ritildi. Mazkur talabni bajarmaganlik uchun esa fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish bilan bog‘liq me’yor O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritildi.

Energetik ichimliklarni reklama qilishda ham cheklovlar o‘rnatildi. Jumladan, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun 221-modda bilan to‘ldirilib, bunday ichimliklar reklamasida ularni haddan ziyod iste’mol qilishning zararlari to‘g‘risidagi ogohlantirish, shuningdek, iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot bo‘lishi kerakligi belgilandi.

Qonunga ko‘ra, soat 7.00 dan 22.00 ga qadar energetik ichimliklarni televideniye va radio orqali reklama qilish, reklama maqsadida bunday ichimliklarni o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida tekin tar­qatish, shuningdek, ularning nomi, tovar belgisi yoki tasviridan foydalanib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish taqiqla­nadi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida energetik ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoki tasviri tushirilgan tovarlarni tarqatish, jumladan, sotish, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek, tibbiyot, sport hamda ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umuman, mazkur Qonun yoshlarimizni barkamol tarbiya­lashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Shuhrat TO‘XTABOYeV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Energetik ichimliklar savdosi va reklamasi tartibga solinadi