22:00 / 06.05.2019
4 160

Ozodbek Nazarbekov: «Millat g‘ururiga daxl qilmang!»

Ozodbek Nazarbekov: «Millat g‘ururiga daxl qilmang!»
Foto: «Xs.uz»
Madaniyat vazirligi birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov rus tiliga rasmiy maqom berishni talab qilib chiqqan bir guruh «o‘zbek ziyolilari» haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

«Shu kunlarda shuurimni qamrab olgan og‘riqli bir o‘y menga tinchlik bermay qo‘ydi. Mulohazalarimni izhor etish istagiga turtki bo‘lgan voqea — ayrim «o‘zbek ziyoli»larining rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqishi bo‘ldi. Tilimiz 1989-yil, mustaqillikdan ikki yil muqaddam hurlik darajasiga erishdi. Bu oson kechmagan buyuk burilish edi. Oradan o‘ttiz yil o‘tib, kutilmaganda davlat tiliga sherik sifatida boshqa bir tilni rasmiy til darajasiga qaytarish taklifi meni nihoyatda hayron qoldirdi. Balki bu ijtimoiy tarmoqlarda uchrovchi safsatadir, ig‘vo tarqatishni istaganlarning yana bir uydirmasidir ham, deb o‘yladim. Afsuski, rost xabar ekan.

O‘ylanib qoldim, biz yillar davomida tilimizga loqayd bo‘lib keldikmi? Ona tilimiz uchun yetarlicha jon kuydirmadikmi? Tilimiz istiqlolimiz garovi ekanini bot-bot ta’kidlamadikmi? Balki kimlargadir uni egasizdek ko‘rsatib qo‘yganimiz uchun hech ikkilanmasdan boshqa bir tilning unga sherik bo‘lishini taklif etishayotgandir? Axir davlatimiz istiqlolga erishgach, tilimizga e’tibor kuchaydi. O‘zbek tilini yurtimizda nafaqat davlat tili va rasmiy til sifatida, balki fan tili darajasiga ko‘tarish uchun qancha mehnat, qancha ijod, qancha vaqt kerakligi hech birimizga sir emas. Bugungi kunda orzuimiz ham, maqsadimiz ham — shu.

To‘g‘ri, jamiyatimizda fikr va so‘z erkinligi mavjud, ammo «rasmiy til» haqidagi taklif xalqimizning nozik hislari, qudratli milliy g‘ururiga tegishini chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerak edi. Mamlakatimizda hech bir millat kamsitilmaydi yoki o‘z tilida so‘zlashishiga monelik qilinmaydi. Aksincha, boshqa millatlarning tili o‘rganiladi, kuy-qo‘shiqlari tinglanadi, adabiyoti o‘qiladi, filmlari tomosha qilinadi, milliy madaniyat markazlariga e’tibor qaratiladi. Zero, tilni ona kabi sevish kerakligini xalqimiz juda yaxshi tushunadi.

Tilini qadrlagan, boshqa tillardan hech kami yo‘qligini isbotlagan Navoiy bobomiz olti asrdirki, bejiz ulug‘lanmaydi. Vaholanki, Navoiy yashagan davrda tilimiz hozirgidek yuksak maqomda emasdi. Mir Alisher Navoiydek shoir va amir, so‘fiy va donishmandning sa’y-harakatlari mangulikka tatiydigan buyuk xizmatga aylanganini nahotki ko‘rmayapmiz? «Arab tili — ilm-fan uchun, fors tili — ijod uchun, turkiy (o‘zbek) tili — ko‘chadagi muomala yoki harbiy qo‘shin tili» degan tushunchalarga barham berilganiga necha asrlar o‘tibdiki, yana shunga o‘xshash muammoga duch kelingani odamni og‘ir o‘yga toldiradi. Shu o‘rinda yaqin tarixdagi jadidlar jasoratini eslab o‘taylik.

O‘sha qaltis davrlarda ona tili va milliy madaniyat uchun ular hal qiluvchi ahamiyatga molik qahramonliklar ko‘rsatishib, bugungi tilimiz va madaniyatimiz rivojiga hissa qo‘shishdi. Agar ular ham hozirgi ayrim «ziyolilar» kabi ish tutishganida, qanchalar katta zarar ko‘rgan bo‘lishimizni tasavvur etishning o‘zi dahshat. O‘sha davrning asorati sifatida yaqin-yaqin yillarda ham odamlarning tilimizni buzib gapirishi sezilib turardi, «Oblastga borib, predsedatelga zvonok qildim, u studentlarning obshejitida ekan», deb chala tilda gapiruvchilar har qadamda uchrardi.

Darhaqiqat...

Milliy g‘ururi bor odamdan hech qachon bunday taklif chiqmasligini o‘ylab yurak-bag‘ri kuyadi kishining. Pasportidagina o‘zbek bo‘lib qolgan va hamon ruhan mustaqil bo‘la olmayotgan, real hayotda esa begona tilda so‘zlashuvchi kishilarning maqsadi, ehtimol, o‘zlari uchun qulay tilni rasmiy til darajasiga olib chiqish, o‘zlari kabi tilini unutgan avlodlarni voyaga yetkazish bo‘lsa bordir, ammo Temuriylar, Navoiylar, Boburiylar avlodlari uchun bu haqorat ekanligini yoddan chiqarmaylik. «Rus tili bizga begona emas» deyishdi. Nafaqat rus tili, fors tili ham, dinimiz tili bo‘lmish arab tili ham begona emas! Millionlab odamlarimizning ismlari aslida arabcha yoki forscha.

Balki rus tildagi manbalarning ko‘pligi, bu tilni bilish ko‘plab boshqa xalqlar bilan muloqot qilishga vosita ekani, sobiq sho‘rolar davrida — yetmish yil bir mamlakat bo‘lib, bitta davlat tilida ish yuritilgani shunday taklifga doyalik qilgandir? Ammo bugun har bir davlat o‘zi mustaqil maqomga ega va ish yuritishda ham o‘z tilidan foydalanadi. Aslida sobiq ittifoq davrida ham ayrim respublikalarda o‘zga bir til emas, o‘z ona tilining maqomi ustun qo‘yilgani bugun hech kimga sir emas. Ehtimol, sobiq tuzum davrida rus tilini bilish ko‘plab manbalarga yo‘l ochgandir, u davrlarda internet bo‘lmagani uchun kutubxonadagi kitoblar asosan rus tilida bo‘lgandir, hozir-chi?

Butun dunyodagi istalgan manbani uyda o‘tirgan holda o‘qishning imkoni bor. Balki yetmish yil tugul, undan ancha ko‘p muddatdagi arab hukmronligi davridan so‘ng ham xalqimiz o‘z tiliga ko‘proq e’tibor bergani, fors, arab tillariga ham hurmat saqlab qolganini eslash kerakdir? Biz islomni abadiy sevamiz, chunki, alhamdulillah, musulmonmiz, ammo arab xalifaliklarining necha yuz yillik hukmronligidan so‘ng ham o‘z tilimizni millatimiz tili deya saqlay oldik-ku!

Yangilanayotgan O‘zbekiston davrida xoh davlat tili shaklida, xoh rasmiy til shaklida o‘zga bir tilga mamlakatning asosiy aholisi so‘zlashadigan til bilan baravar maqom (aslida ustunlik!) berishni taklif etish qaltis qadamdir. Ya’ni bu taklif tilimiz taraqqiyotiga aksincha ta’sir o‘tkazishi turgan gap. Bunda har bir davlatning, xalqning mavjud shart-sharoit va ijtimoiy-psixologik holatidan kelib chiqib, qaror qabul qilish to‘g‘riroq bo‘ladi nazarimizda. Dunyoning ikkita davlat tili, bir nechta rasmiy tillari mavjud mamlakatlariga qolip asosida ko‘r-ko‘rona yondashishning o‘zi noto‘g‘ri. O‘z tilini mensimaslik, boshqalarning tilini ustun deb hisoblash, mashaqqat bilan erishilgan davlat tili maqomiga rahna solish, bu – milliy g‘ururi sustlashgan insonlarga xos bo‘lgan illat emasmi?

Yaqinda Termizda o‘tkazilgan I Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, o‘tgan yili o‘tkazilgan maqom festivali, «Boysun bahori», bulardan tashqari tilshunos va adabiyotshunoslarning qanchadan-qancha dasturlari, tadbirlari aslida ona tilimiz va milliy madaniyatimiz ravnaqi yo‘lida tashkil etilgan emasmidi? Umuman olganda, til va milliy madaniyatni bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘ladimi? Achinarlisi, O‘zbekistonda rus tili rasmiy til bo‘lishi kerak, deyilgan taklifga aynan madaniyat arboblari ham imzo chekkani...

So‘zim oxirida shuni aytmoqchimanki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xuddi davlat ramzlari kabi o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan. Bu bizga berilgan ulug‘ ne’matdir. Uni endi hech kim o‘zgartirolmaydi, bunga haqli ham emas!».

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ozodbek Nazarbekov: «Millat g‘ururiga daxl qilmang!»